“ADOLAT” PARTIYASI QUYI BO‘G‘INLARIDAGI UCHRASHUV

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy Kengashi rahbari Robaxon Maxmudova partiyaning Qumqo‘rg‘on tuman Kengashiga hamda boshlang‘ich partiya tashkilotlariga tashrif buyurib, ularning faoliyati bilan tanishdi. Partiya faollari bilan uchrashib yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar yuzasidan suhbatlashildi.

Dastlab tumandagi  nogironligi bo‘lgan bolalar uchun “Muruvvat” internat uyida tashkil etilgan boshlang‘ich partiya tashkilotida,  so‘ngra 2-umumiy o‘rta ta`lim maktabida bo‘lib quyi bo‘g‘in vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda partiyaning Siyosiy Kengashi rahbari O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturida ilgari surilgan ilg‘or g‘oyalar, hayotga tatbiq etilayotgan partiya loyihalari doirasida  olib borilayotgan ishlar, boshlang‘ich partiya tashkilotlarining faolligini oshirish va boshqa qator masalalar yuzasidan fikrlar bildirildi.

-Boshlang‘ich partiya tashkiloti – bu barcha tashkilotlar ishini muvofiqlashtirishda  muhim ahamiyatga ega. Partiya dasturiy maqsadlarini amalga oshirishda, elektorat manfaatini himoya qilishda quyi bo‘g‘inning ishtiroki juda muhim, – dedi partiya rahbari Robaxon Maxmudova. U nafaqat partiya tashkilotlari ishini kuchaytirish, balki partiya a`zolarining ijtimoiy-siyosiy  faolligini oshirish zarurligini ham ta`kidladi. “Muruvvat” uyida tarbiyalanayotgan nogironligi bo‘lgan bolajonlarga esdalik sovg‘alar ulashildi.

2-maktabda bo‘lgan uchrashuvda  quyi bo‘g‘in yetakchilarining ayni kundagi faoliyati bilan tanishdi, dildan suhbatlashdi. Partiya elektorati bo‘lgan ta`lim tizimidagi  muammolarni o‘rganish va ularni deputatlar orqali davlat hokimiyati organlariga olib chiqish, muammolar yechimi yuzasidan takliflarni shakllantirishda quyi bo‘g‘in faoliyatini tobora faollashtirish yuzasidan takliflar berdi, bevosita quyi bo‘g‘in yetakchilar faoliyatini yanada jonlantirish zarurligini uqtirdi. Partiyaga bildirilgan ishonch, taklif va mulohazalar qizg‘in tus olgan suhbatlar so‘nggida ishtirokchilar qiziqqan savollariga atroflicha javoblar olishdi. Boshlang‘ich partiya tashkilotlari faoliyatidagi kelgusi vazifalar belgilab olindi.

Davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida “Ma`naviyat sektori”ni tashkil etish bo‘yicha “Surxondaryo tajribasi”ni yaratish vazifasi belgilab berilgan edi. Shunga asosan, viloyatdagi ko‘pgina maktablarda “Ma`naviyat sektori” tashkil etilgan. Shunday sektorlardan biri tumandagi 2-umumta`lim maktabida joriy qilingan. “Adolat” partiyasi rahbari R. Maxmudova 2-maktabda tashkil etilgan  “Ma`naviyat sektori” bilan tanishdi. Ushbu sektordagi ma`naviyat xonasi, kutubxona, milliyligimiz aks etgan ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi. Ma`naviyat sektorida tashkil etilgan vohaning milliy ma`naviyatining ajralmas qismi bo‘lgan xalq og‘zaki ijodi durdonalarini keng targ‘ib etayotgan baxshichilik, voha tarixiga oid ko‘rgazmalar Surxon vohasida madaniyat, adabiyot va san`atni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega. Partiya rahbari ushbu tashabbus yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgu qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat   kasb etishini ta`kidlab o‘tdi. Shuningdek, bu maktabda tashkil etilgan tikuvchilik, hunarmandchilik, sport to‘garaklari faoliyati bilan tanishdi. Maktabda besh muhim tashabbus ijrosi bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirilgan. O‘quvchi yoshlarning bo‘sh vaqtlari mazmunli tashkil etilgan, to‘garaklar faoliyat ko‘rsatayapti.  O‘qituvchilar va o‘quvchilar bilan egallagan bilim va ko‘nikmalari xususida muloqot qildi.

O‘zbekiston “Adolat” SDP Surxondaryo viloyat Kengashi matbuot xizmati