O‘QUVChILAR DARSGA O‘Z VAQTIDA KELMASA KIM JAVOBGAR?

Sababsiz kelmagan o‘quvchilar uchun maktab direktoriga, ularni yubormagan ota-onalarga va o‘quvchisi qolgan sinf rahbarlariga qanday chora ko‘riladi?

YURIST JAVOBI:

 Ota-onalarga nisbatan ma’muriy javobgarlik chorasi qo‘llaniladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks  47-moddasiga asosan ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik, shu jumladan voyaga yetmagan bolalarning ma’muriy huquqbuzarlik sodir etishiga olib kelishi:

— bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shunga ko‘ra bolasini maktabda yubormagan ota-onalarga yuqoridagi modda bilan jarima qo‘llaniladi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 27.06.2023 yildagi 190-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi sinf rahbarining yo‘riqnomasiga muvofiq, sinf rahbari sinfdagi davomatni nazorat qilishi, bu haqida ota-onalar bilan bog‘lanib, kelmaganlik sabablarini aniqlashi va maktab rahbariyatiga axborot kiritishi kerak.

Ushbu buyruqning 1-ilovasi hamda Xalq ta’limi vazirligining 01.07.2021 yil 206-sonli buyrug‘iga asosan MMIBDO‘ning lavozim majburiyatlaridan biri bu sinf rahbarlarining faoliyatini tashkil etish, o‘quvchilarining davomatlarini nazorat qilish hisoblanadi.

Shunga ko‘ra, agar sinf rahbar yuqoridagi majburiyatni bajarmagan bo‘lsa, unda sinf rahbarga Mehnat kodeksi 312-moddasiga asosan intizomiy ta’sir chorasi qo‘llaniladi.

 Biroq, sinf rahbar davomad masalasida o‘z majburiyatini bajarganda bu javobgarlik MMIBDO‘ga nisbatan qo‘llaniladi.

Tayyorladi : Qumqo‘rg‘on tuman Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi D.Xudoyqulova

Dorixona ochish uchun farmatsevtika yoki tibbiyot sohasini bitirgan bo‘lish shartmi? Puli bor xohlagan odam ocholadimi?

YURIST JAVOBI:

Dorixonani har qanday shaxs ochishi mumkin.

Faqat qonunchilikda belgilangan litsenziya talablarini bajarishi kerak.

Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan «Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida yagona» NIZOMning 29-ilovasi «Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyatini litsenziyalash PASPORTI»   buyicha litsenziya talabgori yuridik shaxs bo‘lishi kerakligi belgilangan. Yuridik shaxs bu o‘z mulkida, xo‘jalik yuritishida yoki operativ boshqaruvida alohida mol-mulkka ega bo‘lgan hamda o‘z majburiyatlari yuzasidan ushbu mol-mulk bilan javob beradigan, o‘z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘la oladigan va ularni amalga oshira oladigan, majburiyatlarni bajara oladigan, sudda da’vogar va javobgar bo‘la oladigan tashkilotdir.

 Shunday ekan mazkur yuridik shaxs muassisining kasbi nima bo‘lishi qiziq emas. U belgilangan talablarni bajarsa bo‘ldi. Dorixonaning haqiqiy egasi u.

Yuqorida keltirilgan hujjatning “g” bandiga muvofiq yuridik shaxs shtatida kamida bir xodim — oliy farmatsevtik yoki oliy farmatsevtika ta’lim muassasasida maxsus tayyorlov kursini tugatgan oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lgan dorixona mudirining mavjudligi talab etiladi.

Shunday ekan yuridik shaxsning egasi farmatsevt bo‘lishi shart emas. Ammo dorixonada savdoni amalga oshiradigan xodimlar farmatsevt bo‘lishi lozim.

Tayyorladi: Qumqo‘rg‘on tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i R.Sultanov

XODIM KASABA UYUShMASIGA PUL TO‘LAMASA HAM BO‘LADIMI?

Assalom alaykum savolim shundan iboratki Men kasaba uyushmasi uchun yigiladigan badaldan voz kechmokchiman shuning uchun konuniy maslaxatingiz juda muxim

YURIST JAVOBI:

Kasaba uyushmasiga kirish va chiqish ixtiyoriy.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 73-moddasi birinchi qismiga ko‘ra kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar.

Ushbu moddaning ikkinchi qismida kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish ixtiyoriy ekanligi mustahkamlangan.

 Ikkinchidan, Kasaba uyushmalari to‘g‘risidagi qonunning 18-moddasiga muvofiq ish beruvchi kasaba uyushmasining a’zolari bo‘lgan xodimlarning yozma arizalari mavjud bo‘lganda kasaba uyushmasining tegishli hisobvarag‘iga xodimlarning ish haqidan ushlab qolingan kasaba uyushmasiga a’zolik badallarini, agar jamoa shartnomasida, kelishuvida shunday qoida nazarda tutilgan bo‘lsa, o‘z vaqtida o‘tkazishi shart.

Shunga ko‘ra sizdagi vaziyatda bemalol kasaba uyushmasi badalini ixtiyoriy asosda to‘lashingiz mumkin.

 Mehnat kodeksining 269-moddasiga ko‘ra xodimning yozma roziligi bilan uning ish haqidan ushlab qolish mumkinligi keltirilgan. Mazkur normaning ikkinchi qismida xodimning roziligisiz uning ish haqidan ushlab qolish asoslari belgilangan bo‘lib, unda kasaba uyushmasiga a’zolik badallarini majburiy ushlab qolish qayd etilmagan.

Shunga ko‘ra sizdagi holatda a’zolik badali faqat sizning roziligingiz bilan ushlab qolinadi. Agar rozi bo‘lmasangiz, unda badal ushlab qolinmaydi.

Tayyorladi : Qumqo‘rg‘on tuman Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i S.Mengliqulov

Yosh bolasi bor xodimlarga ish joyida qanday imtiyozlar bor?

Assalom aleykum! Savolim bor edi. 2 yeshga tulmagan yosh bolali ishlaydigan ayolga imtiyozlar bormi?

YURIST JAVOBI:

Bolasi 2 yoshga to‘lmagan xodimlarga mehnat qonunchiligida bir qator imtiyozlar belgilangan.

Xususan,

Ikki yoshdan uch yoshgacha bo‘lgan bolani haqiqatda parvarishlayotgan bolaning ota-onasidan biriga ish haqi saqlanmaydigan ta’til majburiy tartibda beriladi (Mehnat kodeksi 242-moddasi);

Ikki yoshga to‘lmagan bola parvarishini amalga oshirayotgan ota-onadan biri (vasiy) avvalgi ishini bajarishi mumkin bo‘lmagan taqdirda, o‘z arizasiga ko‘ra bajariladigan ishi uchun haq to‘lanadigan, biroq avvalgi ishi bo‘yicha o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmagan miqdorda bola ikki yoshga to‘lguniga qadar ish haqi to‘lanadigan boshqa ishga o‘tkaziladi. (MK 395-m);

 Ikki yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasidan biriga (vasiysiga) dam olish va ovqatlanish uchun tanaffusdan tashqari bolani ovqatlantirish uchun qo‘shimcha tanaffuslar beriladi (MK 407-m).

Bunda tanaffuslar kamida har uch soatda, har biri o‘ttiz minutdan kam bo‘lmagan davomiylikda beriladi. Ikki yoshga to‘lmagan ikki yoki undan ortiq nafar farzandi bo‘lgan taqdirda, tanaffusning davomiyligi kamida bir soat qilib belgilanadi. Shuningdek, bolani ovqatlantirish uchun tanaffuslar ish vaqtiga kiritiladi va o‘rtacha ish haqi bo‘yicha haq to‘lanadi;

 Uch yoshga to‘lmagan bolaning budjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) haftasiga o‘ttiz besh soatdan oshmaydigan ish vaqti davomiyligi belgilanadi (MK 397-m).

 Uch yoshgacha bolasi bor ayol yoxud uch yoshgacha bo‘lgan bolani yolg‘iz tarbiyalayotgan ota (vasiy) bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi (MK 409-m).

Tayyorladi Qumqo‘rg‘on tuman YuXKM bosh maslahatchisi F.Mamatov

Ota-onalarning har qanday yoshdagi farzandlari kontrakti uchun to‘lagan pullari daromad solig‘idan ozod qilinadi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-891-son,  28.12.2023 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi  va unga ko‘ra Ota-onalar har qanday yoshdagi farzandlarining professional va oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qishi uchun to‘lagan pullari daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Ilgari faqat 26 yoshgacha bo‘lgan farzandlar uchun to‘langan pullardan daromad solig‘i olinmagan.Ushbu Qonun 2024 yil 1 yanvardan  kuchga kirdi.

Tayyorladi: Tuman YuXKM bosh maslahatchisi S.Choriyev

Maktablarda sinfxonalarga kamera o‘rnatish uchun o‘qituvchilardan pul yig‘ish mumkinmi?

Salom. Maktab sinfga kamera o‘rnatish uchun o‘qituvchidan pul talab qilishi mumkinmi?

YURIST JAVOBI:

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumta’lim maktabi to‘g‘risida”gi nizomning IV bo‘limi maktablarning moliya-xo‘jalik faoliyatiga bag‘ishlangan.

Mazkur bo‘limda maktabning moliyaviy mablag‘i davlat budjeti va maktabning boshqa manbalardan tashkil topuvchi o‘z mablag‘lari hisobiga shakllantirilishi belgilangan. Maktabning moliyaviy mablag‘lari uning to‘la ixtiyorida bo‘lib, uni taqsimlash huquqi Maktab kengashiga tegishlidir.

Maktabning o‘z mablag‘lari quyidagi asosiy manbalar hisobiga shakllanishi mumkin:

•  maktabning xo‘jalik faoliyatidan, maktab tomonidan ko‘rsatilgan pulli xizmatlardan, maktab binosi va jihozlarini ijaraga berishdan olingan daromadlar;

•  davlat, tashkilotlar, ota-onalar va boshqa fuqarolarning ixtiyoriy badallari;

•  maktab ustaxonalari, maktab uchastkasi va issiqxonalari mahsulotlarini sotishdan tushgan daromadlar.

Mazkur qoidaning mazmunidan ko‘rinib turibdiki, maktab faqat ixtiyoriylik asosida ota-onalar va boshqa fuqarolar(o‘qituvchilar ham shular qatoriga kiradi)dan pul mablag‘lari qabul qilishga haqli.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirining 2018 yil 26 dekabrdagi 16-mh-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqida”gi na’munaviy nizomning 31-bandiga muvofiq ta’lim muassasasida o‘quvchilar va ularning ota-onalaridan turli xil sabablar bilan Kengash a’zolari, ta’lim muassasasi rahbari va boshqa xodimlari tomonidan pul mablag‘larini yig‘ish qat’iyan taqiqlanadi.

Shuningdek, Maktab hududiga kamera Xavfsiz Maktab dasturi asosida maktab va vazirlik mablag‘lari hisobidan o‘rnatishi mumkin.

Tayyorladi Qumqo‘rg‘on tuman YuXKM bosh maslahatchisi O.Xursandov