BOLA QUVONCHIDAN OLAM MUNAVVAR

Bolaning yoqimli ovozi, jarangli kulgusi, sho‘x-shodon o‘yinlari katta yoshdagilarga xursandchilik ulashadi. Ota-onaning baxti, quvonchi, turmushining totuvligi bola bilan chambarchas bog‘liq. Har bir oilada dunyoga kelib, yashayotgan bola atrofidagilarga qanchalik shodlik ulashayotganligini to‘liq ifodalash qiyin. Bir narsa aniqki, bolali uyning fayzi, barakasi bor. Bola kelar eshikdan risqi kelar teshikdan, deb bekorga aytishmagan. Oilaning to‘kisligi, ehtiyoj uchun zarur mahsulotlarning yetarlicha bo‘lishini bola bilan bog‘lashadi. Uning ta`lim-tarbiyasi bilan muntazam shug‘ullanib porloq kelajagi uchun oydin yo‘lni yaratishadi.

Donishmandlardan biri bisotingdagi boyligingni farzanding ta`lim-tarbiyasi uchun sarflasang, kelajakda boyliklaring shu farzandingdan qaytadi, deb aytgan. Chunki bolaning o‘z ehtiyojlari va harajatlari bor. Ularni hal qilishda ota-ona ko‘makchi bo‘lsa, bola ham orasta, bilimli, yoqimli fazilatlarga ega shaxs sifatida kamolga yetadi. Kelajakda ota-onasiga yordam beradi. Tajribali ota shunday degandi: ”Men hashamatli, dabdabali boyliklarga ega bo‘lishdan, avtomobil minishdan ko‘ra qorni ovqatga to‘yib kulgan bolaning ovozini avzal bilganligim, uning komil inson bo‘lib voyaga yetishiga butun e`tiborimni qaratganligim uchun foyda topdim. Farzandim ulg‘aygach dasturxonimning to‘kin-sochinligi, farovon yashashim, zarur bo‘lsa avtomobil minishimga ko‘mak bermoqda. Bolamning hissasi tufayli hayotim charog‘on, xursandchiligim ko‘p, baxtim to‘kis bo‘lmoqda.” U haqiqatni aytdi.

Mening nazarimda bolasining ta`lim-tarbiyasi, quvonchli yashashidan ko‘ra boylikni avzal bilgan, uylar, avtomashina sotib olib kayf-u safoda yashagan inson yanglishadi. Kelajakda kuchdan qolib, yordamga muhtoj bo‘lganida farzandi joniga aro kirmaydi. Tarbiyadagi xatosi o‘ziga pang beradi. Shuning uchun farzand va uning quvonchlari sizning oilangizga kelsa o‘z vazifalaringizni to‘liq bajaring. O‘zbeklar bolajon xalq. Bola ulg‘aytirishning zahmati-yu, shodligini yaxshi tushunib, vazifalarini mukammal bajaradi. Shundan zavqlanib yashaydi.

Davlatimiz bolalarga g‘amxo‘rlik qilib ular uchun ko‘p sharoit yaratmoqda. Savdo do‘konlarida zamonaviy ko‘rinishdagi o‘yinchoqlar, rizqi-nasibasi uchun to‘yimli oziq-ovqatlar, chiroyli kiyim-kechaklar sotilmoqda. Maktabgacha ta`lim tashkilotlari, bilim o‘rganish uchun maktablar bunyod etilgan. Maktablarda o‘qish bepul tarzda amalga oshirilmoqda. Bolalar zamonamizning tinchligi, farovonligidan bahra olib, ota-onalari, ustoz tarbiyachilar va o‘qituvchilari bag‘rida baxtiyor yashamoqda. Ularning quvonchining kuchi, sehri shunchalar kuchliki, olamni charog‘on, munavvar, baxtiyor aylayotgandek tuyuladi. 1 iyun – Xalqaro bolalar kunini qubonchlar ulashib kutib oldi. Shuning uchun  buning yoqimli ekanidan zavqlanib, beixtiyor “Bolalarga bering dunyoni” deb aytgimiz keladi. Barchangizga ota-onalik baxti, bolalarga ta`lim-tarbiya o‘rgatish mas`uliyati muborak bo‘lsin. Xursandchiligingizdan doimo huzurlanib yashang.