Maktab – aziz dargoh

Husniddin Azizov degan tadbirkor Qumqo‘rg‘ondagi o‘zi o‘qib bitirgan 14-maktabni mening maktabim, mening universitetim deb ulug‘laydi. Husniddinni sizga ikki og‘iz gap bilan tanishtirsam:-Yangiqishloq mahallasida yashaydi. Ma’lumoti o‘rta. Qirq yoshni to‘ldirgan. Uch farzandning otasi. “Asilbek Najmiddin MChJ”ning sohibi. Chehrasi ochiq ba’mani yigit. Harakatlarida zavqu shiddat borligidan bilsa bo‘ladiki, ishlari saranjom-sarishtali. Reja va niyatlari ravon.

Faqat…har-har zamonda hayoliga uriladigan o‘n yil maktabga qatnab, nega yaxshi, a’lo baholar bilan o‘qimadim. Axir husnixatim va xotiram yomon emasdi-ku degan gapdan sal bezovtalanganday bo‘ladi. Qani ediki o‘quvchilik yillarim qaytib kelsa deydi.

Shu bezovtalik sabab bo‘ldimi, keyinchalik u maktabga tez-tez borib turishga odatlandi. To‘ng‘ich o‘g‘li Asilbek hozir 7-sinfda o‘qiyapti. Asaloy ha demay 4-sinfni bitiradi. Ularning ikkovidan ham Najmiddinning zehni o‘tkirroqday. Najmiddin 1-sinf o‘quvchisi. Maktabga borganida Husniddin o‘qituvchilardan shu bolakaylarining hulqi-yu qanday o‘qiyotganini surishtiradi. Ularning yaxshi o‘qishi avvalo o‘ziga kerak. Ota-onalari uchun kerak. To‘g‘risini aytinglar deydi.

Bir borganida Husniddin Najmiddin o‘g‘li o‘qiyotgan sinfxonaga kirdi. Nechanchi qatorda, qanday partada, kim bilan o‘tirishini kuzatdi. Sinfxonadan chiqib to‘g‘ri maktab direktorining xonasiga o‘tdi. Najmiddin o‘qiyotgan sinfning sharoiti ko‘nglimga o‘tirmadi. Domla, xo‘p desangiz shu sinfxonani qo‘limdan kelganicha ta’mirlab bersam dedi.

Bunday xayrli gapga xo‘p demay bo‘larkanmi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmadi. Qurilish ashyolari olib kelindi. Ustalar ishni boshlab yuborishdi. Xonaning tagi mog‘orlanib ketgan linoneumi olib tashlandi. Polga zax o‘tkazmaydigan moslama to‘shaldi. Deraza romlari va eshiklar ham qishning namidan va yozning oftobidan rangi o‘ngib hilvirab qolgan ekan. Olib tashlandi. Romlari-yu oynalari yaltillagan derazalar o‘rnatildi. Eshikning ham zulpagi-yu qulf-kaliti mahkamidan topdilar. Devorlarga qaragan odamning aksi ko‘rinadigan suvoq va bo‘yoq ishlari bajarildi. Yangi doska qo‘yildi. Xullas bundan qariyb qirq yil avval qurilgan, shu vaqtgacha durust-to‘rali ta’mir ko‘rmagan xona xuddi bodomning guliga o‘xshab yashnab, jilolanib qoldi.

– Sinfxonani ta’mirlaganim mening Mustaqilligimizning 32 yillik bayramiga qilgan kamtargina tuhfam, – deydi Husniddin.

-Bundan oldin ham Husniddin Azizov maktabning yumush va tashvishlariga hamisha bosh qo‘shib kelganini e’tirof qilamiz, – deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy-tarbiyaviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Shavkat Majidov. – Maktab hovlisiga kiraverishdagi Prezidentimizning Besh tashabbusi deb nomlangan rangli pannoni bizga shu tadbirkor tayyorlatib bergan. Kutubxonamizga tez-tez yangi kitoblar olib kelib turadi. Madaniy-ma’rifiy tadbirlarimizning mazmunli va qiziqarli o‘tishi uchun yaqindan yordamlashadi. Tanlovlarda g‘olib kelgan o‘quvchilarga esdalik sovg‘alari ulashadi. O‘quvchilar ham uni ustozlari qatorida ko‘radilar.

Navbatdagi suhbatimizda Husniddin o‘z mahallasining jamoa ishlariga qo‘shayotgan hissasi haqida gapirdi: – Mahallaning futbol jamoasini otaliqqa olipti. Futbolchilar uchun o‘ttizta butsi, boshqa sport liboslari xarid qilayotganmish.

-Futbol jamoasining murabbiysi ham o‘zimman, – deydi Husniddin.- Shu sport turi bo‘yicha  tumanimiz mahallalari o‘rtasida bo‘ladigan musobaqalarga tayyorgarligimiz yomon emas. Mahallaning sport o‘yingohini ham ta’mirlashni reja qilayapmiz. Bu ishlarga mahallaning boshqa tadbirkorlari ham  bosh qo‘shishmoqda. Birlashgan o‘zar. Ko‘z qo‘rqoq, qo‘l botir deydi xalqimiz.  Birlashib, ko‘paylashib harakat qilsak, farzandlarimizni deb, mahallamizni deb, yurtimizni deb yashasak sira kam bo‘lmaymiz.

         Olimjon USANOV,

O‘zbekiston Respublikasida Xizmat ko‘rsatgan jurnalist