O‘zingizni asrang odamlar

Bugungi kunning  global muammolaridan biri bo‘lgan OIV infeksiyasi XX asr oxirida insoniyat oldida paydo bo‘lgan eng muhim muammolardan biri bo‘lib, o‘zining ko‘plab yechilmagan qirralari bilan XXI asrga kirib keldi. Butun jahonda OIV infeksiyasi tarqalish muammosi hozirgi vaqtda insoniyatning xavfsizligiga tahdid qilayotgan eng katta xavflardan biridir.

Hozirga qadar dunyoda OIV infeksiyasi bilan yashayotgan shaxslar soni 45 milliondan oshib ketdi. Har yili 2,5 milliondan ziyod bemorlar OITS tashxisi bilan vafot etmoqda. Pandemiyaning boshlanishidan boshlab 75 million inson OIV bilan zararlangan. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, OIV infeksiyasini yuqtirganlar soni har kuni dunyo bo‘yicha 6,5 mingtaga ko‘paymoqda. Bu holat boshqa infeksiyalarning tarqalish darajasiga solishtirilganda haddan ziyod yuqori ko‘rsatgich hisoblanadi.

OITS xastaligi bilan aziyat chekayotgan shaxslar qatorida bizning viloyatimizda istiqomat qilayotgan fuqarolardan biri Safar (ismi o‘zgartirilgan) taqdiri misolida havola etaman. Safar viloyatimizning Termiz tumanida 1985 yilda tug‘ilgan. Safar maktabni yaxshi baholarga tugatib,  Termiz shahridagi kasb-hunar kollejlaridan biriga o‘qishga kirdi. Kollejda ham o‘zining tirishqoqligi bilan tengdoshlari orasida ajralib turardi. Safar kollejni  bitirish arafasida aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan mehnat yarmarkasidan o‘ziga ma`qul ish topdi va uch tomonlama shartnoma tuzdi. Safar kollejni bitirgach shartnoma asosida ishga joylashdi. U o‘zining tirishqoqligi va topshirilgan ishlarni o‘z vaqtida sifatli qilib bajarishi bilan tez orada xodimlar orasida o‘z o‘rniga ega bo‘ldi. Shunday kunlarning birida do‘sti Shodmonning  taklifi bilan mo‘may pul topish maqsadida chet elda ishlash uchun ketishga qaror qiladi. Ota-onasining, turmush o‘rtog‘ining va yaqin qarindoshlarining pand-nasihatlariga quloq solmasdan do‘sti bilan chet elga ishlash uchun ketdi. Chet elda bu ikkala do‘stlar ishga joylashdi va mo‘maygina daromad topa boshladi. Ishdan bo‘sh vaqtlarini notanish ayollarga bag‘ishlaydi.

Xullas, bu ikkala do‘stlar o‘zlari niyat qilganidek mo‘may pul topib yurtimizga qaytishdi. Yurtimizga qaytgandan so‘ng Safar o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahalla faollari va tibbiyot xodimlarining ogohlantirishiga qaramasdan tibbiy ko‘rikdan o‘tmadi. Kunlar o‘tishi bilan  turmush o‘rtog‘i Gulhayo (ismi o‘zgartirilgan)  homilador bo‘ladi. Farzand kutayotgan turmush o‘rtog‘i tibbiy ko‘rikdan o‘tayotgan vaqtda OIV infeksiyasiga qon namunasini topshirdi, laboratoriya natijasida Gulhayoning qonida OIV infeksiyasi virusi mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Epidemiologik ko‘rsatmasi bo‘yicha turmush o‘rtog‘i Safarni ham OIV infeksiyasiga tekshirildi. Epidemiologik surishtiruvlar davomida shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Safar chet elda mehnat migratsiyasida ishtirok etib yurgan vaqtida OIV infeksiyasini jinsiy aloqa yo‘li orqali yuqtirib olganligi ma’lum bo‘ldi. Eng achinarlisi shundaki, begunoh turmush o‘rtog‘i Gulhayo OIV infeksiyasi bilan o‘zi bilmagan holda yuqtirgan va tug‘ilajak farzandi OIV infeksiyasi bilan zararlanish xavfi ostida qolgan. Hozirgi kunda ular viloyat OITSga qarshi kurash markazining dispanser bo‘limida despanser nazoratida turibdi. Respublikamizda sog‘lom bolani dunyoga keltirish maqsadida tug‘ilajak bolaga OIV infeksiyasi yuqishining oldini olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining  tegishli buyrug‘i asosida onadan bolaga yuqishining oldini olish borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, kasallikka qarshi kurashning yagona yo‘li uni yuqtirishning oldini olishdir. Biz o‘zimizni va atrofimizdagilarni OIV infeksiyadan himoya qilishimiz mumkin, OIV bilan kasallanishning oldini olishning asosiy yo‘li  idrok bilan ish ko‘rish va  qaltis harakatlardan chetda bo‘lish, sog‘lom turmush tarziga rioya qilish, doimiy bitta jinsiy  partnyorga ega bo‘lish, narkotik moddalarni qabul qilmaslik.

Har bir inson OIV/OITS haqida bilimga ega bo‘lishi kerak, bu haqida do‘stlaringiz va yaqinlaringizni ogohlantirishingiz lozim. Bilimga ega bo‘lishning natija berishi betartib hayot kechirish tarzining yaxshi tomonga o‘zgarishidir.

Viloyat OITSga qarshi kurash markazida Ishonch telefoni doimo xizmatda. ISHONCH : telefoni   +99876-224-25-16 Telegram: https://t.me/surxonOITS . Ish vaqti: kecha-yu kunduz.  Birlashaylik! Sog‘ligingiz haqida qayg‘uramiz!

                Xayit SHAIMOV,

Matlyuba TASHMATOVA,

viloyat OITSga qarshi kurash markazi  mutaxassislari