Mustaqillik tarixi yilnomasi

MUSTAQILLIK – davlatning ichki va tashqi ishlarda boshqa davlatlarga qaram bo‘lmay faoliyat ko‘rsatishi. Mustaqillik tamoyillariga rioya etish davlatlararo o‘zaro munosabatlarda etakchi, hukmron qoidadir. Har bir davlatning mustaqilligini tan olish o‘zaro tinch totuv yashashning printsiplaridan biridir. U BMT Ustavi va xalqaro shartnomalar va deklaratsiyalar mustahkamlab qo‘yilgan. Unga rioya qilish hozirgi zamon xalqaro huquqining asosiy vazifasidir.  Davlatning  suvereniteti  uning boshqa davlatlar bilan munosabatlaridagi mustaqilligini ham bildiradi.  Mustaqillik davlatning faqat siyosiy emas, balki iqtisodiy mustaqilligini ham anglatadi.

Mustaqillik insoniyatning azaldan orzu-umidi bo‘lib kelgan. Ana shu g‘oya asosida AQSH, Fransiya, Lotin Amerikasi mamlakatlarida inqiloblar  yuz  berdi. 20 asrning 90-yillariga kelib sotsialistik mamlakatlarda inson huquqlarini  himoya qilish va ozodlikka intilishning yangi bosqichi boshlandi. Sharqiy Evropa mamlakatlarida qariyb yarim asr hukm surgan totalitar davlat tuzumi inqirozga yuz tutib, demokratik tartibotlar qaror topa boshladi.  Yugoslaviya Sotsialistik Federativ Respublikasi parchalanib, uning o‘rnida bir necha mustaqil respublika, Chexoslavakiya Sotsialistik Respublikasi ikkiga bo‘linib, Chexiya va Slovakiya suveren davlatlari vujudga keldi. Germaniya  Federativ Respublikasi va Germaniya Demokratik Respublikasi  birlashib,  nemislar yashaydigan hududda sotsialistik tuzum barham topdi. Ayni chog‘da, sobiq SSSR parchalanib uning o‘rnida mustaqil taraqqiyot yo‘lini tanlagan 15 mamlakat tashkil topdi. Boshqacha qilib aytganda,  bu davrga kelib Mustaqillikka erishish masalasi dunyoni keng qamrab olgan jarayonga aylandi.  O‘zbekistonning Mustaqillikka erishishi ana shu olamshumul jarayon tarkibida yuz berdi.

Mustaqillik imkoniyatlarini oldindan payqagan, mamlakat ijtimoiy siyosiy jarayonlarining borishini to‘g‘ri kuzatib, to‘g‘ri baholay bilgan O‘zbekiston ittifoqdoshlari orasida birinchilardan bo‘lib, o‘z mustaqilligini e’lon qildi: 1991 yil 31 avgust  kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi to‘g‘risidagi Bayonot  O‘zbekiston hukumatining siyosiy yo‘lini  to‘la qonunlashtirib berdi. 1991 yilning avgustida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi va ana shu qonun doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining bundan keyin O‘zbekiston SSRni O‘zbekiston Respublikasi deb atash, 1-sentyabrni Mustaqillik kuni deb e’lon qilish, O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ittifoqning va uning tarkibiga kiradigan barcha mustaqil davlatlarning oliy qonun chiqaruvchi idoralariga, barcha xorijiy davlatlarga va jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, ularni respublikaning davlat mustaqilligi e’lon qilingan hujjatni tan olishga da’vat etish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki huquqiy poydevori edi.

«O‘zbekiston Respublikasining Davlat mustaqilligi asoslari to‘g‘risida»gi qonun 17 moddadan iborat bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasining asosiy belgilarini aniqlab berdi. Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi o‘z tarkibidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan birga mustaqil demokratik davlat deb e’lon qilindi. O‘zbek xalqi o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqiga ega bo‘ldi, xalq davlat hokimiyatining birdan bir sohibi, egasi, xo‘jayini bo‘lib qoldi. O‘zbekiston mustaqilligi respublikada adolatli, demokratik, insonparvar jamiyat qurish uchun yo‘l ochib berdi, o‘z milliy davlatchiligini barpo qilishga imkoniyat yaratdi.

Mustaqillik tufayli O‘zbekiston xalqaro miqyosda o‘zini tanitish, ayni chog‘da xalqaro huquq me’yorlari asosida jahondagi barcha davlatlar bilan teng hamkorlik qilish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Jahon xaritasida O‘zbekiston yangi, yosh mustaqil davlat sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi.

Iqtisodiyotda tub o‘zgarishlar qilish uchun imkoniyat yaratildi. Ya’ni jahon amaliyoti isbotlagan bozor iqtisodiyotiga o‘tish uchun sharoit barpo etildi. Mulkka munosabat tubdan o‘zgarib, jamiyatda yangi mulkdorlar sinfini shakllantirish uchun imkon ochildi.

Mustaqillik xalqning ma’naviy uyg‘onishi uchun to‘la imkoniyat yaratdi. Yurt tarixi, qadimiy madaniyat tiklana boshladi. Xalqining azaliy urf-odatlari, ma’naviy qadriyatlari unga qaytarib berildi. Dinga munosabat mutlaqo ijobiy tomonga o‘zgardi. Shunday qilib, qo‘lga kiritilgan Mustaqillik o‘zbek xalqi tarixida tamoman yangi davrni boshlab berdi, milliy dunyo qarashda yangicha tafakkur shakllana bordi. Xalq kelajakka ishonch bilan qaray boshladi. O‘z yurtining to‘la xo‘jayini ekanligini,  o‘z taqdirini o‘zi belgilash imkoniyatini qo‘lga kiritganligini his qila boshladi.

                    R. To‘xtaev,

Qumqo‘rg‘on tumani Xalq qabulxonasi mudiri