OSHXONA ODOBI

AHOLIGA SAVDO XIZMATI KO‘RSATISHDA E`TIBOR QARATLISHI ZARUR ISHLAR HAQIDA TO‘XTALIB O‘TSAK

Jamiyatimiz fuqarolarning mehnat faoliyatini tashkil etishda o‘z ish o‘rniga va xizmat ko‘rsatish turiga ega bo‘lishi, natijada manfaat topib, farovon yashashga imkon yaratib berdi. Bunday qulaylikdan unumli foydalanayotgan fuqarolar avvalo tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olgach, tanlagan xizmat turlari bo‘yicha mehnat qiladi. Shu jumladan, oshxona ochib mijozlarga issiq ovqatlar pishirib, ularning ehtiyojlarini qondirish maqsadini amalga oshirayotgan tadbirkorlik subyektlari faoliyatidagi ayrim holatlarni tahlil qilish o‘rinli. Oshxonada sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilish, belgilangan me`yorlarni bajarish zarur. Mijozlar didli, farosatli bo‘lib, ular oshxona va undagi jihozlarning toza-ozodaligi, ovqatlarning turi, ta`biga mosligi, sifati, tadbirkorning xizmat ko‘rsatish madaniyati va samimiy muomalasiga, jamoat tartibini saqlashga e`tibor qaratishadi.

Kundalik xizmat ko‘rsatish jarayonlarida ayrim oshxona xizmatchilari xizmat ko‘rsatishda mijozning buyurtmasiga amal qilmay, o‘z mahsulotini o‘tkazish, buning uchun qo‘pol muomala qilish kabi keraksiz xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymoqda. Xizmat ko‘rsatuvchi odob bilan muomala qilib mijozni istagan buyurtmasini olishi va namunali bajarishi yoqimli, albatta. Ofitsiant oshxonada qo‘pol muomala qilsa, u bilan birga ishlayotgan oshpaz mahsulotni sotishdan manfaatni o‘ylab qo‘pollikni avj oldirsa mijozning ensasi qotadi. Ularning ishidan ko‘ngli to‘lmaydi. Oshxonadan ketishi ham mumkin. Bu tadbirkorlarning ta`biri bilan aytganda “xaridorni qochirish” deyiladi.

Mijozlarning orasida parhez taomlarni iste`mol qilishga ehtiyoji bor. Ular shifokorlarning tavsiyasiga ko‘ra parhez taomlarni iste`mol qilishi salomatlikni tiklashda yordam beradi. Biroq tumanda parhez taomlar pishirib mijozlarga xizmar ko‘rsatadigan oshxonani izlab topish amri mahol. Shuning uchun aholi orasidagi parhez taomlarni iste`mol qiluvchi odamlar sarson-sargardon bo‘lmoqda. Oshxona ochib pazandachilik bilan shug‘ullanaman, aholiga xizmat ko‘rsatib manfaat topaman, halol mehnat bilan yaxshi yashayman degan shaxslar bo‘lsa parhez taomlarni pishirib, ichimliklar bilan tavsiya qilsa, namunali xizmat ko‘rsatsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xalqimizda yaxshi so‘z jon ozig‘i degan ma`noli gap bor. Mijozlar ham yaxshi muomalaga ehtiyojmand. Ularga shirinsuxanlik bilan muomalada bo‘lish tadbirkorning vazifasi. O‘z vazifalarini mas`uliyat bilan bajarganlarni mijozlar ham hurmat qiladi. Xo‘randalar soni oshib shunga yarasha manfaatdorlikni ham ko‘paytiradi.

         Shu o‘rinda oziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan band bo‘layotgan do‘konlarning egalariga bir mulohazani bayon qilsak. Yillar davomida aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlashga e`tibor qaratilgani natijasida do‘konlar soni ko‘paydi. Mahsulotlarning turi ham ko‘p. Xaridorlar mahsulotlarni sotib olib iste`mol qilib yashamoqda. Ezgu ishlarni yanada rivojlantirib aholining ehtiyoji, ta`bi, mijozi uchun zarur mahsulotlarni olib kelib sotsa ayni muddao bo‘ladi. Hozir matbuot nashrlari va internetda aholi salomatligini saqlash mavzusida mahsulotlarning turlari haqida ma`lumotlar yozilayapti. Rasmlari ko‘rsatilayapti. Menimcha do‘konlarning egalari ham bunday yangiliklardan xabardor bo‘lishlari zarur. Do‘konlarni mahsulotlar bilan ta`minlashda shu bilimlarga amal qilsa, fasllarga mos, mijozlarning ehtiyojiga kerakli, parhezbop bo‘lishiga erishsa bu sohadagi ishlar yanada rivojlanadi. Do‘konga mahsulotlarni izlab kelgan odamlar xarid qiladi. Aholiga naf keltirish oliy himmat, deganlaridek hamma sog‘-salomat, baxtiyor yashaydi.

                                                                                        N. MUHAMMADIYEV