HAMKASBLAR

Bo‘rilar itni o‘rab olishdi va g‘ajib tashlamoqchi bo‘lishdi. It ulardan o‘ldirmaslikni so‘radi, buning evaziga qo‘ylarni ovlashga yordam berishga va’da qildi. Bo‘rilar o‘ylab ko‘rib, itni to‘dada qoldirishdi. Ikki yil davomida it ularga yaxshi yordam berdi, hamma narsani o‘rgatdi, tirikchilik uchun qulay joylarni ko‘rsatdi, ular bilan ov qildi…

So‘ng sovuq qish keldi, ochlik ularni qiynay boshladi. Ovlar muvaffaqiyatsiz, bo‘rilar esa umidsiz edi. Nima qilish kerak? Ular baribir itni yeyishga qaror qilishdi. Yeyishdi. Suyaklarini ko‘mishdi. Keyin qabr toshi qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Unga nima deb yozishni o‘ylab boshlari qotdi. «Xo‘sh, kimdan deb yozamiz?» «Do‘stlardan» deyishsinmi? Yo‘g‘e, ular qanaqa do‘st… Axir uni yeb qo‘yishdi-ku… «Dushmanlardan» deb yozishsinmi? Bu ham mos emas, axir ikki yil davomida u bilan yonma-yon yashashdi, ov qilishdi, birov-birovdan xafa bo‘lmadi… Oxiri, «Hamkasblardan» deb yozishdi.

(Manzura BAXTIYOR tarjimasi.)