NAVOIY IJODI ILMIY TAFAKKUR TALQINIDA

Aqliy salohiyati, tafakkur qamrovi, ijodiy mahorati ko‘pchilikka namuna bo‘lgan Alisher Navoiy (1441-1501 yillar) ijodi besh yarim asrdan oshdiki ijod ahli va olimlarni o‘ziga jalb qilmoqda. Ulug‘ alloma yashab, ijod qilgan paytidayoq zamondoshlari uning asarlarini ilmiy tafakkur o‘lchovida talqin qilgan.

Bizning zamonamizgacha yetib kelgan manbalarga asoslangan ma`lumotlarga ko‘ra Samarqand zaminida ikki olim A. Navoiy hayotlik davridayoq uning siyosiy va ijodiy faoliyati haqida asarlar yozgan. Ma`lum va mashhur Abdurazzoq Samarqandiy “Matlai sa`dayin va majmuai bahrayn” asarida davlat arbobining siyosiy faoliyatini yoritdi. Bu asar ulug‘ arbobning siyosiy faoliyati to‘g‘risidagi ilk tarixiy manba hisoblanadi. Shoir va olim Davlatshoh “Tazkirat ush-sharo” tazkirasida she`riyat mulkining sultoni, nodir asarlar yozgan allomaning badiiy ijodi haqida ilk manbaning muallifi bo‘lgan.

XX asr o‘zbek ziyolilari va ijodkorlari orasida uyg‘onish davri bo‘lganligi bilan ahamiyatli. Asr boshida yashagan iste`dodli ijodkorlar navoiyshunoslikni fan sifatida rivojlantirdi. Qomusiy olim va professor Abdurauf Fitrat va publitsis Vadud Mahmud Navoiy ijodining o‘zbek adabiyotidagi o‘rni, alloma yashab ijod qilgan davrga adabiyotning birinchi oltin davri deb baho berishgan.

Ilm-fan rivojlangan sayin bilimdon olimlar, tadqiqotchilar mahoratli shoir, insoniy fazilatlarni jaholatdan ustun qo‘ygan ma`rifatparvar adib ijodini o‘rganishda yutuqlarga erishdi. Shu o‘rinda biz  A. Navoiyni o‘zbek tilining asoschisi deb o‘qigan va bilgan haqiqatga oydinlik kiritishning o‘rni joiz. A. Navoiy asarlarining til xususiyatlarini o‘rganishda Xudoyberdi Doniyorov namunali mehnat qildi. U 1960-yillarning oxirida ulug‘ alloma asarlarining tili va uslubi bo‘yicha keng ko‘lamli tadqiqotni boshladi. Uning “Alisher Navoiy va o‘zbek adabiy tili” nomli risolasida Markaziy Osiyoda XI asrda shakllangan adabiy tilni ulug‘ shoir va mutafakkur XV asrda dunyoning eng rivojlangan va nafis adabiy tili darajasiga olib chiqqani yozilgan. Shuning uchun eski o‘zbek adabiy tili XIX asrning ikkinchi yarmiga qadar faqat o‘zbeklarda bo‘lib qolmasdan qardosh turkiy xalqlarning ham adabiy tili bo‘lgan.

Bizning davrimizga kelib Navoiy ijodi, u yozib qoldirgan asarlarni o‘rganish yanada rivojlandi. Navoiy asarlari nashriyotlarda nashr etilib kitob o‘qishni kanda qilmaydigan navoiyxonlarga yetkazib berildi. Uning mashhur “Xamsa” asari, undagi besh dostonni o‘qib o‘rganishga qiziqish oshdi. Taniqli so‘z ustasi, ko‘plab asarlar muallifi, mumtoz adabiyot namoyandasi ijodi ta`lim-tarbiya dargohlarida yosh avlodlarga o‘rgatilayapti. Ijodkorlar so‘z san`ati tajribasini va mahoratini bu ulkan shoirning asarlaridan o‘rganib kamolot pillapoyalaridan ko‘tarilmoqda.

                                                                                        N. MUHAMMADIYEV