Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘onda dala zahmatkashlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov haftalik ish rejasiga muvofiq qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Qumqo‘rg‘on tumanida bo‘ldi.

“Besh qahramon” hududidagi “Shohruh Fahriddinovich” fermer xo‘jaligining 14 gektarlik paxta maydonida ishchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi, nuroniylar va qishloq xo‘jaligi faxriylari bilan suhbat qildi. Asosiy dala ishlarini bajaruvchi zahmatkashlarning mehnati e’tirof etilib, ularga viloyat hokimligining sovg‘alari, velosipedlar topshirildi.

Viloyat rahbari ushbu fermer xo‘jaligi tomonidan paxtaga birinchi agrotexnik ishlov berish tadbirlarining tashkil etilishi bilan tanishib, dala chetlaridan samarali foydalanish bo‘yicha belgilab berilgan topshiriqqa asosan amalga oshirilgan ishlarni ko‘zdan kechirdi.

Yakunda joriy yilgi hosildorlik mo‘l-ko‘lchiligi uchun ehson qilinib, duoga qo‘l ochildi.

Paxtaga birinchi agrotehnik ishlov berish bo‘yicha navbatdagi seminar Qumqo‘rg‘on tumani “S. Boymatov” hududidagi “Nasiba Suyunova” fermer xo‘jaligining dala maydonida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, dala chetlaridan samarali foydalanish, parranda va asalari uyalari boqishni yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlar bilan tanishdi va fermer xo‘jaligi ishchilari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Dalada asosiy ishni bajarayotgan suvchilar, mexanizatorlar va ishchi ayollarga viloyat hokimligining sovg‘alari, shuningdek, elektromotorollerlar topshirildi. Ularning qilayotgan mashaqqatli mehnati doimo e’tiborda ekanligi ta’kidlandi.

Seminar davomida dala chetlariga tut va tok ko‘chatlari, loviya, mosh, oshqovoq, poliz urug‘larini ekish ishlarining borishi, g‘o‘zani kasallik va hashoratlardan himoyalash tadbirlari hamda asalari uyalarini joylashtirish, parranda boqish tartiblari mutaxassislar tomonidan ko‘rgazmali tartibda tushuntirilib, tavsiyalar berildi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumanida joylashgan “Janubiy Surxon suv ombori” ma’muriy binosida Bandixon va Qumqo‘rg‘on tumani aholisi vakillari hamda faollari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda aholining irrigatsiya tizimlari va oqova suvi bilan bog‘liq muammolari, murojaatlari tinglandi.

Aholi tomorqalari, ekin maydonlarini sug‘orishda yuzaga kelayotgan muammolar, fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalar mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqildi. Suv nasoslari o‘rnatish, oqova suvlarini yaxshilash bilan bog‘liq infratuzilmani rivojlantirish, limitlarni oshirish, suv quvurlari tortish kabi ishlarni amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, hududlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali eng muhim va kamayib borayotgan suv resurslaridan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish, aholining suvdan samarali foydalanish madaniyatini oshirish yuzasidan targ‘ibotlarni kuchaytirish topshirildi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov rahbarligida Qumqo‘rg‘on tumani madaniyat markazida ijtimoiy soha obyektlarini isitishda davlat-xususiy sherikchilik asosida autsorsing xizmatini joriy etish, yoqilg‘i quyish shahobchalarida quyosh panellari o‘rnatish va faoliyatini takomillashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab, ijtimoiy soha obyektlari va aholi ehtiyoji uchun zarur bo‘lgan ko‘mir zaxirasini hozirdan shakllantirish masalalari muhokama qilindi. Viloyat iste’molchilari uchun 2023-2024 yillarda kuz-qish mavsumi uchun  jami 215,3 ming tonna ko‘mir talab etiladi. Talab 149,5 ming tonna mahalliy ko‘mir va 65,8 ming tonna import ko‘mir hisobiga qoplanadi.

Shuningdek, ijtimoiy soha obyektlarida autsorsing xizmatini joriy qilgan holda markazlashgan isitish tizimlarini yo‘lga qo‘yish, benzin va “Metan zapravka”larda quyosh panellari o‘rnatish, qo‘shimcha rezervuarlar tashkil etgan holda yoqilg‘i zaxirasini yaratish bo‘yicha mas’ullarga vazifalar belgilab berildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati