“Davlat boji to‘g‘risida”giQonunidagi yangilik

O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 16 yanvardagi O‘RQ-897-sonli Qonuniga asosan “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasi 11-band bilan to‘ldirildi.

Unga ko‘ra jismoniy shaxslar — o‘z huquqlarini va qonuniy manfaatlarini buzayotgan mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, ma`muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ma`muriy sudga murojaat qilganda davlat boji to‘lashdan ozoddirlar.

Shuningdek, davlat boji to‘lashdan ozod qilingan jismoniy shaxsning  talablarini qanoatlantirish to‘liq yoki qisman rad etilgan taqdirda, davlat boji shu shaxslardan talablarning qanoatlantirilishi rad etilgan miqdoriga mutanosib ravishda undirilishi belgilab qo‘yildi. Ya`ni, davlat boji to‘lashdan ozod qilingan shaxsning arizasini sud qanoatlantirishni rad etgan taqdirda, davlat boji shu shaxsdan undirib olinadi.

Bundan tashqari, ushbu qonun bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining, ma`muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan arizalar (shikoyatlar) bo‘yicha fuqarolardan undiriladigan davlat boji miqdori ham kamaytirilib, oldin arizadagi har bir talab bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida davlat boji undirilgan bo‘lsa, endilikda bazaviy hisoblash miqdorining 70 foizi undirilishi belgilandi. Bu imtiyoz O‘zbekiston Respublikasi Ma`muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi Kodeksi 27-moddasi 1-qismi 2-bandida ko‘rsatilgan idoralarga nisbatan talablar taqdim etilganda  va faqat jismoniy shaxslarga nisbatan tatbiq etiladi. 

                                                             Anvar Abdulakimov,

                            Termiz tumanlararo ma`muriy sudi raisi

                                                           Jo‘rabek Achildiyev,

                                                              sudya yordamchisi