“Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste`mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ–844-son, 24. 05. 2023 y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, sotish bilan bog‘liq munosabatlar, shuningdek, sohaga mas’ul organlarning vakolatlari belgilandi. Qonunga ko‘ra, alkogol va tamaki mahsulotlarini quyidagi holatlarda realizatsiya qilish (sotish, sotib olish va h.k.) taqiqlanadi: 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga va ular tomonidan; sotuvchining bevosita ishtirokisiz, o‘ziga o‘zi xizmat ko‘rsatish tokchalaridan, elektron tijorat shaklida; sayyor savdo qilish yo‘li bilan, ko‘chmas savdo obyektlaridan tashqarida, dorixonalarda; bolalarga mo‘ljallangan tovarlar sotiladigan xonalarda; bolalar o‘yinchoqlariga, konfetlarga yoki bolalar uchun mo‘ljallangan boshqa tovarlarga o‘xshatib ishlangan bo‘lsa; sog‘liqni saqlash, ta`lim, madaniyat, sport inshootlari, sanatoriy hamda tibbiy-ijtimoiy muassasalar hududlarida; ta`lim, sport va diniy tashkilotlardan 100 metrdan kam masofada joylashgan savdo obyektlarida; yaroqlilik muddati o‘tganda, mahsulot sifatini tasdiqlovchi tegishli hujjatlarsiz; donalab yoki ochilgan (yaxlitligi buzilgan), iste`mol o‘rovida (qutisida) sigaretalar va qizdiriladigan tamaki mahsulotiga nisbatan.
Alkogol mahsulotlarini ish joylarida, ko‘chalarda, stadionlarda, xiyobonlarda, bog‘larda, barcha turdagi jamoat transportida va boshqa jamoat joylarida iste`mol qilish taqiqlanadi. Chilim chekish uchun maxsus ajratilgan joylar faqat chilim berish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatiladigan, ventilyatsiya tizimlari bilan jihozlangan alohida ajratilgan binolar, inshootlar va obyektlarda tashkil etilishi mumkin. Alkogol mahsulotlarining iste`mol idishida yorliq asosiy yuzasining kamida qirq foizini egallaydigan matnli yozuv va (yoki) rasm tarzidagi tibbiy ogohlantirish bo‘lishi kerak. Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.
R. SULTANOV,
Adliya bo‘limi boshlig‘i
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun mas`ul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Hukumat qarori (208–son, 20.05.2023 y.) qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2023 yil 1 iyuldan davlat organlarining AKT sohasiga ma`sul xodimlari 3 yilda bir marta malakasini oshiradi. Mazkur xodimlarning malakasini oshirishga Raqamli texnologiyalar vazirligi mas`ul hisoblanadi. Malaka oshirish kursi 24 soatdan kam bo‘lmasligi lozim, kursni tamomlagan xodimlar ikki oyda reyting baholashdan o‘tkaziladi. Malaka oshirish bilan bog‘liq barcha xarajatlar ularni yuborgan davlat organlarining mablag‘lari hisobidan qoplanadi. 2023 yil 1 avgustdan davlat organlarining birinchi rahbarlari raqamli texnologiyalarni keng joriy etish va loyihalarni samarali amalga oshirish bo‘yicha Davlat boshqaruvi akademiyasida qisqa muddatli kurslarda o‘qitiladi.
D. XUDOYQULOVA,
Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi
“Ma’muriy islohotlar doirasida raqamli texnologiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–76-son, 24.05.2023 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali raqamli xizmatlar va servislar ko‘rsatish hamda ularning natijasini olishning yagona nuqtasi hisoblanadi. Yagona portal orqali ko‘rsatiladigan xizmatlardan foydalanish bosqichlari “3 qadam” tamoyili asosida maqbullashtiriladi. 2023 yil 1 dekabrgacha fuqarolar raqamli xizmatlardan mustaqil foydalanishlari uchun davlat xizmatlari markazlarida birinchi bosqichda 14 ta “Raqamli xizmat nuqta”lari tashkil etiladi. 2024 yil 1 yanvargacha raqamli xizmat va servislar, elektron to‘lovlar, media resurslar imkoniyatini birlashtirishni nazarda tutuvchi Yagona portal orqali xizmatlarni taqdim etishning yangi dasturiy ta’minot shakli joriy etiladi. 2023 yil 1 sentyabrdan ijro etuvchi hokimiyatning markaziy apparatlari “edo.ijro.uz” tizimiga o‘tkaziladi. 2024 yil 1 maydan ijro etuvchi hokimiyatning hududiy bo‘linmalari va ular tasarrufidagi tashkilotlar “edo.ijro.uz” tizimiga to‘liq o‘tkaziladi. 2023 yil 1 avgustdan davlat organlarida raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir loyihalarni amalga oshirish hisobiga iqtisod qilingan mablag‘larning 50 foizi kelgusi moliya yilida mazkur davlat organlari faoliyatida raqamli texnologiyalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, 2023 yilda mobil internet foydalanuvchilari sonini oshirish choralari ko‘riladi. Bunda ular sonini 31,5 mln nafarga yetkazish nazarda tutilgan.
S. ALIQULOV,
tuman FHDYO bo‘limi inspektori
“Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–162-son, 24.05.2023 y.) qabul qilindi.
Qaror bilan, jumladan, quyidagilar tasdiqlandi: “Raqamli hukumat” va “Raqamli hudud” dasturlari doirasida 2023–2024 yillarda amalga oshiriladigan 300 ta ustuvor loyihalar ro‘yxati; 2023 yil yakunigacha Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sonini 570 taga yetkazish doirasida portalda birinchi navbatda joriy etiladigan 95 ta xizmat va servislar ro‘yxati; 2023 yil 1 dekabrdan aholi va tadbirkorlardan talab qilish bekor qilinadigan 47 turdagi ma`lumotlar ro‘yxati; aholi va tadbirkorlarga xizmatlardan foydalanish holati bo‘yicha yuboriladigan eslatma va xabarnomalar ro‘yxati. 2023 yil 1 iyundan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan tashqi kredit va beg‘araz ko‘mak mablag‘lari asosida amalga oshiriladigan loyihalarning raqamli komponentlarga yo‘naltiriladigan qismi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan majburiy tarzda kelishiladi.
Qarorga ko‘ra, “Raqamli geoportal” axborot tizimi va “Xalq nazorati” platformasi: 2023 yil 1 sentyabrgacha Angren, Ohangaron, Yangiyo‘l, Chirchiq va Nurafshon shaharlarida; 2023 yil yakunigacha Jizzax va Urganch shaharlarida ishga tushiriladi.
2023 yil 1 oktyabrdan tadbirkorlarga elektron tijorat faoliyati doirasida erkin ombor bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar bilan chakana savdo operatsiyalarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.“Bir million dasturchi” loyihasining navbatdagi bosqichi sifatida xorijiy nufuzli ta`lim platformalarida IT-yo‘nalishdagi onlayn o‘quv kurslarda tahsil olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi. 2023 yil 1 oktyabrdan B2 va undan yuqori xorijiy til bilish darajasiga ega fuqarolar tomonidan tegishli yo‘nalishlarda xalqaro IT-sertifikatlarni olish xarajatlarining 100 foiz qismini qoplash tizimi joriy etiladi. Bitiruvchisi IT-xizmatlarni eksport qiluvchi IT-park rezidenti bo‘lgan kompaniyalarga ishga joylashgan nodavlat o‘quv markazlariga har bir bitiruvchi uchun BHMning 75 baravarigacha, nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun esa 105 baravarigacha bir martalik subsidiya ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
SH. BO‘RONOVA,
DXM xodimi
“Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli energonazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Prezident farmoni (PF–77-son, 24. 05. 2023 y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanishni nazorat qilish hamda hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimlarini to‘liq joriy etish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-toroj qilish holatlarining oldini olish va ularga barham berishning yangi tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 2023 yil 1 sentyabrdan: aholi tomonidan Energetika vazirligining Internetdagi maxsus axborot tizimiga yuborilgan elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar haqidagi fotosuratlar va videoyozuvlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi; huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi fotosuratlar va videoyozuvlarni yuborgan shaxslar pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi; huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar va (yoki) videoyozuvlardagi huquqbuzarlarning shaxsini aniqlash Energetika vazirligining hududiy organlari so‘roviga asosan ichki ishlar organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Huquqbuzarlik to‘g‘risidagi fotosuratlar, videoyozuvlar va xabarlarni taqdim etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning oshkor etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Qonun buzilishi aniqlanganda, prokuratura organlari tomonidan davlat organlari va mansabdor shaxslarga qonun buzilishini zudlik bilan bartaraf etish to‘g‘risida talabnoma kiritiladi. Shuningdek, O‘zenergoinspeksiya faoliyatiga “Energonazorat” platformasi hamda uning mobil ilovasining sinov versiyasi 2024 yil 1 martgacha tajriba tariqasida Qashqadaryo viloyatida, 2024 yil 1 oktabrgacha to‘liq versiyasi joriy etiladi.
S. MENGLIQULOV,
YUXKM boshlig‘i
«Kontrakt»dan 12 foiz daromad solig‘ini qaytarib olishda yosh
chegarasi olib tashlanadi
Soliq to‘lovchining professional va oliy ta`lim tashkilotlarida o‘zining, shuningdek 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki turmush o‘rtog‘ining ta`lim olishi uchun yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari soliqqa tortilmaydi, ya`ni to‘langan summadan 12 foiz daromad solig‘ini qaytarib olishi mumkin. Soliq kodeksi 378-modda.
2023-yil 1-avgustdan esa farzandi uchun yosh chegarasi olib tashlanadi. Ota-onalar farzandining yoshidan qat’iy nazar ta`lim olishi uchun to‘lagan summadan 12 foiz daromad solig‘ini qaytarib oladi. Asos PF-67-son, 11-band, 08. 05. 2023 yil.
M. NORBOYEV,
Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i
MILLIY HAYDOVCHILIK GUVOHNOMASI
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (12. 04. 2023 yildagi 152-son) qarori bilan 2023 yil 15 apreldan boshlab milliy haydovchilik guvohnomasini, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portal (YAIDXP) orqali ham ariza beruvchilarning bevosita ishtirokisiz rasmiylashtirish tartibi joriy etiladi. Bunda milliy haydovchilik guvohnomasiga ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma`lumotlari joylashtiriladi, agar axborot tizimlarida ariza beruvchilarning bosh barmoq izi ma`lumotlari mavjud bo‘lmagan taqdirda ariza beruvchilar o‘zlarining imzo namunasini elektron shaklda taqdim etadi; milliy haydovchilik guvohnomalarini olish hamda eski namunadagi haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish bo‘yicha ariza beruvchilarning YAIDXPdagi shaxsiy kabineti orqali onlayn tarzda har kuni, dam olish va bayram kunlaridan qat`iy nazar 24 soat davomida yuborilish mumkin; yangi rasmiylashtirilgan milliy haydovchilik guvohnomalarini pochta orqali olish imkoniyati yaratiladi.
Kamol Ashurov,
Davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i