Mustaqillik bayrami shodiyonasi

Eng ulug‘, eng aziz bayram O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligini keng nishonlayapmiz. O‘zingizga yaxshi ma`lum, 1991 yil 31 avgustda jonajon yurtimizda davlatimiz mustaqilligi e`lon qilindi va 1 sentyabrda Mustaqillik bayramini nishonlash belgilandi. Shu qutlug‘ kundan buyon O‘zbekistonda davlatchilik ishlarini rivojlantirish, mamlakatni yangi ijtimoiy-siyosiy, ma`naviy-ma`rifiy g‘oyalar asosida boshqarish bo‘yicha katta ko‘lamdagi ishlar amalga oshirildi. Mamlakatdagi barcha ishlarni o‘zimiz boshqarishimiz, sohalarni rivojlantirishimiz, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish jabhalarida natijadorlikka erishib, aholining farovon yashashini ta`minlashimiz uchun shu yo‘ldan og‘ishmay, bilimimiz va kuchimizni sarfladik. O‘tgan 32 yillik shonli yo‘lda quvonarli yutuqlarni qo‘lga kiritdik. Mahsulotlar ishlab chiqarish miqdori va sifatini oshirdik. Bunyodkorlik ishlari natijasida yangi binolar qurildi. Mavjudini ta`mirlash natijasida ma`muriy binolar yangicha chiroy va qiyofada ko‘zlarni quvontirmoqda. Nainki ish bo‘lgan bo‘lsa unda shu qo‘ligul, mehribon, yurt rivojini o‘ylab ishlagan aholimizning hissasi katta. Ular bilan hamjihat ishlab yutuqlarga erishganimizdan mamnunmiz.

Tumanimizdagi “ Alpomish” sport majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida bayram tantanasi o‘tkazildi. Tuman hokimligi, tuman madaniyat bo‘limi, tashkilotlar, korxonalar, muassasalar bilan birgalikda qizg‘in tayyorgarlik ishlarini amalga oshirdi. Tuman hokimi Anvar Normamatov Mustaqillik bayrami tantanasida nutq so‘zlab tumanda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlar haqida to‘lqinlanib gapirdi. Barchani qutlug‘ bayram bilan qizg‘in tabrikladi.

Yashil maydon uzra go‘zal manzara namoyon etgan bayram bezaklari barchaga zavq, yurt tinchligi va Mustaqillik nashidasidan shukronalik bag‘ishladi. Tumandagi bayram tadbirlarini o‘tkazishda katta tajribaga ega boshlovchilar A. To‘xtayev, N. Sohibovaning jarangdor ovozi orziqib kutilgan bayram dasturiga fayz kiritdi. Tuman Bolalar-o‘smirlar sport maktabining murabbiylari rahbarligidagi yosh sportchilar rang-barang kiyimlarda sport turlarining usullarini namoyish qildi. Tumanda faoliyat yuritayotgan madaniyat markazlari, folklor etnografik jamoalar, 11 va 20-bolalar musiqa va san`at maktablarida mehnat qilayotgan ustozlar ishtirokida katta konsert dasturi manzur etildi. Musiqa sadolari yangrab tumanda yaxshi tanilgan san`atkorlar qo‘shiqlar ijro etdi. Chiroyli milliy liboslardagi raqqosalarning turli raqslari, ot o‘yini tomoshabinlarni mamnun qildi.

Tumanimiz ahliga doimo shodlik olib keluvchi Mustaqillik bayrami bilan tabriklash, eng sara qo‘shiqlarini kuylab xursand etish uchun respublikamizda taniqli san`ankorlar ham keldi.  O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Mahmud Nomozov, “Nihol” mukofoti sovrindori Jasur Mavlonov, estradaning yorqin yulduzi, xonanda Sevinch Ismoilova navbatma-navbat qo‘shiqlar aytib, barchaga yaxshi kayfiyat ulashdi. Jonajon va qadrdon Qumqo‘rg‘onda davlatimiz mustaqilligining 32 yillik bayrami ko‘tarinki kayfiyatda kutib olinmoqda.

     N. MUHAMMADIYEV