Qumqo‘rg‘onda sektorlarga biriktirilgan mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi

Avval xabar berilganidek, hududlarda mahallalar infratuzilmasini yaxshilash, aholi turmush farovonligini oshirish, muammolarni manzilli hal etish, obodonlashtirish va tozalash ishlarini olib borish maqsadida har bir sektor rahbariga hududidagi eng og‘ir toifadagi mahallalar biriktirilgan. Sektor rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarni joyida o‘rganish, belgilangan vazifalar ijrosini ko‘zdan kechirish maqsadida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumanida bo‘ldi.

Tumandagi 4 ta sektor rahbariga o‘z hududlarida og‘ir toifa sifatida tanlab olingan “Xo‘jamulki”, “Yangi qishloq”, “G‘alaba” va “Bog‘aro” mahallalari biriktirilgan. Mazkur mahallalarda amaliy ishlar boshlangan. Jumladan, tanlab olingan 4 ta mahallaning har birida 3 km ichki tuproq yo‘llarni toshlash ishlari olib borilmoqda. Tadbirga 100 ta maxsus texnika, 50 nafardan ortiq ishchi xodimlar jalb qilingan. Shuningdek, har bir mahallada viloyat tibbiyot muassasalarining malakali shifokorlaridan iborat guruh tomonidan 3 ta maxsus tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan mobil tibbiy transportlarda aholining barcha qatlamlari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Viloyat hokimi mazkur tadbirlar oldidan tashkil etilgan yig‘inda mahallalar infratuzilmasi va aholi turmush sharoitlarini yaxshilash borasidagi ishlarni o‘z muddatida va sifatli amalga oshirish lozimligini, bu borada sektor rahbarlari hamda tuman mutasaddilariga shaxsiy mas’uliyat yuklanishini ta’kidladi. Tuman sektor rahbarlariga tuproq yo‘llarni toshlash, ta’mirlash, ariq, zovur va ko‘chalarni tozalash, tartibga keltirish, devorlar, daraxt va butalarni oqlash, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash kabi tadbirlarni amalga oshirish topshirildi. Bajarilgan ishlar, amalga oshirilgan tadbirlar qayta o‘rganilishi belgilandi. Shuningdek, viloyat hokimi ushbu mahallalarda fuqarolar bilan ham uchrashib, ularning muammo va murojaatlarini tingladi. Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan har bir masala shu yerning o‘zida mas’ullar ishtirokida ko‘rib chiqildi, ayrimlariga yechim topilgan bo‘lsa, ijrosi muddat talab qiladigan murojaatlar tegishliligi bo‘yicha boshqarma, tashkilot va korxona rahbarlariga hamda tuman mutasaddilariga ijro uchun yo‘naltirildi. Hududlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarning ijrosini tanqidiy o‘rganish ishlari davom etadi.

Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi Axborot xizmati