ZO‘RAVONLIK JAZOSIZ QOLMAS

Insonlar xatti-harakatlarida o‘zaro munosabat me`yorlariga, muomala madaniyatiga amal qilishishda xatoliklarga yo‘l qo‘ymoqda. O‘zboshimchalik bilan munosabatni oydinlashtirishga kirishish og‘ir oqibatga olib kelayotganligi ham sir emas. Bu katta yoshli odamlar orasida tarbiyaning buzilishimi yoki ko‘rib ko‘rmaslik, bilib men sendan zo‘r qabilida manmansirash tufayli avj olgan illatmi? Bir joyda huquqbuzarliklarning sodir bo‘layotganligi aqlli, farosatli insonlarning kamchiliklarni bartaraf etishga chorlaydi, albatta.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tuman sudi o‘z binosida 2023 yil 21 fevraldagi ochiq sud majlisida shunday jinoyat ishini ko‘rib hal qildi. Shu tumandagi Do‘stlik mahallasida yashovchi, “Surxon parmalash ishlari” aksiyadorlik jamiyatida ishchi va mexanik bo‘lib ishlovchi aka-uka Z. X va M. X. (ismlari, familiyalari o‘zgartirildi) o‘zboshimchalik, zo‘ravonlik bilan o‘ziga yaqin odamlarga boshqalarning munosabatini yaxshilamoqchi bo‘ldi. Odamlar orasida “Gumon iymondan ayiradi” degan gap bor. Ishdan bo‘sh vaqtlarda avtomobilda taksichilik qilib ona va bolani bog‘chaga olib borib qo‘ygan ukada yo‘lovchi ayolga nisbatan ishqiy munosabat paydo bo‘ldi degan vaj katta janjallarni keltirib chiqardi. Ayolning turmush o‘rtog‘i surunkali o‘zaro kelishmovchilikdan keyin paydo bo‘lgan telefon so‘zlashuvlariga oydinlik kiritmoqchi bo‘ldi. Ammo aka-uka bilan suhbatlashish uchun bo‘lgan uchrashuvlarda do‘pposlandi. Qo‘shimcha ravishda boshqa shaxslar ham janjalli holatlarga aralashtirildi. Adolat istab kelgan odam nohaqliklarga duch keldi. Oq-qoraning farqini biluvchi aholi vakillari, tibbiyot xodimlari jabrlanuvchiga yordam berdi.

Sud bu jinoyat ishini sudlanuvchi, jabrlanuvchi, guvohlar ishtirokida, taalluqli hujjatlar, dalillar asosida  o‘rganib chiqdi. Zo‘ravon aka-uka jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Ularning har biriga Do‘stlik mahallasidagi yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat bir yil olti oy muddatga ozodlikni cheklash jazolari tayinlandi. Zimmalariga Qomqo‘rg‘on tuman IIBning roziligisiz yashash va ish joyini o‘zgartirmaslik, Surxondaryo viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik majburiyatlari yuklandi.

                    A. OSTONOV,

Qumqo‘rg‘on tumani prokurorining yordamchisi