MA`NAVIYAT – TAFAKKURNI RIVOJLANTIRUVCHI KUCH-QUDRAT

Ziyolilar jamiyatimizda ma`naviyat deb atalayotgan, ma`nosi teran tushunchaning keng miqyosda amalga oshirilayotganligini yaxshi bilishadi. Ijtimoiy ahamiyatga ega, insonlar dunyoqarashini rivojlantirib faoliyatining natijadorligini ta`minlashda asosiy o‘rin egallagan bu tushuncha tobora keng tarqalmoqda.

Ma`naviyat insonlar mavjud bo‘lgan barcha joylarga kirib borib, ularni ma`naviy jihatdan har qachongiga qaraganda teran fikrlaydigan, ezgu ishlarni amalga oshiradigan, jamiyatga va odamlarga naf keltiradigan, ijobiy yutiqlari bilan yaxshi taassurot qoldiradigan darajaga yetkazish uchun xizmat qiladi.

O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan buyon xo‘jalik boshqaruvida tub islohotlar amalga oshirildi. Iqtisodni rivojlantirish yetakchi maqsad bo‘lib, uni amalga oshiruvchilarning ma`naviy fikrlashi yaxshilansa ko‘zlangan natijalarga erishilishi oshkora, ochiq-oydin e`tirof etildi. Bunda “Yuksak ma`naviyat – kelajak poydevori”, “Yuksak ma`naviyat – engilmas kuch” kabi ilmiy-ommabop asarlar ma`naviyat sohasidagi vazifalarni qamrab olganligi va izchil amalga oshirilgani bilan ommaning e`tiborini o‘ziga jalb qildi. Ilmiy maqolalarda ma`naviyatni ilm-fan, axloq-odob, xalqimizning qadimgi donishmandligi, ulug‘ allomalarning hikmatli gaplari, diniy qadriyatlarga asoslanib rivojlantirish zarurligi bayon qilindi. Inson ruhiyati, ichki dunyosi, fazilatlari, xulq-atvori, kiyinish madaniyati, xatti-harakarlarini boshqaruvchi qudratli kuch ma`naviyat ekanligi ochiq-oydin namoyon bo‘ldi.

Ma`naviyat sohalarga kirib borib o‘zining ijtimoiy mazmun-mohiyati bilan insonlarning tafakkurini, qalbini egalladi. Odamlar ish faoliyatini yangi zamon talablari asosida tashkil etib yutuqlarga erishmoqda. Qo‘lga kiritilgan natijalarni hayotining barcha jabhalarida qo‘llayapti.

Maktabgacha ta`lim tashkilotlarida “Ma`naviyat sektori”ning tashkil etilishi, uning tarkibidagi rahbar va xodimlarning vazifalari belgilanganligi, ma`naviyat xonasining jihozlanishiga e`tibor berilganligi yangi va olg‘a qadam bo‘ldi. Endi bolalarga bog‘cha yoshidan kattalarni hurmat, kichiklarni izzat qilish o‘rgatiladi. Ularning dunyoqarashini rivojlantirish, tahdidlardan avaylab-asrash, maktablarga dars samaradorligini oshiradigan ta`lim-tarbiyaga ega bolalarni tayyorlashdek ezgu ishlar amalga oshiriladi.

Shu o‘rinda ayrim jabhalarda insonlar tafakkurida saqlanib qolayotgan eskicha boshqaruv qoldiqlarini bartaraf etish zarur. Avvalgi jamoa xo‘jaliklarining shakli, uni boshqarishning mazmuni-mohiyati o‘zgarsa-da  rahbarligiga mukkasidan ketib o‘zgalar faoliyatiga egalik qilish holatlari saqlanib qolmoqda. O‘zini balanparvoz tutish, kibrlanish, mahalliychilik, og‘ayinbozlik, siyqalashtirish, boshqalarni nazar-pisand qilmaslik ensani qotirayapti. Zamon bilan hamnafas bo‘lish, yangicha tartiblarni izchil bajarish kerak. Muhtaram Prezidentimiz aytganlaridek, Ma`naviyat – bu, avvalo, insonlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hurmat va e`tibor, xalq va davlat kelajagini birgalikda qurish yo‘lida ezgu intilishlar, ibratli fazilatlardir. Ma`naviyat barcha joylarda ziyolilarning tafakkuriga chuqur singib, aholi bilan o‘zaro hamjihat, teng huquqlilik asosida faoliyat ko‘rsatsa ijtimoiy munosabatlar namunali tarzda amalga oshadi. Bunga erishish uchun kitobxonlik madaniyatini oshirish, kutubxonalardagi ijtimoiy-siyosiy, ma`naviy sohalarga oid adabiyotlarni o‘qish, gazetalar va jurnallardagi maqolalarni doimiy mutolaa qilish yaxshi natijalarni keltirib chiqaradi. Qishloq joylarda axborot-resurs markazlari tashkil etilib, yangi adabiyotlar, matbuot nashlarini olib o‘qishga shart-sharoitlar yaratilsa zamon talablari insonlar dunyoqarashiga singadi. Ma`naviyati yuksalgan insonlarning faoliyati ham, natijasi ham yaxshi bo‘ladi. Jamiyat qo‘ygan vazifalar qishloq joylarda ham to‘liq amalga oshirilib, aholi ularning natijasidan bahramand bo‘lib yashaydi.

                                                                                                          N. MUHAMMADIYEV