PLASTIK KARTAGA O‘G‘RI TUSHDI

Pedagoglar eng ziyoli odamlar. Ular o‘qimishli, insoniy fazilatlari rivojlangan mutaxassislar bo‘lib, ibratli ishlari bilan namunali faoliyat yuritishi kerak. Nafs balosiga yo‘liqish esa jazolanishga olib kelishini ham to‘g‘ri tushunishadi. Guruch ko‘rmaksiz bo‘lmaganidek, pedagoglar orasida kasbdoshining mulkini o‘zlashtirish jinoyati uchrayapti.

56-maktab o‘qituvchisi K. L. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) 2022 yil 8 noyabr kuni soat 10.30 lar chamasi o‘zining telefon apparatini kasbdoshining yonida qoldirib yig‘ilishga kirgan. Yig‘ilishdan chiqqach shu kuni soat 11.30 larda mahallasidagi do‘kondan savdo qilmoqchi bo‘lgan. Shunda O‘zmilliybank aksiyadorlik jamiyati Qum‘qo‘rg‘on filiyalidan berilgan plastik kartasiga tushirilgan 1545000 so‘m puli yechib olinganini bildi. Tezda bankka kelib plastik kartasidagi pul mablag‘lari aylanmasi haqidagi ma`lumotlarni chiqarib berishini so‘radi. O‘g‘irlik sodir bo‘lganligi haqida yetarlicha asos oldi. Buni qarangki, o‘g‘ri kasbdoshi, o‘zi bilan bir maktabda ishlayotgan, psixolog D. P. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) bo‘lib chiqdi. U kasbdoshi maktabda yig‘ilishga kirishdan oldin yonida qoldirib ketgan telefonining orqa tarafidagi plastik kartani ko‘rgan. Shu plastik kartaning raqamlarini o‘zining telefoniga yozib Klik ilovadan Payses-1 ilova vositasida ro‘yxatdan o‘tkazib, pulni o‘zlashtirgan. Firibgar bu pulni “1-x-Bet” o‘yiniga sarflagan.

Tuman IIB xodimlarining tekshiruvlari natijasida firibgarning qora qilmishi fosh etilib, yashirincha o‘g‘irlaganligi aniqlandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘g‘on tuman sudi o‘z binosidagi ochiq sud majlisida shu o‘g‘irlik jinoyatini muhokama qildi. O‘g‘ri o‘zganing mulkini yashirin ravishda talon-taroj qilish, undan o‘z xohishicha foydalanish jinoyatini sodir etgan. Oqibatda fuqaroga moddiy zarar etkazgan. Sud uni aybli deb topdi, sutkaning kech soat 21.00 dan ertalab 6.00 gacha “Guliston” mahallasidagi yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qildi.  U tuman IIBning roziligisiz viloyatdan tashqariga chiqolmaydigan bo‘ldi.

                                                         F. XOLMURODOV,

Qumqo‘rg‘on tumani prokurorining katta yordamchisi