Vatan himoyasi – muqaddas burch

Ona Vatan! Nima uchun Vatanni ona so‘zi bilan yonma-yon ishlatamiz? Chunki, Vatan ham onamiz singari aziz, mehribon va qadrlidir. Inson dunyoga kelmasidan avval onaning vujudida ulg‘aysa, dunyoga kelganidan keyin esa endi Ona Vatanda unib o‘sadi. Kishining tug‘ilganda kindik qoni to‘kilgan yer uning Vatani hisoblaniladi. Mana shu Vatanini asrab-ardoqlash, himoya qilish har bir insonning muqaddas burchidir. Har bir el, har bir millat uchun o‘zining tug‘ilib o‘sgan vatanidan ardoqliroq maskan bo‘lmasa kerak.

Demak, ona vatanini sevish, undagi bor narsalarni ardoqlash va sog‘inib yashashlik insoniyat fitratida mavjud bo‘lgan nozik his-tuyg‘udir. Qayerga bormasin kishi o‘z vatanini baribir qumsayveradi. Chunki, inson dunyo yuzini ko‘rgach birinchi bo‘lib vatanidagi havodan nafas ola boshlaydi, vatanidagi tuproqda ilk qadamlarini qo‘yib yurishni o‘rganadi, dunyoni tanishni shu vatanni anglashdan boshlaydi. Ilk kindik qoni to‘kilgan, dastlabki qadamlarini qo‘ygan tuproqni himoya qilishlik barchamizning Vatan oldidagi muqaddas insoniylik   burchimiz hamdir.

Mustaqillik yillarida yurtimizda davom etayotgan moddiy va ma’naviy taraqqiyot asosida tinchlikni saqlash, iqtisodiyotni rivojlantirish va xalqimiz turmush darajasini yanada yuksaltirish borasida ulkan natijalarga erishildi. Shu maqsadda 1992-yil 14-yanvar kuni mustaqil davlatimiz tarixida yana bir muhim voqea yuz berdi. Huddi mana shu kun Respublikamiz Qurolli Kuchlari tashkil topdi. 14-yanvar yurtimizda «Vatan himoyachilari kuni»- deb e’lon qilindi. Bu yil Respublikamiz Qurolli Kuchlari tashkil topganiga 31 yil to‘ldi. Bunday qisqa vaqt davomida milliy armiyamiz hech bir mamlakatdan ortda qolmaydigan darajadagi qurol-aslahalarga, jangovor uskunalarga ega bo‘ldi. Respublikamiz Qurolli Kuchlarida xizmat qilayotgan askarlarning saviyasi esa ham ma’nan, ham jismonan yuksak darajaga yetib ulgirdi desak aslo mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Yurtitmizda har yili 14-yanvar kuni «Vatan himoyachilari kuni» ga bag‘ishlab turli bayram dasturlari, ko‘rik-tanlovlar, davra suhbatlari, musobaqalar o‘tkaziladi va o‘z Vataniga chin sadoqat bilan xizmat qilib kelayotgan bir qator harbiylarimiz yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlanadi. Bunday dasturlar Vatanimiz himoyachilarini rag‘batlantirishga xizmat qilibgina qolmay , atrofdagi yoshlarga vatanga mehr-muhabbat, vatanimiz himoyachilariga nisbatan yuksak ehtirom tuyg‘ularini shakillanib borishiga yordam beradi va bo‘lajak Vatan himoyachilari ma’naviyatlarini yuqori darajaga ko‘tarib, jismonan baquvvat, aqlan yetuk, sergak bo‘lib kamolotga yetishishlarida katta ahamiyat kasb etadi.

Mustaqillik yillarida Qurolli Kuchlarimiz salohiyatini mustahkamlash, zamonaviylashtirish va isloh qilish yo‘lida amalga oshirilgan barcha sa’y-harakatlar mustaqilligimizni asrab-avaylash, sarhadlarimiz daxlsizligi, osmonimiz musaffoligi hamda el-yurtimiz osoyishtaligini ta’minlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

            Sardor Xolmamatov