G‘ALLA MAYDONLARINI KASALLIK, BEGONA O‘TLAR VA ZARARKUNANDALARDAN UYG‘UNLASHGAN HIMOYA QILISH BO‘YICHA TAVSIYALAR

 Boshoqli don ekinlarini zang va boshqa kasalliklari, begona o‘tlar hamda zararkunandalarning tarqalishining oldini olish maqsadida “Dolzarb 40 kunlik” uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

G‘alla maydonlarida sariq zang, qo‘ng‘ir zang va boshqa kasalliklar, bir yillik ikki pallali, ko‘p yillik ikki pallali begona o‘tlar, boshoqli begona o‘tlar, zararli xasva, shilimshiq qurt, shira, trips va boshqa zararkunandalarning tarqalishining oldini olish hamda zararli organizmlar kuzatiladigan maydonlarda qarshi zaruriy kurash choralari tashkillashtirilayapti. Respublikamizdagi  boshoqli  don  ekinlari  maydonlarida  10  dan  ortiq  turdagi kasalliklar  uchraydi. Sariq  zang,  qo‘ng‘ir  zang,  un  shudring,  sariq dog‘lanish,  septorioz  va  boshqa  kasalliklar  zarar  yetkazadi.  G‘allaning  eng  xavfli ofatlaridan  biri  bu  zang  kasalliklaridir.  Zang  kasalliklari  uchraydigan  barcha mamlakatlarda ular har doim qat`iy  nazorat ostiga olinadi. Chunki paydo bo‘lgan zang juda tez (yong‘in singari shiddat bilan) tarqalib, qisqa muddatda (3-4 haftada) o‘simlik barglarining aksariyatini quritadi va don hosiliga jiddiy zarar yetkazadi. Bir kecha-kunduzda zang sporalari shamol tezligiga qarab 100-1000 km gacha  masofaga  tarqaladi.  O‘simliklarning  sog‘lom  barglariga  tushgan  sporalar  ularni zararlaydi,  to‘qima  ichida  rivojlanadi  va  7-9  kundan  keyin  yangi  ikkinchi  avlod sporalari  yetiladi, ularning bosimi tufayli epidermis yoriladi  hamda  sporalar erkin holatda chiqib atrofga tarqaladi. Bir mavsumda zang 7-10 avlod berib, rivojlanadi.

  Sariq  zang  sporalari  (urug‘lari)  0°C  da o‘sishni boshlashi va havo harorati  8-13°C  ga  yetganda to‘qimalar ichiga kirib, 12-15°C haroratda yangi sporalar hosil qilishi aniqlangan. Zang  zamburug‘lari  zararlangan  barglarining  epidermis qatlami ostida joylashgan va quruq, kukun shaklli  sporalar  massasidan  tashkil  topgan yostiqchalarni  hosil  qiladi.  Bug‘doy  bargida  bitta yostiqchada  sariq  zang  14-18  mingta  sporani  hosil qilishi  mumkin. 

Qo‘ng‘ir zang kasalligi  ham  o‘ta  xavfli  hisoblanadi.  Kasallik  bug‘doyning  barglarini,  ba`zan  barg  qinini  zararlaydi.  Bug‘doy bargida bitta yostiqchada qo‘ng‘ir zang 16-37 mingta sporani  hosil  qilishi  mumkin.  Kasallik  ta`sirida 25-50%  hosil  yo‘qotiladi.  Bugungi  kunda  O‘zbekistonda  bug‘doyni  zang  kasalliklaridan himoya  qilishning  faqat bitta ishonchli  usuli  mavjud  bo‘lib, bu  –  fungisid purkashdir.

Fungisid  –  o‘simlik  kasalliklariga qarshi qo‘llaniladigan kimyoviy vosita.  Zang  kasalliklariga  qarshi  ob-havoning  kelishiga  qarab  fevral  oyining  oxiri,  mart  oyida  kasallik  belgilari paydo bo‘lishi bilan dunyo tajribasidan kelib  chiqib,  profilaktik  ishlovlar  amalga  oshiriladi. Profilaktik ishlovdan keyin  hududda  “Infeksiya bosimi” kuchli bo‘lsa yoki dalada zang bilan birga boshqa kasalliklar ham uchrasa,  yog‘ingarchilik ko‘p bo‘lib, nam  havo saqlanib tursa,  ob-havo bashoratini hisobga  olgan holda  20-30 kun o‘tgach,  ikkinchi va yana  lozim bo‘lsa  uchinchi marta ishlov berish talab etilishi mumkin. Ushbu tizim qo‘llanilganda kasallikning oldi olinib, hosil asrab qolinadi.

O‘zbekistonda  begona  o‘tlarning  72  ta  oilaga  mansub  bo‘lgan  841  turi uchraydi.  Shundan  519  turi  bir  yillik,  322  turi  esa  ko‘p  yillik  o‘simliklardir. Begona  o‘tlar  qishloq  xo‘jaligiga  katta  zarar  yetkazadi.  Ular  hosil  miqdori va  sifatini  pasaytiradi.  Respublikamiz  g‘allazorlarida  begona  o‘tlarning  200 ga yaqin turi uchraydi. Begona  o‘tlar  ko‘pgina  zararkunanda  va  kasalliklarning  manbai  hisoblanadi va  ekinlarga  soya  solib,  o‘sishni sekinlashtiradi.  Tuproq  haroratini  2-4  C°ga  pasaytirishi natijasida foydali mikroorganizmlar rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Fotosintez  jarayonini  izdan  chiqarishi  oqibatida  ekinlarning  yotib  qolishiga  sabab  bo‘ladi.  Yerning  asl  farzandi  bo‘lgan  begona  o‘tlar  g‘alla  nihollariga nisbatan o‘ta  agressiv  bo‘lib,  ildizidan  ajraladigan xolin va blastoxolin kimyoviy moddalari ta`sirida ekinlarning urug‘larida unib chiqish darajasi pasayib, o‘sishdan orqada qoladi. Tuproqdagi namlik (suvni 330-1900 marta) va mineral ozuqalarni madaniy  o‘simlikka  nisbatan  10  marta  ko‘p  iste’mol  qiladi.  Hosilni  yig‘ib-terib olishga  to‘sqinlik  qiladi,  o‘rim- yig‘im  texnikasi  samaradorligini  pasaytiradi. Qo‘shimcha  xarajatlar  (haydov,  gerbitsid,  urug‘larni  tozalash,  mineral  o‘g‘it va boshqalar) orqali rentabellik darajasini kamaytirib yuboradi. Hosilning sifatini 20-25 foizgacha kamaytiradi. Begona  o‘tlarning  zararining  oldini  olish  maqsadida  bug‘doy  2-3  ta  barg  chiqargandan naychalash davrigacha, unib chiqqan  begona o‘tlarning  bo‘yi  10-15 sm  bo‘lgan  davrda  (taxminan  fevral  oyining  oxiridan  aprel  oyigacha)  kimyoviy ishlovlar o‘tkaziladi, ya`ni gerbitsidlar belgilangan me`yorlarda qo‘llanadi.

 G‘allazorlarda  50  turdan  ortiq  zararkunanda  hasharotlarning zarar  yetkazishi kuzatilgan. Bulardan eng ko‘p tarqalgani g‘alla shiralari, bug‘doy  tripsi, zararli xasva, shilimshiq qurt, vizildoq qo‘ng‘iz, shved va gessen pashshalari  va boshqa hasharotlar tarqalib, hosilga zarar  yetkazishi mumkin.  Bunday holatda – insektisid preparatlarni qo‘llash zararkunandalarga qarshi kurashishning eng yaxshi usulidir.

Zararkunandalarga qarshi kurashda kimyoviy  preparatlarning  ishchi  eritmalarini  tayyorlash  uchun  avvalo purkagich  apparatlari  bakining  taxminan  yarmiga  qadar  toza  suv  quyiladi va  gidroaralashtirgich  ishga  tushiriladi.  Oldindan  tayyorlab  qo‘yilgan  (o‘lchab qo‘yilgan) kimyoviy preparat miqdori o‘lchov idishiga (chelakka) solinadi va unga 5-7 litr suv quyib aralashtirib,  birlamchi eritma tayyorlanadi va purkagich bakiga quyiladi.  Shundan  so‘ng  kimyoviy  preparat  qoldig‘i  yana  2-3  marotaba  chayilib, bak sig‘imiga quyiladi va suv bilan to‘ldiriladi. Kimyoviy  preparatlar  purkash  ishlarini  traktor  purkagichlari  (OVX-600,VP-1, shtangali va boshq.) yordamida gektariga 200-300 litr ishchi eritmasi sarflab o‘tkazish maqsadga muvofiq. Kimyoviy preparatlarni ertalabki va kechki paytlarda ishlatish, bunda havo  ochiq, harorat 14 – 20°C  atrofida bo‘lishi, shamolning tezligi sekundiga 3 m dan  oshmasligi kerak.

Qadrli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilari! Ekinlaringizga  har qanday  holatda kimyoviy ishlov  berishdan oldin O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mutaxassislari bilan maslahatlashing! Bu  oltin  qoida.  Preparatlarni  qo‘llashdagi  birgina  xatoyingiz  sizning  butun mavsum  uchun qilingan  rejalaringizni  barbod  qilishi,  pirovardida  hosilingizni butunlay yo‘qotishingizga olib keladi. Shu o‘rinda shuni eslatib o`tishimiz kerakki tumanimizda zang kasalligiga qarshi proflaktik ishlov bermagan, begona o‘tlatga qarshi gerbitsidlar sepmagan klaster va fermer xo‘jaliklari mavjud.  O‘simliklar karantini to‘g‘risidagi qonunining 19-20-moddalariga asosan klaster va fermer xo‘jaliklarining o‘simlik kasalliklari, begona o‘tlari, zararkunandalariga qarshi kurash majburiyati mavjud. Karantindagi kasalliklar, zararkunandalar, begona o‘tlarga qarshi kurash ishlarini olib bormagan klaster va dehnon, fermer xo‘jaliklari MJTK ning 107-108-moddalari bilan ma`muriy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantiramiz.

Surxondaryo viloyati O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi Qumqo‘rg‘on tuman bo‘limi inspektorlari