Uy hayvoni “ajal tarqatuvchiga” aylanmasin

Odamlar o‘rtasida qutirish kasalligi dunyoning 150 dan ortiq davlatlarida ro‘yxatga olindi. Kasallikning 95 foizi Afrika va Osiyo davlatlariga to‘g‘ri kelmoqda. Har yili dunyo bo‘yicha 1 millionga yaqin hayvonlar va 50 mingdan ziyod odamlar qutirish kasalligiga chalinadi. Har yili 15 milliondan ziyod hayvon tishlanishdan jabrlangan odamlar tibbiy yordamga murojaat qiladi. Shularning 10 millionga  yaqini qutirishga qarshi yemlanadi. 5 milliondan ko‘prog‘i esa emlanmasdan qoladi. Emlashlar evaziga har yili 100 minglab odamlarning hayoti saqlab qolinadi.

It odamga eng yaqin bo‘lgan uy hayvonlaridan  biri hisoblanadi. Itni uydan haydasangiz, ovqat bermasangiz ham o‘z makonini  hech qachon tark etmaydi. It hamisha makoni va xo‘jayniga sodiqligicha qoladi. Faqatgina bir holatda, ya`ni qutirish kasalligiga chalingandagina o‘z makonini tark etadi. It odam uchun o‘lim muqarrar bo‘lgan qutirish, shuningdek exinakokkoz, leyshmaniyoz va boshqa bir qator yuqumli, parazitar kasalliklar qo‘zg‘atuvchilari manbalari hisoblanadi.

Tibbiyot ilmining sultoni Ibn Sino  o‘zining “ Tib qonunlari ”  asarida hayvonlar va odamlarda qutirish kasalliging kechishi, kasallik alomatlarini hamda davolash usullarini bayon qilgan. Shuningdek, Ibn Sino suvdan qo‘rqa boshlagan birorta ham bemorni davolash bilan o‘limdan olib qolib bo‘lmaydi deb yozib qoldirgan. Qutirish insonyat paydo bo‘lganidan buyon odamlarda uchrayapti. Qutirish yuqumli kasalliklar orasida eng qo‘rqinchli va dahshatli o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar sirasiga kiritilgan. Yakuni aniq – dahshatli o‘lim.

Qutirish kasalligini nerv to‘qimasiga tanlab ta`sir qiladigan neyrotrop virus qo‘zg‘atadi. Virus tashqi muhitga qutirgan hayvonlarning so‘lagi bilan chiqadi. Asosan yovvoyi hayvonlardan  (bo‘ri, chiyabo‘ri, tulki ) itlarga (birinchi navbatda egasiz, daydi itlarga), mushuklarga, qoramollarga, qo‘y-echkilarga, otlarga yuqadi, itlardan (ba`zida mushukdan ) esa o‘z navbatida  kasallik ularning tishlashi, tirnashi natijasida odamlarga yuqadi. Respublikamizda odamlar uchun qutirish kasalligining asosiy manbai itlar hisoblanadi( 90-95 foiz). Odam organizmiga qutirish virusi tushishi bilan kasallik birdaniga boshlanmaydi, dastlab virus nervlar atrofida bo‘ladigan perenevral suyuqlik oqimi bilan orqa va bosh miyaga yetib boradi hamda miya to‘qimasida ko‘paya boshlaydi. Bu jaroyon belgilarsiz kechadi va uni kasallikning yashirin davri deyiladi. Bu davr bir haftada, bir yilgacha, ba`zida undan ko‘proq davom etishi mumkin. Kasallikning o‘rtachi yashirin davri bir- uch oyni tashkil etadi.

Qutirish  kasalligi klinik kechishiga qarab uch davrga bo‘linidi: boshlang‘ich, qo‘zg‘alish va falaj davrlari. Bemorlarning tana harorati ko‘tariladi, qon tomirlarning urishi tezlashadi, suvni ko‘rganda, hattoki suv to‘g‘risida eshitganda ham yutish muskullari tortishib, qisqarib og‘riydi, shundan keyin bemorlarda havodan, yorug‘likdan va shovqindan qo‘rqish vujudga keladi .

Fuqoralarimiz bu bedavo,  o‘ta xavfli yuqumli kasallikdan saqlanish uchun amal qilishi shart bo‘lgan jihatlarga to‘xtalamiz. Qarovsiz, daydi itlarning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik. Egali itlarni hududiy veterinariya xizmati idorasiga  o‘z vaqtida hisobga qo‘yib, qutirishga qarshi emlatish. It saqlash qoidalarga qatiyan amal qilish. It va boshqa hayvonlar tishlashdan saqlanish. Bordi-yu birorta hayvon tishlasa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish. Qutirish kasaligining oldini olish borasida barcha manfaatdor xizmatlar, shuningdek keng jamoatchilik, qolaversa har bir fuqaro proflaktik chora– tadbirlarga befarq bo‘lmasdan, o‘z vaqtida va samarali  o‘tkazilishini ta`minlagan taqdirdagina, ko‘zlagan maqsadga, ya`ni qutirish kasalligi bo‘yicha epizootik va epidemik barqarorlikka erishish mumkin.

                                                    Xalil JUMAYEV,

                                       tuman SEO va JSB vrachi