MIZOJ

(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda).

G‘AYRITABIIY QON XILTINING KO‘PAYIB

KETGANI ALOMATLARI

Qon xilti ko‘payib ketganda gavdada, ko‘z tagida, boshda va ikki chakkada ko‘proq og‘irlik kuzatiladi. Doimiy uyqu bosish, sezgi va hislarning kuchsizlanishi, toliqish va charchash hamda og‘izda odatdan tashqari shirinlik,  yuz  va  tilda  qizillik,  ba’zan  badanda chipqon, og‘izda chaqalar paydo bo‘ladi. Burun, milk va yo‘g‘on ichakda qon oqishi kuzatilishi mumkin. Tushida qizil rangli alomatlar ko‘radi. Masalan, qon oqishi yoki qizil rangli tasvirlar… Qon  xilti  ko‘payib  ketgan  kishilarga  oziqligi oz, sovituvchi, kam quvvatli, sovuq va quruq hamda mo‘tadil mizojli ovqatlar tavsiya qilinadi. Mevalar: qizil do‘lana, chilonjiyda, jiyda, shotut, do‘lana, anor, pista, achchiq bodom, sirka, limon va mandarin.

Sabzavotlar: kartoshka, sabzi, karam, loviya, sholg‘om.

Oziq-ovqatlar:  tvorog  va  suzmalar,  guruchli ovqatlar, tovuq va parranda go‘shtlari, o‘simlik yog‘lari.

G‘AYRITABIIY BALG‘AM XILTINING KO‘PAYIB

KETGANI ALOMATLARI

Balg‘am  xilti  ko‘payganda,  yuz  rangi  va  shilliq qavatlarda oqlik ortib ketadi. Terining sovuq va yumshoqligi,  so‘lakning  ko‘p  va  yopishqoqligi,  tashnalikning  kamligi  yoki  umuman  bo‘lmasligi,  nordon kekirik, siydikning rangsizligi, ko‘p uxlash va yalqovlik, fahm pasayishi kuzatiladi. Odam tushida suv, yomg‘ir, anhor, qor va do‘l yoki muzliklarni ko‘radi. Bunday  paytda  qizdiruvchi  va  quruq  mizojli ovqatlar tavsiya qilinadi. Shuningdek, quvvatli, yog‘li, achchiq va sho‘r ovqatlar yeyish kerak. Mevalar: anjir, xurmo, har xil yong‘oqlar hamda pista, bodom va mayiz.

Sabzavotlar: turp, kartoshka, sabzi, piyoz va karam.

Oziq-ovqatlar:  tuya  suti,  quritilgan  non,  no‘xat, mosh,  marjumak  (grechka)  va  har  xil  qovurilgan ovqatlar, shilliqsiz va yopishqoqsiz (shavla, shirguruch va har xil bo‘tqa-kashalardan tashqari) guruchli hamda qo‘y go‘shtli ovqatlar, qovurilmagan, ya’ni qaynatilgan tuxumlar.

G‘AYRITABIIY SAFRO XILTINING KO‘PAYIB

KETGANI ALOMATLARI

Yuz  va  ko‘z  sariqligi,  og‘izning  achchiqligi,  tilning g‘adir-budurligi, burun-og‘izda quruqlik va tez-tez tashnalik, ishtahaning pastligi, ko‘ngil aynishi, achishtiruvchi ich ketishi hamda betoqatlik kuzatiladi. Tushlarda sariq rangli tuslar, bayroqlar, olov va xazon ichida yurganlik ko‘rinadi.

Safro  xilti  ko‘payib  ketgan  kishiga mo‘tadillashishi uchun sovituvchi va ho‘llovchi, hazmi yengil, nordon ta’mli ovqatlar tavsiya qilinadi.

Mevalar: sitrus mevalar, shotut, olma, zirk, uzum g‘o‘rasi, anor, behi, jiyda, shirin bodom va sirka.

Sabzavotlar:  kartoshka,  sabzi,  oshqovoq,  sholg‘om, gulkaram.

Oziq-ovqatlar:  tvorog  va  suzmalar,  non mahsulotlari, qaynatilgan va bug‘langan guruchli taomlar, tovuq va parranda go‘shtlari, o‘simlik yog‘lari hamda uncha shirin bo‘lmagan sharbatlar.

G‘AYRITABIIY SAVDO XILTINING KO‘PAYIB

KETGANI ALOMATLARI

Teri  quruqshaydi,  rangsizlanadi,  xira tortib, qorayadi. Me’da og‘zining achishuvi va yolg‘on ishtaha, siydikning quyuq qizg‘ish-qoraligi, ortiqcha vas-vasa  va  o‘ychanlik  hamda  g‘amginlik,  badanda  har xil qora dog‘lar paydo bo‘lishi asosiy alomatlar hisoblanadi.

Tushlarida qora tun va qora sharpalar, tepalikdan pastga qulash hamda har xil qo‘rqinchli chorasiz voqealar ko‘radi.

Savdo xilti ko‘payib ketgan kishilarga xilti me’yoriga kelishi uchun qizdiruvchi va ho‘llovchi, o‘tkir va achchiq ta’mli ovqatlar tavsiya qilinadi.

Mevalar: olma, oqtut, o‘rik, behi, yong‘oq va yeryong‘oq, pista, shirin bodom va anjir.

Sabzavotlar: turp, kartoshka, sabzi, gulkaram va karam.

Oziq-ovqatlar: suzma, tvorog, baliq sho‘rva, tuya suti, non, qaynatilgan va qovurilgan qo‘y go‘shti, o‘simlik va hayvon yog‘lari, qaynatilgan no‘xat, mosh, loviya hamda guruchli taomlar.

BIRGA QO‘ShIB YEB BO‘LMAYDIGAN 

OVQATLAR

sut bilan ho‘l mevalar;

yog‘li taomlar va shirinlik;

baliq bilan sut-qatiq;

baliq bilan ho‘l mevalar;

baliq bilan sumalak;

baliq bilan tuxum;

tuxum bilan sut-qatiq;

sovuq ichimliklar bilan issiq taomlar;

og‘ir hazm bo‘ladigan taomlardan keyin tez hazm bo‘ladigan  taomlar  yeyilmaydi.  Masalan,  go‘shtning ustidan nok.

SOVUQ SUV ICHISH MUMKIN BO‘LMAGAN

HOLATLAR

nahorda (uyqudan turgandan ichish);

issiq hammom qabul qilgandan so‘ng;

issiq taom orasida;

issiq ob-havoda (terlab turganda);

jimodan keyin.

Bu holatlarda tanada ichki issiqlik kuchayib, ba’zi a’zolar qizib turadi. Masalan, jigar, oshqozon, tish, og‘iz bo‘shlig‘i… Sovuq suv ta’sirida qizib turgan a’zo o‘ziga sovuqni ko‘p tortadi, natijada jigar sirrozi, oshqozon-ichak yallig‘lanishi, disbakterioz, tish kariyesi, qizilo‘ngach va og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavati  shikastlanishi  kabi  kasalliklar  kelib chiqishi mumkin.

                                                         Abdurashid Safarov,

                                Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi

                                                                    (Davomi bor.)