O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 15-fevraldagi       “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun  hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy  manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan  o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi  O‘RQ-817-sonli qonuni haqida

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ–817, 15. 02. 2022-y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Xususan,  O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta`minoti to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini aniqlash mezonlari kiritildi.

Mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligi komissiya tomonidan har chorak yakunlariga ko‘ra quyidagi mezonlardan biri asosida belgilanadi:

1.      Mahkumning mehnatga vijdonan munosabatda bo‘lishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil ishlash ko‘nikmalarining shakllanganligi, o‘qishga va kasb-hunar o‘rganishga qiziqishi;

2.      Mahkumning jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-ma`rifiy tadbirlardagi ishtiroki, uning tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat bo‘lishga intilishi;

3.      Mahkumning jazoni ijro etish muassasasida o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, mahkumga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilganligi, unga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilmaganligi.

 Mahkumni tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmagan deb topish to‘g‘risidagi xulosa komissiya tomonidan rasmiylashtiriladi va mahkumning shaxsiy yig‘ma jildiga qo‘shib qo‘yiladi.

Shu bilan birga, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar ishdan bo‘sh soatlarda, tungi dam olish uchun ajratilgan vaqtdan tashqari, kinofilmlar va teleko‘rsatuvlar ko‘rish, radio eshittirishlar eshitish huquqiga ega bo‘ldi.

                                       D. XUDOYQULOVA,

        tuman Adliya bo‘limi bosh maslahatchisi