NOSOZLIK PAND BERDI

Ish quroling soz bo‘lsa, mashaqqating oz bo‘lur degan maqol bor. Ha, nafaqat ish qurol, balki jilovingizdagi avtoulov ham texnik jihatdan soz bo‘lsa ko‘zlagan manzilga qiynalmay yetasiz. Ko‘nglingiz ham xotirjam topadi. Biroq, almisoqdan qolgan ulov bilan biron-bir maqsadga erishish qiyin. Ustiga-ustak, kirakashlik qilsangiz, bu endi ortiqcha daxmaza.

Denov tumani “Do‘stlik” mahallasida yashovchi H. B. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) mana shu oddiy haqiqatni bilmadi, bilsada nafs qurg‘urning hukmiga bo‘ysundi. Hullas, qissadan hissa shuki, u texnik jihatdan nosoz bo‘lgan “UAZ-452” rusumli 75   A 102 VA davlat raqamli, yo‘lovchi tashishga mo‘ljallanmagan avtomashinada kirakashlikni kasb qildi. U 2023 yil 16 may kuni soat 16:00 larda avtomashina bortiga odam mindirgan holda Uzun tuman “O‘rmonchi” mahallasi hududidan o‘tuvchi 4K-620 avtomobil yo‘lidan boshqarib borayotib yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzdi. Ushbu yo‘lning 16-kilometridan o‘tayotganda avtomashinaning tormozi ishlamasdan qolishi natijasida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘ldan chiqib ketdi. Yo‘lning chap tomonidagi daraxtga borib urilgan mashina ag‘darilib ketadi. Natijada avtomashina bortida bo‘lgan yo‘lovchi R. M. og‘ir, V. T. (ismlar, familiyalar o‘zgartirildi) yengil tan jarohati olishdi. R. M. 2023 yil 17 may kuni shifoxonada vafot etdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudining tumandagi “Mahalla markazi” binosida bo‘lib o‘tgan ochiq sayyor sud majlisida H. B. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) aybiga iqrorlik bildirdi. Haqiqatan ham, uning boshqaruvidagi  “UAZ-452” avtomashinasi juda eski. Avtomashina faqat yengil yuklarni tashishga mo‘ljallangan. Odam tashish uchun jihozlanmagan. Shunday bo‘lsada, arzimagan choychaqa, deb yo‘lovchilarning hayotini xavf ostiga qo‘yib, kirakashlik qilgan. 2023 yil 16 may kuni soat taxminan 9:00 larda R. M. va V. T.larga (ismlar, familiyalar o‘zgartirildi) tegishli mollarni Bobotog‘ning “Chag‘am” qishlog‘ida cho‘ponlarga qo‘shib kelish maqsadida yo‘lga tushgan haydovchi  manzilga eson-omon yetib bordi. Qaytishda Sho‘rchi tuman “Hushchekka” mahallasida yashovchi R. M.ni ham mashina bortiga oladi.                  

-Tormoz boshida yaxshi ishladi, – deydi H. B. o‘z ko‘rsatmasida. – Lekin tog‘ yo‘li nishablik va qiyaliklardan iborat bo‘lganligi uchun tormozni ishlataverish oqibatida “kolodka”lar qizib, temirdan kuygan hid chiqa boshladi. Bunday paytda mashinani to‘xtatib, sovutish kerak edi. Ammo men yo‘lda davom etdim. Oqibatini o‘ylamabman…                               

Oqibatini o‘ylamay bosilgan qadam qimmatga tushdi. U sud hukmiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi 2-qismi bilan aybli deb topildi va qilmishiga yarasha jazo tayinlandi.   

                                                                   A. SA`DULLOYEV,           Surxondaryo viloyat sudining sudya katta yordamchisi