O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga asosan – quyidagi fuqarolik holati hujjatlari davlat tomonidan qayd etilishi kerak

1) tug‘ilish;

2) o‘lim;

3) nikoh tuzilganligi;

4) nikohdan ajralish.

Oila kodeksining 201-moddasiga binoan: fuqarolik holati dalolatnomalari — fuqarolar hayotidagi tug‘ilish, o‘lim, nikoh tuzish, nikohdan ajralish kabi voqea hamda faktlarning vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanishidir. Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish davlat ahamiyatiga molik hujjatlar bo‘lib, ikki nusxada tuziladi.

Biroq aholi o‘rtasida turli obyektiv va subyektiv sabablarga ko‘ra hayotidagi turli yuridik faktlarning vakolatli davlat organlari tomonidan tasdiqlanishiga erisha olmagan shaxslar mavjud bo‘lib, bu narsa ularning huquq layoqatini to‘la amalga oshirishlari uchun sun’iy to‘siq sifatida xizmat qilib kelgan.

Misol uchun tug‘ilishning o‘z vaqtida qayd qilinmaganligi onaning bolani 2 yoshgacha parvarishlash ta’tilidan foydalanish, bu davr uchun nafaqa olish huquqini cheklab qo‘yadi.

Nikohning o‘z vaqtida qayd qilinmaganligi keyinchalik nikoh davrida tug‘ilgan farzandlar uchun tug‘ilganlik haqida guvohnoma olishda qiyinchiliklarga sabab bo‘ladi. Shu va shunga o‘xshagan holatlarning oqibatlarini bartaraf etish uchun Adliya vazirligi tomonidan 2024 yilning 20 yanvaridan 20 martiga qadar “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi o‘tkazilmoqda.

Huquqiy aksiya doirasida quyidagi shaxslarga yordam beriladi:

Tug‘ilishi qayd etilmaganligi oqibatida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan shaxslar;

Yaqin qarindoshining o‘limi qayd etilmagan shaxslar;

Tug‘ilganligi yoki yaqin qarindoshining o‘limi haqidagi tibbiy ma’lumotnomaga ega bo‘lmaganligi sababli yuridik faktni belgilash yuzasidan sudlarga murojaat qilishi lozim bo‘lgan shaxslar;

tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatdan o‘tkazishda yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda muammolarga duch kelayotgan shaxslar;

ko‘chmas mulklarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan shaxslar.

Mazkur huquqiy aksiya doirasida, jumladan:

qayd etilmagan tug‘ilganlik va o‘lim holatlari respublika miqyosida xatlovdan o‘tkaziladi;

fuqarolarning ushbu turdagi murojaatlari joylardagi tuman (shahar) adliya bo‘limlarida tashkil etilgan maxsus shtablar yoki “1148” qisqa raqamli ishonch telefoni orqali tezkorlik bilan qabul qilinadi;

sayyor qabullar tashkil etiladi.

Natijasiga ko‘ra, mazkur shaxslarning:

tug‘ilganligi qayd etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtiriladi;

yaqin qarindoshlarining o‘limi qayd etilib, guvohnoma (ma’lumotnoma)lar beriladi;

tug‘ilish yoki o‘lim haqidagi faktlarni belgilash yuzasidan sudlarga arizalar kiritiladi va sud hujjati asosida tug‘ilish (o‘lim) qayd etib beriladi;

tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘maklashiladi;

ko‘chmas mulklarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan shaxslarga vakolatli organlar bilan birgalikda amaliy yordam ko‘rsatiladi.

“Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi doirasida bir hafta davomida 1250 nafar shaxslarga tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berildi.

Huquqiy aksiya doirasida:

165 nafar shaxslarning tug‘ilishi qayd qilinib, tug‘ilganlik haqida guvohnoma berildi;

170 nafar shaxslarni qarindoshining o‘limi qayd qilinib, o‘lim haqida guvohnoma berildi;

464 nafar shaxslarga tug‘ilganlik va o‘lim haqida takroriy guvohnomalar berildi;

48 nafar shaxslarga ID-kartalar berildi;

276 nafar  shaxslarga tegishli tadbirkorlik subyektlari davlat ro‘yxatidan o‘tkazib berildi;

127 nafar  shaxslarning ko‘chmas mulk obyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yuzaga kelgan muammolari bartaraf etilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

2777 nafar shaxslarga elektron raqamli imzo berish, “Mobile-ID” dan ro‘yxatdan o‘tkazish, kadastr pasportini shakllantirish va boshqa turdagi davlat xizmatlari sayyor shaklda ko‘rsatildi.

Aksiyaning dastlabki haftasida yuqorida ko‘rsatilgan salmoqli natijaga erishilgani ham aksiyaning dolzarb ahamiyatga ega ekanligini, bunday kampaniyaga aholi o‘rtasida ehtiyoj mavjudligining yaqqol dalilidir.

           Xanifa Qulmatova,

Qumqo‘rg‘on tumani Adliya bo‘limi FHDYO bo‘limi I toifali inspektori