Navoiyni eslab

So‘nggi yillarda Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, uning asarlarini keng targ‘ib qilish hamda xotirasini abadiylashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

 Buyuk mutafakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi, yurt obodligi, xalq farovonligi, ma’naviyat va madaniyat rivojiga beqiyos darajada hissa qo‘shgan Alisher Navoiy tavallud topganiga 583 yil to‘ldi.

Har yili mazkur sana munosabati bilan yurtimiz bo‘ylab bayramona kayfiyat hukm suradi. Joriy yildagi tadbirlar ham ko‘tarinkilik, o‘zgacha shukuh bilan adabiyot, ma’naviyat, ilm-ma’rifat, do‘stlik ayyomi sifatida o‘tkazilyapti.

Ana shunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardan biri tumanimizdagi 13-Davlat maktabgacha ta`lim tashkilotida o‘tkazildi.

Tantanali marosimni 13-Davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti rahbari Laylo Aminova kirish so‘zi bilan ochib berdi. Hazrat Alisher Navoiyning boy ilmiy ijodi, ma’naviy mahzanlari bilan tanishtirish, asarlarini mutolaa qilishga undash bugungi kunning muhim jarayoni hisoblanishini ta’kidladi.

O‘zbek tili va adabiyoti rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi, yoshlarni yuksak ma’naviyatli, teran tafakkurli insonlar etib tarbiyalashda mutafakkir ijodining ahamiyati xususida so‘z yuritildi.

Darhaqiqat, Alisher Navoiydan avlodlarga ulkan, bebaho, tuganmas adabiy meros qoldi. Ulug‘ shoir o‘zining she’riy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy g‘oyalarni, ona tilimizning beqiyos jozibasi borligini namoyon etdi.Tadbir davomida bolajonlarning musiqiy chiqishlari, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari yig‘ilganlarga namoyish etildi. Shoir ijodi haqida batafsil ma’lumot berildi. Tarbiyalanuvchilar tomonidan g‘azallar o‘qildi.

Shu bilan birga tadbir doirasida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan devoriy gazetalar hamda mumtoz shoirning kitoblari ko‘rgazmasi tashkil etildi.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tgan tadbir ishtirokchilarda katta taassurot qoldirib, Alisher Navoiy ijodi bilan yana bir bor yaqindan tanishishlari uchun xizmat qildi.

                                                Oygul  Xojiyeva,

 13-davlat maktabgacha ta`lim tashkiloti musiqa rahbari