Iste`mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta`minlashga doir

qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi

Prezidentimizning “Iste`mol bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-41-sonli farmoniga muvofiq, 2024 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonga olib kirishda bojxona bojining nol stavkasi qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxati tasdiqlandi. Jumladan: yogurt; paxta, ivigan sut yoki qaymoq, qatiq; pishloq va tvoroglar; yangi yoki quritilgan xurmo (finik), anjir, ananas, avokado, guava, mango va mangostin yoki garsiniya; yangi olma, nok va behi; bug‘doy yoki javdardan tashqari g‘alla donidan un; kakao tarkibli shokolad va boshqa tayyor oziq-ovqat mahsulotlari.

                                                                 F. QULMATOV,        

Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

  Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi

O‘zbekiston Respublikasining 829-sonli qonuni bilan jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Xususan, ayolni homilasini sun’iy tushirishga majburlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilib, jarima miqdori BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha yoki 3 yildan 5 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yohud 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha ahloq tuzatish ishlari bilan jazolanashi belgilandi. Ilgari BHMning 50 baravarigacha jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yohud 2 yilgacha ahloq tuzatish ishlari nazarda tutilgan.

Nomusga tegish (118-modda) va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish (119-modda) jinoyatlari uchun javobgarlik 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi. Ilgari 3 yildan 7 yilgacha edi.

Shuningdek, mazkur jinoyatlar nogironligi bo‘lgan shaxslarga, sobiq xotiniga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yohud umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilishi, jabrlanuvchiga qarab turish yuklatilgan ta`lim, tarbiya, davolash yoki boshqa muassasaning xodimi tomonidan sodir etilishi jinoyatni og‘irlashtiruvchi holat deb topilishi nazarda tutilmoqda.

                                                                        F. HAMIDOV,

Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

     Mahkumlarni bir koloniyadan boshqasiga o‘tkazish sud tomonidan hal etiladi

O‘zbekiston Respublikasining  825-sonli qonuni bilan Jinoyat hamda Jinoyat-ijroiya kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilish mahkum og‘ir jinoyati uchun jazo muddatining kamida uchdan ikki qismini (ilgari yarmini edi), o‘ta og‘ir jinoyati uchun esa to‘rtdan uch qismini (ilgari uchdan ikki qismi edi) o‘taganidan keyin qo‘llanilishiga oid o‘zgartish kiritildi. Mazkur jinoyatlar uchun jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish esa tegishli og‘ir jinoyat uchun jazoning yarmini (ilgari uchdan bir qismini edi) hamda o‘ta og‘ir jinoyat uchun jazoning uchdan ikki qismini (ilgari yarmini edi) o‘taganidan keyin qo‘llaniladi.

Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarni kino-, foto-, videotasvirga tushirishga va ulardan intervyu olishga ularning yozma roziligi bilan birga jazoni ijro etuvchi organning ruxsati ham olinishiga oid talab qo‘yildi.

Mahkumlarga navbatdagi uchrashuvdan mahrum qilish tarzidagi intizomiy jazo chorasi kiritildi.

Saqlash rejimini ashaddiy buzuvchi deb topilgan mahkumlarga nisbatan sudga quyidagilar to‘g‘risida taqdimnoma kiritiladi: manzil-koloniyadan umumiy tartibli koloniyaga, umumiy, qattiq yoki maxsus tartibli koloniyalardan – turmaga o‘tkazish to‘g‘risida; manzil-koloniyadan umumiy yoki qattiq tartibli koloniyaga, qattiq tartibli koloniyadan – maxsus tartibli koloniyaga, koloniyadan – turmaga qaytarish haqida.

Ilgari mazkur tartiblar intizomiy jazo sifatida Jazoni ijro etish muassasalari tomonidan qo‘llanilgan.

                                                                        Q. ULUG‘OV,

Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

Tibbiyot xodimining          qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilmang, buning uchun javobgarlik bor!

Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining joriy yil 27-martdagi 827-sonli qonuni bilan Ma`muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha kiritildi. Unga ko‘ra, mazkur Kodeks quyidagi mazmundagi norma bilan to‘ldirildi. Tibbiyot xodimining qonuniy tibbiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki shu maqsadda tibbiyot xodimiga qonunga hilof ravishda har qanday shaklda ta’sir o‘tkazish:  fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha (1,5 mln so‘mdan 2,1 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha (2,1 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

                                                                    SH. MIRZAYEV,

Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi bosh maslahatchisi

          Elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovoddan tijorat maqsadlarida noqonuniy foydalanish o‘g‘rilik deb belgilanganligidan xabaringiz bormi?

O‘zbekiston Respublikasining 822-sonli qonuni bilan Ma`muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yohud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast etkazish yohud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo‘li bilan talon-toroj qilish o‘g‘rilik deb belgilandi hamda mazkur huquqbuzarlik uchun 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilishi mumkin.

Ma`muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ushbu huquqbuzarlikni oz miqdorda sodir etgan shaxslarga quyidagi ma`muriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin: BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln so‘mdan 6 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqa olish belgilandi.

                                                                            A.        AZIMOV,

Surxondaryo viloyat adliya boshqarmasi sho‘basi boshlig‘i