Yodning inson hayotidagi ahamiyati

Yod tanqisligiga qarshi ko‘p yillik kurash olib borilayotganiga qaramasdan hanuzgacha dunyoning ko‘plab mamlakatlarida, shu jumladan, O‘zbekistonda ham yod tanqisligi muammosi to‘liq hal etilmagan. 

Qayd etilishicha, hozirga kelib O‘zbekistonda aholisi yod tanqisligi bilan bog‘liq kasalliklarga chalinish xavfi bo‘lmagan hudud yo‘q. Negaki respublikaning shu kungacha o‘rganilgan barcha hududlarida aholi ratsionida yod tanqisligi mavjudligi kuzatilgan. Aslida yodga bo‘lgan ehtiyoj chaqaloqlarda kuniga 50 mkg, 1 yoshdan 6 yoshgacha  bo‘lganlarda 90 mkg, 7 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lganlarda 120 mkg, o‘smirlar va kattalarda 150 mkg ni tashkil qiladi. Homiladorlik va laktatsiya davrida yodga bo‘lgan ehtiyoj kuniga 200-300 mkg gacha ortadi. Chunki ona organizmi yodni homila yoki emizikli bola bilan bo‘lishadi. Jahonda yod tanqisligini bartaraf etish bilan shug‘ullanadigan nodavlat, notijorat tashkiloti ma`lumotiga ko‘ra, dunyoning 96 dan ortiq mamlakatlarida tuzni majburiy yodlash strategiyasi mavjudligi va uning qonunchilikda belgilab qo‘yilgani, hozirgi paytda ushbu muammoni hal qilish yo‘llaridan biri bo‘lishi mumkin.  Yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish, sotish va iste`mol qilish sohasida samarali huquqiy va tashkiliy asoslarni qabul qilish, aholini faqat yodlangan osh tuzi bilan ta`minlash borasida ta`sirchan chora-tadbirlarni ko‘rish, aholida o‘z sog‘lig‘i uchun mas`uliyatni shakllantirish, yod tanqisligi bilan kasallanishni kamaytirish choralarini ko‘rish ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtiribgina qolmasdan, pirovardida, mamlakat aholisi farovonligini oshirishga yordam beradi.  Respublika bo‘yicha hududlarda 56 ta yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish korxonasi va 46 ta ularni qadoqlash sexi faoliyat yuritib kelgan. O‘tgan davrda 20 ta yodlangan osh tuzini ishlab chiqarish korxonasida o‘tkazilgan tekshirishlar davomida 2 ming 421 kg 400 gr kaliy yodat zaxirasi mavjudligi aniqlangan. Ushbu tekshirishlar davomida laboratoriya tahlillari uchun olingan 28 ta namunalardan 9 ta namuna belgilangan me`yorlarga javob bermagani sababli, ularni qayta yodlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berilib, qayta yodlashga erishildi.  2023 yilning o‘tgan davrida oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonalaridagi tekshirishlar davomida laboratoriya tekshiruvlari uchun olingan 48 ta, savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarida o‘tkazilgan tekshirishlar davomida 506 ta, MTM, UMT, DPM va boshqa ijtimoiy soha obyektlaridagi tekshirishlar davomida 1283 ta namunalar laboratoriya tekshiruvlaridan o‘tkazilib, belgilangan me`yorlarga javob bermagan 1866 kg osh tuzi qayta yodlash uchun ishlab chiqarish korxonalariga qaytarildi.  Olib borilgan tadbirlar natijasida bir oz ijobiy tendensiya kuzatilishni boshladi, xususan, o‘tgan davr mobaynida tarkibida yod miqdori kam bo‘lgan yoki umuman bo‘lmagan osh tuzi namunalari miqdori 13-18 foizgacha kamaygan. 

                                                X. TOG‘AYEV,

Qumqo‘rg‘on tuman SEO va JS bo‘limi sanitariya vrachi