Qumqo‘rg‘on tumanidagi korxonalar    faoliyati va loyihalar taqdimoti bilan tanishildi

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Qumqo‘rg‘on tumanida bo‘lib ishlab chiqarish korxonalari faoliyati, yangidan bunyod etilayotgan obyektlar qurilishi va kelgusida rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Qumqo‘rq‘on tumani “Azlarsoy” mahallasida “QUMTEX INVEST” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 47 million dollar bo‘lgan, to‘qimachilik fabrikasi tashkil etilmoqda. Fabrika ishga tushgach ingichka tolali ip kalavani bo‘yash va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Loyiha 2023 yil IV choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 800 ta ish o‘rni yaratish hamda to‘liq quvvatda yillik mahsulot eksporti 35 million dollarga yetkazilishi prognoz qilingan.

Viloyat rahbari loyiha hududida olib borilayotgan qurilish ishlarini ko‘zdan kechirar ekan, o‘zining taklif va tavsiyalarini berib, tadbirkordan rejalashtirilgan ko‘rsatkichlarning to‘liq bajarilishi, ayniqsa ish o‘rinlarining yaratilishiga alohida e’tibor qaratishni so‘radi. Mas’ullarga loyiha hududidagi mavjud muammolari bartaraf etish, loyihani sifatli ishga tushirishda tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, ushbu mahalla hududida joylashgan “Biznes kapital” MCHJ tomonidan un ishlab chiqarish korxonasi faoliyati bilan tanishildi. Hali qurilishi davom etayotgan, bir qismi ishga tushirilgan korxonaning umumiy qiymati 16,9 mlrd so‘mni tashkil etadi. Korxona to‘liq ishga tushgach doimiy 40 ta ish o‘rni yaratiladi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 5,4 tonna un mahsulotini tashkil etadigan korxonaga uskunalar Turkiya davlatidan keltirilgan.

Viloyat hokimi korxona faoliyati bilan tanishish chog‘ida mavjud muammolarni o‘rgandi. Mas’ullarga korxonaga eltuvchi avtomobil yo‘lini ta’mirlash, suv va elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘lig‘ muammolarni hal etish topshirig‘i berildi.

Shundan so‘ng, viloyat rahbari Qumqo‘rg‘on tumani hokimligi binosida tumanda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bir qator loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Jumladan, taqdimot ishida 2021-2040 yillarga mo‘ljallangan chegara loyihasi, “Do‘stlik” mahallasida 80 ta, “Bog‘aro” mahallasida 80 ta, “Yangi shahar” mahallasida 20 ta xonadonga mo‘ljallangan turar joy massivlari hamda “Neftchilar” mahallasida 50 ta xonadonga mo‘ljallangan, kam ta’minlangan oilalar uchun ijtimoiy uy-joylarning loyiha takliflari bilan tanishildi.

Viloyat rahbari har bir loyiha bilan batafsil tanishib, o‘zining taklif va tavsiyalarini berdi. Uy-joylar loyihalarini sifatli ishlab chiqish, hozirda qurilishi olib borilayotgan uy-joylarning sifatiga va qulayligiga e’tibor qaratish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.

Surxondaryo viloyati hokimligi Matbuot xizmati