Elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish quvvati bosqichma-bosqich yiliga 500 ming donagacha oshiriladi

“O‘zbekiston Respublikasida elektromobil va gibrid avtomobillar hamda ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarishni tashkil etish” investitsiya loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi investitsiya shartnomasini tasdiqlash haqida”gi Prezident Qarori (PQ-132-son, 18.03.2024 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, investitsiya shartnomasiga quyidagi masalalarni qo‘shish bo‘yicha Investor bilan muzokaralar olib boriladi:

Investitsiya loyihasini amalga oshirishning keyingi davrlarida elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich yiliga 500 ming donagacha oshirish;

Investitsiya loyihasini amalga oshirishning keyingi davrlarida ishlab chiqariladigan elektromobil va gibrid avtomobillarning mahalliylashtirish darajasini 60 foizgacha yetkazish;

mahalliy aholi uchun 10 000 ta yangi ish o‘rinlarini yaratish;

ishlab chiqarilgan elektromobil va gibrid avtomobillarni Qo‘shma korxona tomonidan belgilangan eksport davlatlaridan tashqari doimiy ravishda eksport qilinadigan davlatlar ro‘yxatini kengaytirish;

sifatli va xavfsiz elektromobil va gibrid avtomobillarni xarid qilish, ularning mahalliy iqlim sharoitlariga muvofiqligini ta’minlash hamda kafolatli servis xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha iste’molchilarning manfaatlarini himoya qilish choralarini ishlab chiqish;

barcha avtomobil ishlab chiqaruvchi korxonalarga, shu jumladan Investorga, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan imtiyoz va preferensiyalarni berishda teng shartlar va sharoitlarni yaratish.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Mamatov Faxriddin.

Fuqarolarning ijtimoiy himoyasi yanada kuchaytiriladi.

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-922-son, 18.03.2024 y.) bilan ayrim qonun hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

“Ijara to‘g‘risida”gi Qonunga ijarachining nogiron bo‘lib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘lishini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddati 12 oydan 24 oygacha uzaytirildi.

Shuningdek fuqarolarga pensiya tayinlash uchun davlat xizmatlari markazlari yoki YaIDXP (my.gov.uz) orqali murojaat qilish huquqi berildi.

 Bundan tashqari, Qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligini belgilash, pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi aniqlashtirildi.

Shu bilan birga “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonunga fuqaroda davlat pensiya ta’minoti huquqi yuzaga kelganligi to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan ma’lumotlar fuqaroning pensiya to‘lovlarini olishi uchun asos bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Xursandov Olim.

Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirildi.

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (O‘RQ-921-son, 15.03.2024 y.) bilan ayrim kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra:

Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, quyidagicha jazolanadi:

BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha (8 mln 500 ming so‘mdan 17 mln so‘mgacha) miqdorda jarima;

3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;

3 yilgacha ozodlikni cheklash;

3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga quyidagi qo‘shimchalar kiritildi:

Uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini musodara qilib, BHMning 10 baravaridan 20 baravarigacha (3 mln 400 ming so‘mdan 6 mln 800 ming so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mazkur harakatlarni sodir etgan shaxs, agar u uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini o‘z ixtiyori bilan topshirsa, ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi.

Ilgari bu norma mavjud emas edi.

Bunda, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun avval ma’muriy keyin jinoyat javobgarlik belgilandi.

Avval to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoiy javobgarlik belgilangan edi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Jarqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazi xodimi Imomov Jo‘rabek.

Tadbirkorlarga raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatish uchun qulay shart-sharoit yaratiladi.

“Tadbirkorlik sub’ektlariga xalqaro platformalar orqali raqamli texnologiyalar sohasida xizmatlar ko‘rsatish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-129-son, 15.03.2024 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, huquqiy eksperiment tariqasida raqamlashtirish sohasida xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha eksport shartnomaviy hujjatlarni xalqaro platformalarda rasmiylashtirishga ruxsat beriladi.

2024 yil 1 apreldan huquqiy eksperiment doirasida Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki (IT-park) rezidentlari tomonidan raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar (ular amalga oshirishi ruxsat etilgan faoliyat turlari ro‘yxatiga muvofiq) eksporti bo‘yicha xalqaro platformalarda elektron shaklda rasmiylashtirilgan qiymati 100 ming AQSh dollarigacha (yoki ushbu ekvivalentga teng miqdorgacha) bo‘lgan shartnomalar (kelishuv, hisobvaraq-faktura, invoys) elektron hujjat sifatida tan olinadi hamda ularning qog‘oz shaklidagi nusxasi talab etilmaydi.

Raqamlashtirish sohasidagi xizmatlar eksporti bo‘yicha shartnomalarni rasmiylashtirish ruxsat etiladigan xalqaro platformalar ro‘yxati Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Huquqiy eksperiment doirasida IT-park rezidentlari uchun YaIDXP orqali Tashqi savdo operatsiyalarining yagona elektron axborot tizimiga tashqi savdo bitimlari bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni kiritib borish majburiy hisoblanadi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi boshlig‘i Mengliqulov Sayfiddin.

YuNESKOning 43-sessiyasi “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida o‘tkaziladi.

«2025 yilda YuNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident Qarori (PQ-128-son, 15.03.2024 y.) qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, Sessiya “Silk Road Samarkand” sayyohlik majmuasida o‘tkaziladi.

Sessiyaga tayyorgarlik doirasida:

Samarqand shahridagi tegishli madaniy meros ob’ektlarini asrashga doir ishlar hamda immersiv va mavzuli ko‘rgazmalar tashkil etiladi;

Madaniy yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish bo‘yicha xalqaro tadqiqot markaziga a’zo bo‘lishi uchun rasmiy ariza topshiriladi;

O‘zbekistondagi shaharlar, noyob madaniy va tabiiy meros ob’ektlarini tegishlicha YuNESKOning Ijodkor shaharlar hamda Ta’limni targ‘ib etuvchi shaharlar tarmoqlariga, shuningdek, xalqaro ro‘yxatlarga kiritish choralari ko‘riladi;

Sessiyaning mamlakatimizda o‘tkazilishining ahamiyati, shuningdek, O‘zbekiston jahon siyosatining markazlaridan biriga, global tashabbuslar muallifiga aylanib borayotganini atroflicha ochib berishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkil etiladi.

Qumqo‘rg‘on tuman adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuriskonsulti Choriev Samad.