Hukumat qarori (376–son, 14. 08. 2023 y.) bilan Davlat oliy ta’lim muassasalarining talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra davlat OTM talabalar turar joyiga joylashish faqat davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Bunda talabalarga navbatni onlayn kuzatish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyati yaratiladi. Talabalar bilan tuziladigan turar joy ijara shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali masofadan turib biometrik identifikatsiyalash (Face-ID) texnologiyasi orqali onlayn hisobga qo‘yiladi.

2023/2024 o‘quv yilida:

1-kurs talabalari uchun davlat OTM talabalar turar joyiga joylashish davlat xizmati markazlari va my.gov.uz orqali bepul elektron ariza berish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Arizalar 20 avgustdan qabul qilinadi.

2-kurs va undan yuqori kurs talabalarini talabalar turar joyiga joylashtirish an’anaviy tarzda amalga oshiriladi.

Bunda yotoqxonaga joylashish uchun ariza OTM talabalar turar joylariga joylashtirish komissiyasiga 2023 yil 25 avgustgacha topshiriladi. 2024/2025 o‘quv yilidan barcha kurs talabalari uchun davlat OTM yotoqxonasiga joylashish onlayn amalga oshiriladi. Bunda talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza berish har yili 1 avgustdan boshlanib, o‘quv yili yakunigacha davom etadi. Reglamentga muvofiq, ayrim toifadagi talabalar yotoqxonaga ustuvorlik asosida qabul qilinadi.

Shunga ko‘ra, talabalar turar joyiga joylashish uchun yo‘llanma dastlab imtiyozli ro‘yxat, so‘ng umumiy ro‘yxatdagi navbat bo‘yicha avtomatik shakllantiriladi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Choriev Samad.

“Paxta xomashyosini yetishtiruvchilar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash hamda hisobga olish muddatlarini muvofiqlashtirish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (379-son, 14.08.2023 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra 2023 yil hosilidan paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan paxta xomashyosi to‘liq elektron tarozi orqali qabul qilinadi. QQSni paxta xomashyosi bo‘yicha yakuniy hisob-kitoblarni amalga oshirish muddatigacha to‘lash va hisobga olishga ruxsat etiladi.

2026 yil 1 aprelgacha paxta-to‘qimachilik klasterlari va qishloq xo‘jaligi korxonalari (fermer xo‘jaliklari) o‘rtasidagi hisob-kitoblar hamda QQSni hisobga olish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan paxta hosili uchun yakuniy hisob-kitoblar o‘z muddatida amalga oshirilmaganda, yuzaga kelgan soliq qarzdorligini QQS to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi korxonalari (fermer xo‘jaliklari)ga 3 oy muddatga teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash huquqi beriladi;

paxta-to‘qimachilik klasterlariga qabul qilib olingan paxta hosili uchun elektron hisobvaraq-fakturada ko‘rsatilgan QQS summasini qishlok xo‘jaligi korxonalari (fermer xo‘jaliklari) tomonidan QQS budjetga to‘lab berilganidan so‘ng hisobga olishga ruxsat etiladi.

QQSni bo‘lib-bo‘lib to‘lash va hisobga olishning avtomatlashtirilgan dasturi ishga tushiriladi. 2023 yil 5 sentabrgacha hududlar va klasterlar kesimida paxta xomashyosini yig‘ib olish bilan bog‘liq ma’lumotlar shakllantiriladigan axborot tizimi ishga tushirilib, 2023 yil 15 sentabrdan “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Mengliqulov Sayfiddin.

“Tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish tizimi soddalashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (382-son, 14.08.2023 y)  qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra yangi import avtomobillar faqat yuridik shaxslar – ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan sotilishi bekor qilinadi. Elektr energiyasini elektr ta’minoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha iste’mol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish amaliyoti tugatiladi. Tadbirkorning ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda, kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqda e’lon berish talabi bekor qilinadi. Soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Mamatov Faxriddin.

“Alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalarini joriy etish to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (313-son, 26.07.2023 y.) qabul qilindi.

2023 yil 1 avgustdan alkogol va tamaki mahsulotlariga yangi namunadagi aksiz markalari joriy etiladi. Bunda ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tashkilotlarga yangi namunadagi aksiz markalarini yopishtirish bilan bir vaqtda alkogol va tamaki mahsulotlariga ishlab chiqarishda (import qilishda) eski namunadagi aksiz markalaridan foydalanishga hamda ular bilan markalangan mahsulot qoldiqlarini 5 oy mobaynida sotishga ruxsat beriladi. Ulgurji va chakana savdo tarmog‘ida eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va import qiluvchi tashkilotlar uchun belgilangan muddatdan keyin 12 oy o‘tgach markalanmagan deb hisoblanadi va belgilangan tartibda olib qo‘yiladi.

2024 yil 1 noyabrdan eski namunadagi aksiz markalari bilan markalangan alkogol va tamaki mahsulotlarini aniqlash, ularning olib kirilishi, ishlab chiqarilishi hamda sotilishining oldini olish choralari ko‘riladi. Qarorga ko‘ra, aroq mahsulotlarini saqlash va yaroqlilik muddati ishlab chiqaruvchilar tomonidan mustaqil ravishda 24 oygacha etib belgilanadi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Xursandov Olim.

“Mahallalarda sport infratuzilmasini rivojlantirish va sport maydonchalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–245-son, 28.07.2023 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan hamda hududida sport infratuzilmasi mavjud bo‘lmagan mahalla terma jamoalari uchun 2030 yilgacha 5 000 ta sport maydonchalari tashkil qilinadi.

2023 yil 1 avgustdan olis va chekka hududlarda joylashgan mahallalar hamda maktablar hududida qurilgan sport maydonchalari ular joylashgan hududiga qarab tegishliligi bo‘yicha Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tizimiga o‘tkaziladi. Sport maydonchalarining joylashuv hududidan qat’i nazar (ta’lim tashkilotlari hududida darsdan tashqari vaqtlarda), barcha fuqarolar uchun foydalanish bepul bo‘ladi va vaqti chegaralanmaydi. Sport maydonchalaridan samarali va maqsadli foydalanilishi mahallalardagi yoshlar yetakchilari va profilaktika inspektorlari tomonidan tashkil etiladi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Imomov Jo‘rabek.