Termiz tumanida 25 ming  436  ta iste’molchiga  xizmat ko‘rsatuvchi yangi gaz to‘ldirish stansiyasi ish faolyatini boshladi

Mamlakatimizda energetika tizimi, xususan, gaz sohasini yanada rivojlantirish keyingi yillarda davlatimiz belgilab olgan vazifalarning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Sohaga energotejamkor, zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, gaz ta’minoti faolyatini transformatsiya qilishga e’tibor kuchaydi. E’tiboringizni quyidagi raqamlarga qaratsak.

Bugun viloyatda 7 ta gaz to‘ldirish inshooti bo‘lgan bo‘lsa, endilikda yana bittaga ko‘paydi. Ularning oylik gaz to‘ldirish quvvati 7 ming 800 tonnani, gaz saqlash quvvati esa 1 ming 200 tonnani tashkil etadi. Bugundan o‘z faolyatini boshlagan  yana bir stansiya mazkur tumandan tashqari Termiz shahar va Angor tumanining suyultirilgan gaz iste’molchilari uchun ham xizmat ko‘rsatadi. Aytish kerak, ushbu stansiyada 12 nafar mutaxassis o‘z ish faolyatini boshladi. Stansiya bir kunda 30-35 tonna, bir oyda esa 500-600 tonna suyultirilgan gaz to‘ldirishga moslashtirilgan. Bu gaz ballon hisobida 15 ming tani tashkil etadi.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali tomonidan yangi tashkil etilgan gaz to‘ldirish stansiyasida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, aholiga qulayliklar ham yaratish ishlari boshlandi. Mazkur gaz to‘ldirish inshootiga Sho‘rtan va Muborak gaz korxonasidan temir yo‘l orqali gaz yetkazib beriladi.  O‘z navbatida bu yerda uni qabul qilib olish, joylashtirish, saqlash uchun yetarli sharoit ham yaratilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra,  Termiz shahrida 4925 ta, Termiz tumanida 13 ming 100 ta, Angor tumanida 7411 ta gaz iste’molchisi bor. 2022-2023 yillar kuz va qish mavsumida viloyatdagi gaz iste’molchilariga 38 ming 348 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilishi rejalashtirilgan bo‘lsa, 2022-yil holatiga ko‘ra 75 ming 155 tonna, 2023 yilning yanvar oyida 6 ming 172 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan. Shuningdek, gaz to‘ldirish stansiyasidagi har bir jarayon jumladan, gaz saqlash, uning xavfsizlik choralari, gaz ballon to‘ldirish va o‘z navbatida ballonlardagi qoldiqlarni bo‘shatish texnologiyalarini doimiy kuzatib turadigan 9 ta video kameralar nazorat qilib boradi. Darvoqe, ish vaqtida xodimlarning salomatligini muhofaza qilishga ham alohida e’tibor qaratilgan. Maxsus kiyimlar, himoya vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlangan.

Aytish kerak, bugun suyultirilgan gaz to‘lovlari ID kartalar orqali amalga oshirilmoqda. 2022-yilda 475 209  nafarga yaqin aholiga “ID” karta tarqatildi va 576 mingdan ortiq maishiy gaz ballonlarga maxsus stiker yopishtirildi.

“Hududgaz Surxondaryo” gaz ta’minoti filiali matbuot xizmati