So‘kinishlik – tarbiyasizlik  alomati

Har bir insonning o‘z sha`ni, obro‘-e’tibori bor. Har bir o‘zini hurmat qilgan kishi boshqa birovning ham hurmatini bilishi lozim. Afzal kishi shundayki, uning tili va qo‘lidan boshqa mo‘min-musulmonlar ozor ko‘rmaydi. Bu haqida: Abdulloh ibn Amr (r.a.) dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar (s.a.v.) shunday dedilar: “Musulmon-qo‘li va tili bilan boshqa musulmonlarga ozor bermagan odamdir, muhojir – Alloh taolo ta’qiqlagan narsalardan o‘zini tiya bilgan odamdir!” – dedilar”.

Ba’zan esa bo‘lar-bo‘lmasga so‘kadigan odamlarga duch kelamiz. So‘kinish insonning tarbiyasizligidan, badhulq inson ekanligidan darak beradi.  Islom dinida birovni so‘kish qoralanadi. Islom shariatida so‘kinish harom bo‘lgan amaldir.

Abdulloh ibn Mas’uddan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Musulmon kishini so‘kish fosiqlikdir, u bilan urushish esa kufrdir”,  deganlar” (Imom Buhoriy, Imom Termiziy, Imom Nasaiy rivoyati). Islom dinida gunoh ishlarni qiladigan kishini fosiq deyiladi. Fosiq kishi gunoh ishlariga pushaymon  bo‘lib, tavba qilishi lozimdir.

Bir kishi Holid ibn Volid roziyallohu anhuni asossiz so‘ka boshladi. Shunda Holid ibn Volid unga qarab: «Sahifa seniki uni hohlagan narsang bilan to‘ldiraver» , -dedilar. 

Alloh taolo barchamizga husnu-hulq nasib etsin. Ezgu ishlarni qilishda qadmimizni sobitqadam aylasin. Tilimizdan faqat yaxshi so‘zlar chiqishni nasib aylasin.

                                       Baxtiyorxon Abduzoirov,

             «Abu Bakr Siddiq» jome masjidi imom xatibi