Oila qurmoqchi bo‘lsang OITSdan ogoh bo‘l!

Inson dunyoga kelibdiki o‘sib, ulg‘ayib oila qurish jarayoniga duch kelishi tabiiy hol hisoblanadi. Oila qurgan juftliklar o‘zlaridan keyingi zurriyodining davomchisi bo‘lmish sog‘lom farzandlarni dunyoga keltirishini istaydi.

Shu o’rinda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25 avgustdagi “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizomni  tasdiqlash  haqida”gi 365-sonli  qarorining ahamiyati to‘g‘risida to‘xtalib o‘tsak. Ushbu qarorga muvofiq turmush qurishga ahd qilgan kelin va kuyov hududiy FHDYO (ZAGS) organlariga murojaat qiladi va tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yo‘llanma olishadi. Yo‘llanma olgan kelin va kuyov 1 oy davomida o‘zlari yashab turgan joydagi tuman KTMP (ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika)larda tibbiy ko‘riklardan o‘tishadi. Ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda yosh kelin va kuyovlarni quydagi mutaxassis va tahlillardan bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi.

1. Ruhiy-asab kasalliklar shifokori.

2. Narkolog shifokor.

3. OIV infeksiyasiga qon tahlili.

4. Zahm kasalligiga qon tahlili.

5. Sil kasalligi bor yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida tibbiy tekshiruvlardan oqtadi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonida yosh kelin yoki kuyovda yuqorida keltirilgan kasalliklardan birortasi uchrasa ularni davolash va sog‘lomlashtirish choralari ko‘riladi. Aniqlangan kasalliklar bo‘yicha juftliklarga ma`lum qilinib mutaxassis shifokorlar tomonidan maslahat va tavsiyalar beriladi. 2022 yil davomida  51840 nafar  nikohlanuvchilar  tibbiy ko‘rikdan  o‘tgan  bo‘lib, 18 nafarida  OIV infeksiyasi  aniqlangan. Shulardan 9 nafarida kasallik aniqlangan bo‘lsada kelin yoki kiyovning o‘z roziligi bilan   nikohi  rasmiylashtirilgan, 2 holatda  shariy nikoh asosida  turmush qurishgan, 7 holatida  to‘y  to‘xtatilgan.

Afsuski, tibbiy ko‘riklar davomida yosh kelin va kuyovlarning birida OIV/OITS kasalligining uchrayotganligi achinarli holdir. Bunday holatlar rejalashtirilgan nikoh to‘ylarining to‘xtatilishi, bekor qilinishi kabi holatlarga olib kelmoqda. Chunki har qanday inson ham sog‘lom shaxs bilan turmush qurishni xohlaydi. To‘xtatilayotgan, bekor qilinayotgan nikoh to‘ylari yosh kelin va kuyovlarning ota-onalariga moddiy jihatdan birmuncha ziyon keltirmoqda. Jumladan, nikoh to‘ylari oldidan to‘yxonalarning, xonandalarning band qilinishi, to‘ydan oldin  qimmatbaho mebellarning xarid qilinish va oziq-ovqat mahsulotlarining xarid qilinishi kabi holatlardir. Bancha orzu-umidlar bilan oila qurmoqchi bo‘lgan kelin va kuyovning orzu-istaklari ushalmasdan qolmoqda. Bu kabi holga tushishiga  ko‘pincha kelin va kuyovlarning o‘zlari sababchi bo‘lishmoqda. Bu holat ko‘pincha o‘g‘il bolalarga xos bo‘lib  ular o‘zlarining yomon hulq-atvorlari oqibatida  OIV infeksiyasini yuqtirib olib, o‘zlarining kelajaklariga  zomin bo‘lmoqdalar. Nikohi buzilgan bunday o‘g‘il bolalarning  kelajakda turmush qurishlarida muammolar paydo bo‘lmoqda. Chunki har bir sog‘lom qiz bola o‘ziga munosib sog‘lom o‘g‘il bola bilan oila qurishni xohlashi hech birimizga sir emas. O‘g‘il bolalar ko‘pincha salbiy illat spirtli ichimliklar ichishi oqibatida o‘zlarini idora qilaolmay ko‘cha ayollari (fohishalar)ning xizmatidan foydalanishi oqibatida o‘zlariga bedavo kasallik OITSni yuqtirib olmoqdalar.Yuqoridagi gaplar bilan nikohlanuvchilarning barchasi ahloqsiz deyishdan yiroqmiz, albatta. Shuning uchun ham ota-bobolarimiz ikki yoshni unashtirishdan oldin bir-birlarining oilalarini o‘rganganlar, “etti pushti surishtirish” atamasi bejiz emasligini anglashimiz mumkin.

Oila qurish arafasida turgan va kelajakda oila qurmoqchi bo‘lgan yoshlarga nikohdan oldin, albatta, tibbiy ko‘rikdan o‘tishlarni maslahat beramiz. Ayrim hollarda ikki yoshning qarindosh bo‘lganligi, bir-biri bilan sinfdosh ekanligi yoki bitta mahalladan ekanligi kabi holatlar ularning bir-biriga bo‘lgan ishonchini yuzaga keltirmoqda va ular tibbiy ko’rikdan o‘tmasdan oila qurishiga sabab bo‘lmoqda. Lekin insonning tashqi qiyofasiga qarab uning sog‘lom yoki bemor ekanligini aniqlashning imkoni yo‘qligini takidlab o‘tmoqchimiz. Ortirilgan immunitet tanqislik  virusini yuqtirib  olgan  shaxsda  bir necha  yillar davomida  OIV kasalligining  alomatlari yuzaga  chiqmasdan  yurishi  mumkin. Bu esa  odamning  immunitet  holatiga  bog‘liq. OIV virusini yuqtirib olgan inson  o‘z  kasalligini  bilmagan  holda  yurishi  mumkin. OIV  virusini  aniqlash  maqsadida shahar va tuman markaziy ko‘p tarmoqli poliklinikalarda 3-5ml qon namunasi  olinib  maxsus  laboratoriyalarda  tekshiriladi. Ko‘pkina  holatlarda  ikki yoshni tibbiy ko‘rikdan va ZAGSdan  o‘tmasdan  oila qurishda  hurmatli  nikoh o‘quvchi  mullalar sababchi  bo‘lmoqdalar.

Sog‘lom turmush tarzini inson hayoti mazmuniga aylantirib olishi va salbiy hulq-atvorlardan voz kechishi orqali har bir shaxs jismoniy, ruhiy va ma`naviy yetuk bo‘ladi hamda o‘zini va yaqinlarini har xil yuqumli kasalliklardan himoya qila oladi. Istagimiz  millatimiz  davomchilari bo‘lgan yosh avlodning sog‘lom, barkamol voyaga yetishi va mamlakatimizning rivojlanishida o‘z hissalarini qo‘shishidir. 

             R. ABUZYAROVA,

Viloyat OITSga qarshi kurash markazi epidemiologik monitoring bo‘limi vrach epidemiologi