Cho‘milishda ehtiyotkorlik – xavfsizlik garovi

Yoz mavsumida kunning issiq harorati kishining cho‘milishga bo‘lgan ehtiyojlarini oshiradi. Shu sababli nafaqat kichik yoshdagilar, balki yoshi katta kishilarni ham suzish havzalarida uchratamiz. Cho‘milish masalasida doimo hushyor bo‘lish cho‘kish bilan bog‘liq mudhish holatlarning oldini oladi. Siz bilan cho‘kish bilan bog‘liq favqulodda holatlarning oldini olishda nimalarga e`tibor berish kerakligi, shuningdek, foydali ayrim maslahatlarga to‘xtalib o‘tamiz. Bolalar yoki birinchi marotaba suvga tushgan katta yoshdagilarni suzishga o‘rgatish joyining chuqurligi 60-90 santimetr bo‘lishi kerak. Bunda oyoqlar tayanchga ega bo‘ladi. Ochiq suv havzasida suzishga o‘rganishda chuqurlik va oqim tezligi inobatga olinadi.

Oqim tezligi daqiqasiga 10 metrdan oshmasligi zarur. Yoz oylarida farzandlarimizni suzishga o‘rgatish vaqtini to‘g‘ri tanlash kerak. Ertalab soat 10.00 dan 12:00 gacha va kechqurun soat 17:00 dan 19:00 gacha quyoshning ultrabinafsha nurlari ko‘p bo‘ladi va ana shu soatlarda cho‘milish juda foydali. Cho‘milish muddati 5 daqiqadan 25-30 daqiqagacha davom etishi mumkin. Bunda bolaning yoshi, suzishga tayyorgarligi, suvning haroratiga e`tibor berib, suzish muddati asta-sekin oshirib boriladi. Yoz paytlari katta yoshdagi bolalar suv harorati +18  bo‘lganda, kichik yoshlardagilar +20 +28 dan kam bo‘lmaganda ochiq suv havzalarida cho‘milishi mumkin. Agar suvning harorati +16 dan past bo‘lsa cho‘milmaslik kerak. Suvga tushishdan oldin bosh, ko‘krakni ho‘llab, so‘ng suvga sho‘ng‘ib olish darkor.

Ta`kidlash joizki,  ayni yoz mavsumida cho‘kish bilan bog‘liq mudhish hodisalar uchrab turibdi. Bunday fojeaga asosan ota-onalar, kattalar tomonidan bolalarning cho‘milishini nazorat qilish bo‘shashtirilgani, mahalla, maktab, kollej, akademik litsey va boshqa xizmat xodimlarining yoshlar orasida tushuntirish ishlari qoniqarsiz olib borayotgani, shuningdek, bolalarning suzishni bilmasligi ham sabab bo‘lmoqda. Ekspertiza xulosalari va tahlillarga qaraganda suvda cho‘kish ta`qiqlangan joylarda cho‘milish, suzishni bilmaslik, spirtli ichimlik ichib mast holatda cho‘milish oqibatida sodir bo‘lmoqda.

Cho‘milishda hushyor bo‘lish kishi salomatligi va xavfsizliginining garovidir. Yurtimizda mavjud cho‘milish havzalaridan foydalanishda hushyor bo‘lish, ma`lum qoidalarga amal qilish, farzandlaringizning ta`qiqlangan joylarda cho‘milmasligini nazorat qilish xavfsislikni ta`minlaydi.  Cho‘milishda baxtsiz hodisalarni sodir etmaslik barchaning burchi ekanligini unutmang.

                             R. ARTIQOV,

tuman FVB FVDT va FM bo‘linmasi boshlig‘i