Xush kelding, Navro‘z!

Tumanda “Olam nurga to’lsin sen bilan, Navro’z” shiori ostida Navro‘z – umumxalq bayrami o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlandi.

Tuman hokimi Anvar Normamatov tabrik so‘zida tumanimiz ahli hamda mehmonlarini yurtimizda keng nishonlanayotgan Navro’z – umumxalq bayrami bilan samimiy tabrikladi.

Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz mujassam bo‘lgan Navro‘z yurtimizga o‘z husni, tarovatini yoydi. Tabiat uyg‘onib, tevarak-atrofni gullarga to‘ldirdi. Quyosh nurlarini sochib, qalblarga harorat, ezgulik ulashmoqda.

Navro‘zning o‘z shukuhi, ahamiyati bor. Xalqimiz qadim zamonlardan buyon bu ulug‘ ayyomdan zavqlanib, qalb kechinmalarini, xursandchiligini she`rlarida yozgan. Mumtoz adabiyot vakillarining Navro‘zga bag‘ishlab yozgan she`rlarini odamlar hozirgacha ko‘tarinki kayfiyatda ifodali aytmoqda. San`atkorlar kuyga solib, qo‘shiq qilib ijro etayapti. Taniqli turkman shoiri Maxtumquli ijodida ham Navro‘z mavzusi o‘z ifodasini topgan:

Kelsa Navro‘z olamga, rang qilar jahon paydo,

Bulutlar ovoz urub, tog‘ qilar tuman paydo,

Bejonlarga jon kirib, etarlar dahon paydo,

Ko‘karmagan giyohlar ko‘karib ravon paydo.

Bu yil Qumqo‘rg‘on tumanining Navro‘z – umumxalq bayramiga bag‘ishlangan bayram tantanalari Navro‘z madaniyat va istirohat bog‘i va Alpomish sport majmuasida o‘tkazildi. Aholi bayram shodiyonalarida qatnashib maroqli dam olishi uchun chiroyli qo‘rg‘onlar, o‘tovlar tayyorlanib, xalqimizning azaliy va zamonaviy mehnat yutuqlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. Oshxonalarda milliy taomlar pishirilib Navro‘z sayli yanada fayzli o‘tishiga xizmat qildi. Denov dorbozlari o‘zbek milliy dorbozlik o‘yinlarini namoyish qildi. Masxarabozlik, akrobatika, shisha siniqlari ustidagi tomoshalar, tosh ko‘tarish, foks, polvonlik, 2 yoshli bola tomoshasi, dor ustidagi o‘yinlar katta-yu kichikka xursandchilik keltirdi.

Alpomish sport majmuasida asosiy bayram tantanalari bo‘ldi.Tashkilotlar va muassasalarning xodimlari Navro‘z madaniyat va istirohat bog‘ida go‘zal qo‘rg‘onlar va dillarga huzur bag‘ishlovchi xilma-xil ko‘rgazmalarni tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov yakunlarini e`lon qildi. Tuman maktabgacha va maktab ta`limi bo‘limi namunali ko‘rgazma tayyorlagani uchun faxrli birinchi o‘ringa loyiq deb baholandi. O‘zbekiston Mahalla uyushmasi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi faxrli ikkinchi o‘ringa, tuman tibbiyot birlashmasi faxrli uchinchi o‘ringa munosib deb e`tirof etildi. Ularga esdalik sovg‘alar tantanali ravishda topshirildi.

Qumqo‘rg‘on tuman madaniyat bo‘limi xodimlari “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z!” nomli konsert dasturini namoyish qildi. Bayramona chiroyli panno, Navro‘zga atalgan ibratli gaplar, gullar bilan bezatilgan o‘yingoh uzra bahor, Navro‘zni tarannum etuvchi taronalar va qo‘shiqlar yangrab barchaga yaxshi kayfiyat ulashdi. O‘. To‘raqulov rahbarligidagi “Navo” guruhi karnay-surnay kuylari bilan xushnud qildi. Bolalar va o‘smirlar sport maktabi o‘quvchi yoshlarning ko‘rgazmali chiqishlari tumanda rivojlantirilayotgan sport turlarining hisobotini ko‘rsatdi. Xushovoz, so‘z ustalari A. To‘xtayev va N. Sohibova namunali suxondonligi bilan bayram konsert dasturiga mazmun bag‘ishladi. Konsert davomida “O‘tov”, “Mahliyo”, “Marjona” “Bobotog‘ gullari” folklor-etnografik jamoalari san`atkorlari “Fasli navbahor”, “Do‘mbira”, “Assalom Navro‘z”, “Salla”, “O‘tovimda Navro‘z” kabi milliy qo‘siqlarni ijro etdi. “Aytishuv” yangicha yondoshuv namunasi bo‘lib, A. Cho‘liboyev, A. Rixsiyev, J. Jannazarov kabi nomlarni san`at muxlislarga tanitdi. 68-madaniyat markazi xodimlari: “Dutor” to‘garagi a`zosi “Dutorim” kuyi, D. Mamayusupov “Vatanim mani”, M. Ravshanova “Alpomish”, Sh. Anaqulov “Shoyi ro‘mol”, Sh. Ro‘ziqulov “Visoliy turo”, badiy rahbar I. Mahkamov “ Chandiq qiz” qo‘shiqlarini kuyladi. A. Aliboyev va G. Bobomurodova dueti ommaviylashayotgan “Qizil ko‘ylagim” qo‘shig‘ini taqdim etdi. 4-maktab o‘quvchilari “Bahor taronasi” raqsini namoyish qildi. 11-bolalar musiqa va san`at maktabi o‘quvchilari “Popuri”, O‘qitivchi N. Sohibova “Atirgul”, o‘qituvchilar M. Jo‘rayev va N. Xursanova dueti “Bunday yurt qayda bor” qo‘shiqlarini armug‘on etdi. 70, 72, 75-son va “Yangi O‘zbekiston” madaniyat markazlari ishtirokchilari J. Ashurov, Sh. Xoliqov, O. Ubaydullayev, N. Xolmatov, A. Qurbonov, I. Choriyev qo‘shiqlar guldastasini hadiya qildi.

         San`at muxlislari O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Hosila Rahimova va “Via Marokand” guruhi iste`dodli san`atkorlarining dilrabo qo‘shiqlarini maroq bilan tingladi. Navro‘z bayramida milliy urf-odatimizga ko‘ra, kurash musobaqasi bo‘ldi. Umidli yosh va kuchli polvonlar milliy kurash o‘yinlarida qatnashib sovrinlarni qo‘lga kiritdi.

         N. MUHAMMADIYEV