MАRVАRIDLАR YOG‘DUSI

Durdek yiltillab, daraxtdek shovullab, vaqtdek ildamlab oqayotgan daryoga boqib, beixtiyor o‘yga tolaman: daryo tubida marvaridlar shunchalik ko‘pmikin, oynadek yarqirab oqayotir u. Chashmadek tiniq suv ostidan ivigan talqondek ko‘rinayotgan son-sanoqsiz qumlar fikrimni anglagandek, unday emas, deyayotgandek chayqalib qo‘yadi. Ha, ular haq. Marvaridlarni bu qum zarralari orasidan topmoq oson yumush emas. Аmmo chiroqlar kurrai zaminga o‘z ko‘lankasini tashlayotgan tunni shunchalik yoritganidek, daryo tubidagi siyrakkina marvaridlar butun boshli suvni kumushdek jilolantirayotganmikan?!

Shoir Mansur Jumayevning she`rlarini o‘qib, o‘sha kamyob, biroq la`ldek chiroyli tashbehlarni ko‘rdim.

Shoirning “Sujud” she`ridagi mana bu bandga boqing:

Tuproq, mening onamsan,

Titroq, mening onamsan.

Vatan, mening onamdan

Ko‘proq mening onamsan.

Shu lahzada “Shoir Vatanni onadan ortiq sevarkan?!” degan fikr lop etib xayolni egallaydi. So‘ng yana zum o‘tmay, oh, mana, vatanni qanday sevish kerak, mana, chinakam shoir qanday bo‘lishi kerak, degan iqrorlarga ishontiradi. Аslidayam, shoirning she‘r yozishdan maqsadi insoniyatga ota-onani, Vatanni, ollohni sevdirish bo‘lishi kerak.

Shoirning “O‘zbekiston” she‘riga e`tiboringizni qaratamiz.

Bu sokin diyorda kezarkan tamkin,

Ilohiy mujdalar keltirar moziy.

Bunda farishtaday tug‘ilmoq mumkin,

Va tangrini sevib yashamoq lozim!

O‘tgan daholarimizning “Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrlidir” deb aytgan o‘gitlari shoirning tomir-tomirlarida qondek ko‘pirib, turkim, Turkistonim deb o‘tmishga nazar solib yozgan “Tosh haqida ertak” nomli she‘ri nafaqat diydasi yumshoqni, kerak bo‘lsa, sangdillarni ham chuqur o‘yga toldirib, ko‘zlarini-da yoshlaydi:

Ey bo‘g‘zimni yoqqan achchiq bo‘z,

Ey sen ruhi ravonim ko‘rki —

Gulxanlarda yongan turkiy so‘z,

Gulxanlarda yonmagan turkiy!..

Bu she‘rda turli davrlarda o‘z misini o‘zganing oltinidan ustun qo‘yuvchi ustomon “miskar”lari qoldirgan og‘riq ham, zamonlar va tuzumlar olovi yondirolmagan xalq dahosiga bo‘lgan ishonch va ehtirom ham bor. Shoirning she‘r o‘rtasida o‘z-o‘zidan ranjishi, o‘zini malomat qilishi, azoblashi, aksariyat farzandlar ulg‘aygach ota uyidan ko‘chib ketganidek, ona Turkiston bolalarining buzilgan karvondek tarqab-tarqab ketishida o‘zini aybdor his etib, vijdoni oldida javob berayotganiga dalolat qilsa, she‘r so‘ngidagi “Qaytajakman qoshingga, ona, Yoshlarimni to‘kkayman taxir, Onamdirsan axir yagona, Yakka-yolg‘iz otamsan axir” deyishi kun kelib uzilgan shoda marjonlaridek sochilib ketgan bolalarning yana qaytib bir ipga tizilishlariga umidvorlikka ishora qiladi.

Bunday olovqalb shoirni bugungi she‘riyat daryosining haqiqiy duru javohiri, desam, yanglishmagan bo‘laman. Аgar shoirning bisotini kavlashtiraveradigan bo‘lsam, rosti, bunga ko‘p kuch, ko‘p vaqt va ko‘p mehnat sarflashim kerak bo‘ladi. Ruchkamning siyohi tugasa tugaydiki, ammo shoirning gavhar misralari, topilmalari tugamaydi.

Shundoq ekan, mening bir muxlis sifatida bitganlarimga shu yerda nuqta qo‘yib, qolganini adabiyot, she`riyat tadqiqotchilariga qoldirsak. O‘zim uchun tahlildan ko‘ra, uning ijodini o‘qish va uqishga harakat qilishim foydali ekanini angladim.

                                     Halim MАLIK,

                                             ijodkor