AVTOHALOKAT – UMR ZAVOLI

Fuqarolarga avtomobilni boshqarish qoidalari, yo‘l belgilari, tezlik me`yorlari tushuntirilib, qat`iyan rioya qilish talab etilmoqda. Transportni to‘g‘ri boshqargan shaxslar og‘irini yengil, uzoqni yaqin qiluvchi qulaylikdan yaxshi foydalanayapti. Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan avtomobil yo‘llarida harakatlanish nazorat qilinayapti. Bu ham haydovchilarning hushyor va sergak bo‘lishiga ko‘maklashmoqda. Shunga qaramasdan ayrim shaxslar tomonidan yo‘l harakati hodisasi sodir etilayapti.

Qumqo‘rg‘on tumani To‘da mahallasida yashovchi K. R. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) o‘g‘lining nomiga rasmiylashtirilgan 75 K 448 GA davlat belgili “Neksiya” avtomobilini 2022 yil 12 oktabrda boshqardi. Tanishi S. P. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) bilan Ko‘ganli mahallasi hududidagi avtomobilga gaz yoqilg‘isini quyish shoxobchasiga borib, transportga gaz yoqilg‘isini quydirgan. Avtomobilda To‘da mahallasidagi uyiga borish uchun jo‘nadi. Cho‘kirli mahallasi hududidan o‘tuvchi “Bandixon-Qumqo‘rg‘on” tumanlari yo‘nalishidagi 4P 105 avtomobil yo‘li bo‘ylab harakatlandi. O‘sha paytda Cho‘kirli mahallasida yashovchi velosiped haydovchisi E. A. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) ham shu yo‘l bo‘ylab velosipedni boshqardi. Soat 21. 30 larda velosiped haydovchisi o‘zi boshqaruvidagi velosipedni yo‘lning asfalt qismi tomonga burish va avtomobil haydovchisi Yo‘l harakati qoidalari 77-bandida ko‘rsatilgan tartiblarga zid harakatni sodir etdi. Oqibatda  velosiped va yengil avtomobil o‘rtasida yo‘l harakati hodisasi yuz berdi. Velosiped haydovchisi avtomobilning old qismi bilan urib yuborish tufayli tan jarohati oldi.  Avtomobil haydovchisi jabrlanuvchini shu yerdagi tibbiyot bo‘limiga olib kelib, birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatishdi. Ahvol og‘irligi sababli tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinib zarur yordamlar amalga oshirilsada kech bo‘ldi. Velosiped haydovchisi vafot etdi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi 2023 yil 8 fevralda o‘z binosida bu jinoyat ishi bo‘yicha ochiq sud majlisini o‘tkazdi. Sud-tibbiy ekspertizasining 2022 yil 12 oktabrdagi, sud-avtotexnika ekspertizasining 2022 yil 29 noyabrdagi xulosalari, sud, sudlanuvchi, jabrlanuvchining qonuniy vakili, guvohlarning ko‘rsatuvlari, jinoyat ishi hujjatlari, dalillar asosida jinoyat aniqlandi. Avtomobilni boshqargan K. R. (ismi, familiyasi o‘zgartirildi) aybli deb topildi. U 2 yil barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan va 4 yil ozodlikdan mahrum qilindi.

Yo‘l transport harakati tartiblariga rioya qilmaslik oqibatida bir nafar fuqaro bevaqt vafot etdi, aybdor esa qamoqqa olindi. Bunday noxush holatlar barchaga saboq bo‘lishi, transport hodisalarini sodir etishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak.

                                                      Sh. AKRAMOV,

                              Qumqo‘rg‘on tumani prokurori