Ma`naviyat festivali

Mustaqillik elimizning qalb kechinmalari, ezgu-umidlarining ifodasi sifatida keng quloch yoygan ezgu amal. Yurtdoshlarimiz har dam, har jabhada vatanimiz hurligini rivojlantirishga astoydil intilmoqda. Ular Mustaqillik bayramini xursandchilik bilan kutib olishga odatlanishgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ma`naviyat va ma`rifat markazi, “Ma`rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi homkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” deb nomlangan Ma`naviyat festivalini o‘tkazdi. Shu munosabat bilan resrublikamizda taniqli adabiyot va san`at namoyandalari, olimlar Surxon vohasiga keldi. Ular aholi orasida, yoshlar davrasida targ`ibot-tashviqot tadbirlari, ma`naviyat festivali, kino festivallarini amalga oshirildi. Qumqo‘rg‘on nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Muruvvat” internat uyida o‘tkazilgan Ma`naviyat festivali qizg‘in tayyorgarlik va xursandchilik bilan amalga oshdi. Namunali ko‘rgazmali vositalar, gullar, sharlar, xalq amaliy san`ati namunalari davraga chiroy bag‘ishlab, vatanimiz mustaqilligidan shukronalik kayfiyatini ifodaladi.

Qumqo‘rg‘on tuman Ma`naviyat va ma`rifat bo‘linmasi rahbari Shohruhmirzo Mamadiyev yurtimiz ardog‘idagi adabiyot, san`at namoyandalari, olimlar ishtirokidagi Ma`naviyat festivalini kirish so‘zi bilan boshladi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Eshqobil Shukur sermazmun mulohazalarini, o‘zi ijod qilgan she`rini aytdi. Xalqimiz vakillari shoirga cheksiz hurmati va ehtiromini dildan chiqqan gaplarida, olqishlarida bayon etishdi. Termiz davlat universiteti katta o‘qituvchisi Shoira Davlatova jo‘shqin tabriklari va yon daftaridagi bitiklari – she`rini aytib festival ishtirokchilariga yaxshi kayfiyat bag‘ishladi. “Bobotog‘ gullari” folklor-etnografik xalq jamoasining milliy liboslardagi kuy-qo‘shiqlari, raqslari, shu internat uyi tarbiyalanuvchisi Husanjon Murodbekov aytgan Vatan haqidagi qo‘shiq barchani xursand qildi. Elimiz ardog‘idagi shoir Eshqobil Shukur Qumqo‘rg‘on nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Muruvvat” internat uyi direktori Zulfiya Dagarovaga kutubxonaga atab kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi. Yurtdoshlarimiz Mustaqillik bayramini ko‘tarinki kayfiyatda kutib oldi.

         N. MUHAMMADIYEV