Tabassum

-Opa, «Qizim hech qanaqa ish qilishni bilmaydi, ovqat qilib ko‘rmagan, faqat kitob o‘qigan», degani nimasi?! Hozir hamma qizlar kurslarga boradi, oilaga tayyorlanadi, shunday qizni kelin qilaverasizmi? Singlisining gapiga kulib qo‘ya qoldi.

– O‘rtog‘imning o‘ziga o‘xshasa bo‘ldi, xudo xohlasa hammasi yaxshi bo‘ladi.

-Man kelin olsam, o‘n barmog‘ida o‘nta hunari boridan olaman,-dedi singlisi…

Ertaga to‘y. Dilrabo onasi suzgan ovqatni bir-ikki kavladi-yu,  beixtiyor yig‘lay boshladi. Avval hiqillab, keyin baralla yig‘layotgan qizini ko‘rib onasining o‘ti yorildi

-Nima bo‘ldi? Dilya, gapira qol, nimaga yig‘layapsan?

Bu yoqdan dadasi qo‘shildi.

-Gapirsang-chi? Odamni qon qilmay, nimadir bo‘ldimi?

Dilrabo ota-onasining so‘roqlariga parvo qilmay yig‘layverdi. Ikkita ukasi bir gapirib, o‘n kuladigan quvnoq opasini endi ko‘rib turgandek og‘zi ochilib qoldi. U birdan yig‘idan to‘xtab.

-Oyi, ada, yaxshisi, man turmushga chiqmayman,—dedi.

-Sababini ayt!—onasining ham asabi buzildi, ovozini ko‘tardi.

-Axir men ovqat qilishni bilmayman-ku! U yana yig‘lay boshladi. Onasi qo‘lidagi sochiq bilan qizining yelkasiga tushirib qoldi.

-Qilig‘ing qursin, jinni! Ovqat qilishni bilmasang,  o‘rganasan.

Baribir, bizning uyning ovqati bilan tushgan joyingniki o‘xshamaydi. Uquving, farosating ham yo‘qmi? Ikki qulog‘ing bilan eshitib ol; hammasini bitta tabassum hal qiladi. Mehr hal qiladi!

Dilrabo o‘n sakkiz yoshida katta uyning katta kelini bo‘ldi.

O‘zi ham, eri ham institutda o‘qiydi. Qaynona-qaynota ishlaydi, uchta qaynisinglisi maktabga boradi.

Dilrabo tong sahardan turib oldi. Hech nima pishirishni bilmaydi. Internetdan topib nonni tuxumga botirib nimadir tayyorladi. «Muza» ning tayyor xamiridan qatlama, qog‘oz qutidagi tayyor sutdan  shirguruch pishirdi. Choy damlab, dasturxon ustini bezatib bo‘lganida birin-ketin oila a’zolari chiqib kela boshladi.

Hammaning o‘z choy ichadigan idishi bor ekan, «Bu kimniki?»,» Bu kimniki? «,-deb so‘rab, hammaga choy uzatdi. Uning bolalarnikidek  beg‘ubor qiliqlariga kulgan qaynona-qaynotasiga qo‘shilib o‘zi ham kulib turaverdi.

Qatlama juda yog‘li bo‘pti, shirguruchni shakarga topshirib qo‘ya qolibdi, tuxumli non qotib qolibdi. Hech kim deyarli tayinli narsa yemadi. U onasining «Tabassum muzlarni eritadi», -deganini esladi, so‘ng.

-Qo‘shnimizning sigiri maza qiladigan bo‘ldi-a?  Mani rosa duo qiladi endi! —dedi. Hamma birdaniga kulib yubordi, o‘zi ham qo‘shilib kuldi. Muz tog‘lar eridi…

-Oyi, do‘lmani qanday pishirardingiz, aytib turing, hech qaysi ovqatim o‘xshamayapti.

-Nimaga mandan so‘raysan, bor qaynonangdan so‘ra!

-Voy, nima deyman!

-Yalinasan, o‘rgating deysan. Bo‘ldi, boshimni qotirma! Onasi telefonini o‘chirib qo‘ydi.

Dilrabo televizor  ko‘rayotgan qaynonasining yoniga bordi, kaftlarini bir-biriga juftlashtirib sekin gap boshladi

-Oyijon,  iltimos, manga ovqat qilishni o‘rgating, tez o‘rganib olaman, iltimos, iltimos…Uning mo‘ltirab turgan nigohlari biram toza edi-ki…

Qaynonasiga goh  yalinib, goho erkalanib yurib bir yilga qolmay barcha ovqatlarni o‘rganib olgan Dilrabo endi binoyidek pazanda bo‘lib qolgandi.

Tanlab-tanlab eng uquvli,  eng chaqqon, hamma narsani biladigan kelin topgan singlisi pazanda kelinining qo‘lidan tayinli ovqat ham yeb ko‘rmadi. Hali eri bilan,  hali qaynisinglisi bilan janjallashib, arazlab uyiga ketib qolavergach, o‘nta barmog‘idagi o‘n hunari  epsiz deb uzatilgan kelinning bitta tabassumiga teng kelolmasligi ma’lum bo‘lib qoldi.

Internet manbalari asosida R. Mengziyayeva tayyorladi