Davlat xizmatlari markazida pensiya tayinlash tartibidan xabardormisiz?

Axborot texnologiyalarining yaratilishi insonlarga juda ko‘plab imkoniyatlarni yaratgan bo‘lib, ming afsuski, bu imkoniyatlardan ko‘pchilik haligacha foydalanishni bilishmaydi. Aholi uyida o‘tirgan holda ko‘plab huqiqiy masalalarini hal etish imkoniyatiga ega bo‘lib, pensiya tayinlash masalasida ham qulayliklar yaratilgan.

Davlat xizmatlari markazida yaratilgan mazkur xizmat bir qancha qulayliklarga ega. Istalgan Davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurgan yoki onlayn tarzda my.gov.uz saytiga kirgan holda pensiya olish uchun ariza topshirishingiz mumkin. Xizmatning tez va sifatli ko‘rsatilishi natijasida ortiqcha vaqt sarflamasligingiz, xizmatdan foydalanish uchun hech qanday haq undirilmasligi nur ustiga a`lo nurdir.

Xizmatdan foydalanish uchun quyidagi harakatlarni amalga oshirishning o‘zi kifoya: davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurish yoki my.gov.uz saytiga kirib, tegishli xizmatni tanlash, so‘rovnomani to‘ldirgan holda ariza yo‘llashning o‘zi yetarlidir.

Ariza Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan ko‘rib chiqilishi uchun “Pensiya” dasturiy majmuasiga yuboriladi.

Pensiya jamg‘armasining “Pensiya” dasturiy majmuasi axborot tizimi orqali tegishli vazirlik va idoralararo axborot almashinuvi asosida olinadigan fuqaroning ish staji, ish haqi hamda boshqa ma`lumotlarga asosan davlat pensiya ta`minoti to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartib va me`yorlarga muvofiq hisoblaydi va tayinlaydi. Pensiya tayinlanganligi yoki rad etilganligi sabablarini ko‘rsatgan holda Davlat xizmatlari markaziga yoki my.gov.uz saytidagi shaxsiy kabinetga ma`lumotnoma yuboriladi. Davlat xizmatlari markazi murojaat qiluychini ariza natijasi haqida xabardor qiladi. Natija 10 ish kunida taqdim etiladi.

Insonlar manfaati ustuvor bo‘lgan jamiyatda bunday imkoniyatlarning yaratilishi juda katta ehtiyojlarni qondirishga olib keladi. Ulardan oqilona foydalanish esa mamlakat rivoji uchun o‘z hissasini bermasdan qolmaydi, albatta.

       Maftuna G‘opporova,

Sariosiyo tuman Adliya bo‘limi yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti