Sabr ortidagi mo‘jiza

Ayol – Yaratganning nozik xilqati, tabiatdagi nafis mavjudotdir. Ayol  fitratan bir tomondan nazokat timsoli bo‘lsa, ikkinchi tomondan jamiyatga eng ta’sirli qudratdir.  Oiladagi muhit, farzandlar tarbiyasi va erkak kishining matonati oiladagi ayolning olib borayotgan siyosatiga bog‘liq.

Ayol bir vaqtning o‘zida mehribon ona hamda suyukli yordir.  Ayol kim? Biroz jumboqli savol? Ayolning o‘zi ham tushunmas sirli olami, nozik qalbi bizni hayratda qoldiradi. Ayol bir zumda qushdek chaqnasa, birpasda anglab bo‘lmaydigan tushkunlik qurshovida qoladi. Ayol sevgisi dunyolarga teng keladi. Rashki esa butun olamni buzadi. Xiyonatni butun umr kechirmaydi.  Ayolning matonatini hayotda kamdan kam holatlarda kuzatamiz. Ammo kinolarda va asarlarda juda ko‘p o‘qiymiz. Lola (ismi o‘zgartirilgan) bolaligidan erka, shaddod qiz edi. Ota – onasi ziyoli insonlar bo‘lgan. Butun umrini bolalarga ta’lim – tarbiya berishga bag‘ishladi. Farzandlari ham hayotda o‘z o‘rnini topishdi. Lola ham ota – onasining kasbini sevib o‘qituvchilikni tanladi.  Taqdiriga baxtli  kunlar doim hamroh bo‘lishiga ishonardi. Ota uyidan oq libosda, oq fotiha olib turmushga chiqdi. Ota-onasi yaxshi bola ekan, ishi tayin, ichmaydi, chekmaydi deganida demak mana shu yigit mening qismatim ekan deb to‘yga osongina rozilik berdi. Kuyov haqiqatan ham og‘ir-vazmin, uyim-joyim deydigan chiqdi. Ikki yosh bir-biriga o‘rganishdi, sevib turmush qurishmagan bo‘lsada, risoladagidek ro‘zg‘or  tebratishardi. Oradan ikki-uch yil vaqt o‘tdi. Oilada tug‘ilgan ikki o‘g‘il o‘zlari bilan yangicha fayz, quvonch olib kelishdi. Faqat nimagadir Lola erining ishda ushlanib qoldim, endi safarga tez-tez chiqarkanman kabi gaplaridan hech shubhalanmasdi. Turmush o‘rtog‘ining ishi tufayli boshqa viloyatda yashay boshlashdi. U vaqtlarda telefon ham hammada bo‘lmas edi. Faqatgina telegraf orqali ulab berishsa gaplashilar edi. Lola aqlli uy bekasi, sarishta ayol bo‘ldi. Farzandlariga va turmush o‘rtog‘iga bor mehrini berdi.  Gohida o‘zing ishongan, bir yostiqqa bosh qo‘ygan insoning ham orqangdan pichoq urushi hech gap emas ekan. Qosim (ismi o‘zgartirilgan. Lolaning turnush o‘rtog‘i) ishi tufayli 3 oy boshqa viloyatga xizmat safariga ketdi. Haftada bir marta telefon orqali gaplashib turishdi. Kunlarning birida Lolaga xabar keldi. Qosimning tobi qochganligini, kasalxonada yotganini aytishdi. Lola qanot chiqarib, havotirda turmush o‘rtog‘ining oldiga uchib bordi. Kunlar o‘tsa ham Qosimning ahvoli yaxshilanmadi. Har kuni kasalxonaga Lola Qosimdan xabar olishga borib turdi. Bir kun Qosimning palatasiga kirsa joyida yo‘qligini ko‘rdi. Balkim tashqariga toza havoda aylangani chiqqandir deb karidor bo‘ylab keta boshladi. Ortidan doktorning chaqirganini eshitdi. Qosimni so‘ragan edi boshqa bo‘limga oldik degan javobni eshitdi. Sababini eshitib dunyo ko‘ziga qorong‘u bo‘lib ketdi. Qosimda OITS kasalligi aniqlangan edi. Lola derazadan o‘zini tashlab joniga qasd qilmoqchi ham bo‘ldi. Hamshiralar kelib uni ushlab qolmaganida balkim shunday qilgan ham bo‘larmidi? Loladan ham qon tahlili  olishdi. Lolada tahlil natijalari toza chiqdi. Qosimni umuman ko‘rgisi kelmadi. Butun vujudini nafrat egalladi. Dardi ichida bo‘ldi. Taqdirning inoyati tufayli Lola sog‘lom bo‘lib chiqdi. Turmush o‘rtog‘i boshqa viloyatga xizmat safari vaqtida begona ayollar bilan ko‘ngil xushlik qilgan. Noto‘g‘ri jinsiy hayot tufayli ushbu kasallikni yuqtirib olgan. Qosim xizmat safaridan uyiga qaytishga ulgurmadi. Qing‘ir ishining badalini og‘ir yo‘l orqali to‘ladi.  Erkak jahli chiqsa baqirib xumordan chiqishi mumkin. Ayollar esa odatda bunday vaqtda ko‘z yoshi to‘kib xumordan chiqadilar. Lola ham bor alamini yig‘idan oldi. Ikki o‘t orasida qolgan Lola dardini kimga aytishni bilmas edi. Farzandlarining taqdirini o‘ylab bu sirni hech kimga aytmaslikka qaror qildi. Qosim ishidan nafaqaga chiqdi. Oilasi bilan qishlog‘iga qaytib kelishdi. Lola qishlog‘idagi maktabga o‘qituvchi bo‘lib ishga kirdi. Ish faoliyatidagi  yuqori natijalarga erishishganligi sababli maktab direktori lavozimiga ko‘tarildi. Ammo bu darajaga yetish uchun qancha uyqusiz tunlarni o‘tkazdi, yolg‘iz o‘ziga ayon. Lola eri Qosim bilan boshqalar uchun baxtli er–xotin edi. Biroq o‘zidan o‘tganini Lola o‘zi bilar edi xolos. Bitta tom ostida bo‘lsalar ham xonalari alohida edi.

Doktorning ko‘rsatmalari asosida Lola juda ehtiyot bo‘lardi. Doktor unga uydan ovqat yemaslikni, er–xotin munosabatlariga kirishmasliklarini, kirlarini ham alohida yuvishni juda qattiq tayinlagan edi. Qosim boshqalarning nazariga xotini Lolani mansabi ko‘tarilganligi sababli erini nazariga ilmay qo‘ydi, oilasini tashlab qo‘ydi deb ko‘rsatishga harakat qila boshladi. Lola go‘sht olib kelar edi biroq shu go‘shtdan o‘zi ovqat yeyolmasdi. Qosimning butun fikri endi kasallikni Lolaga ham yuqtirish choralarini  izlash bilan band bo‘la boshladi. Tunda yotganida Lolaning xonasiga bostirib kirishga bir necha bor harakat qildi. Eshikni ocholmagandan keyin derazadan kirishga ham ko‘p urindi. Lolaning qishning qahraton kunlarida sovuq dahlizda uxlamay tong ottirgan kunlari ham bo‘ldi.  Bejizga ayol matonatini metinga qiyoslashmagan.Barcha qiyinchilikni sabri orqali yengishga harakat qildi. O‘n yil aytishga oson. Lola turmush o‘rtog‘i bilan bu sirni uyidagilardan yashirib 10 yil yashadi. O‘n yil begonalarga er–xotin rolini o‘ynash oson bo‘lmadi. Balkim o‘sha kuni eri ushbu xatoni qilmaganida hayotlari yana davom etarmidi…

Davomi kelgusi sonda.

Rayhon MENGZIYAYEVA