Baxtli oila kaliti – ayol!

Joying poygak bo‘ldi, doim, to‘r emas,

Mehnating, zahmating oshkor, sir emas,

Joningni dedilar qirqta, bir emas,

Men seni azizam deyinmi ayol?

Ayol – borliq ko‘zgusi. Uning go‘zalligi olamni charog‘on etadi, chunki uning niyati pok, o‘zi pok. Shu bois, uni avaylab, asragan yurtning kelajagini porloq deb naql qilishadi. Shu ma’noda, buni O‘zbekistonimizga va uning biri-biridan latofatli, oqila o‘zbek ayollariga nisbat qilsak, xato bo‘lmaydi. Bu bejiz emas. Zero, onalarning, ayollarimizning baxti-oilalarimiz, xalqimiz, ona Vatanimizning baxti, saodatidir.Ayol go‘yoki 8-mo‘jiza, bir qiyofada u ham ona, ham singil, ham shifokor, ham pazanda, ham ustoz, albatta uning qirralari beqiyosdir.Shunday ekan, ularni nafaqat 8-mart «Xalqaro xotin-qizlar» kunida, balki, har doim e’tibor markazida tutishimiz lozim. Bu kun har bir ayolga o‘zgacha shukuh bag‘ishlaydi. Keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq-manfaatlarini, gender tenglikni ta’minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Tumanimiz xotin-qizlarini go‘zallik va nafosat ayyomi – 8 mart Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan muborakbod etaman. Barcha opa-singillarimizga tinchlik-xotirjamlik, mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt-saodat tilayman.

   Matluba Mahmudova,

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati