Eng yaxshi katta hamshiralar

Tuman tibbiyot birlashmasida mehnat qilayotgan shifokorlar hamshiralar bilan hamjihat, hamfikr bo‘lib bemorlarni davolayapti. Ular orasida Reanimatsiya bo‘limi katta hamshirasi Zulxumor Jo‘rayeva va Shoshilinch qabul bo‘limining katta hamshirasi Shahnoza Rahmonova namunali faoliyati bilan hurmatga sazovor bo‘lmoqda.

Z. Jo‘rayeva Denov tibbiyot bilim yurtida hamshiralik yo‘nalishida o‘qigan. 1994 yildan buyon 29 yildan ziyod vaqt mobaynida bu tibbiyot muassasasining reanimatsiya bo‘limida og‘ir bemorlarni jonlantirishda tibbiy yordam ko‘rsatayapti. Ularning sog‘ayishi uchun o‘z kasbiga sadoqat va mehr bilan yondoshib quvonarli natijalarga erishayapti. Yosh hamshiralarga ustozlik qilib kasb mahoratini o‘rgatayapti. Hamjihatlikda ishlab kasbdoshlari orasida obro‘ va e`tibor topdi.

Bundan tashqari, kasb vazifalarini sidqidildan bajarish bilan bir qatorda jamoat ishlarida ham faol qatnashayapti. 2017 yilda “Yilning eng yaxshi katta hamshirasi” ko‘rik-tanlovida faol ishtirok etib viloyat bosqichida faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Bu yil “Yilning eng yaxshi reanimatsiyasi hamshirasi” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida faxrli o‘rinni olib, viloyat bosqichiga chiqdi.

Shoshilinch qabul bo‘limining katta hamshirasi Shahnoza Rahmonova Termiz tibbiyot kollejida akusherlik yo‘nalishida tahsil olgan. 2019 yildan buyon tuman tibbiyot birlashmasining eng zarur jabhasida mehnat qilayapti. Dori-darmonlarning sifatini nazorat qilayapti. Tibbiyot xodimlariga bemorlar uchun dori-darmonlarni tarqatayapti. Tibbiy xizmat ko‘rsatib bemorlarning sog‘ayib uylariga qaytishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Sh. Rahmonova bu yil “Yilning eng yaxshi katta hamshirasi” ko‘rik-tanlovida ish jarayonlari ifodalangan fotolavhalar, kasallik turi bo‘yicha ma`ruza matni tayyorlab, onlayin tarzda qatnashmoqda. Tuman bosqichida birinchi o‘rinni egalladi. Endi viloyat bosqichida qatnashadi.

-Bu katta hamshiralar jonkuyar, fidoyi tibbiyot xodimlari sifatida mehnat jamoamizda yaxshi tanildi. Ular shifokorlarning ko‘rsatmalariga amal qilib, davolash ishlarini namunali bajarayapti. Ular sohamizda o‘tkazilayotgan ko‘rik-tanlovlarning nominatsiyalarida haqli ravishda bo‘limimizning sha`nini munosib himoya qildi. Hakamlar hay`ati ularni g‘olib deb topganidan mamnunmiz. Har ikki katta hamshiramizning viloyat bosqichida ham yuqori o‘rinlarni egallashiga tilakdoshmiz, – dedi Shoshilinch qabulxona bo‘limi boshlig‘i Ulug‘bek Musayev.

  N. MUHAMMADIYEV