Harakatda hikmat ko‘p

Inson doim harakatda, intilishda bo‘lsagina doim yuqori natijalarga erishadi. Oldiga maqsad qo‘yib havotirni yengib, intilgan kishi natija bilan yakun topadi. Biron ishni boshlashdan oldin doim yomon tomonlarini o‘ylaydiganlar hech bir natijaga erisha olmaydi. Oramizda o‘z mehnati ortidan ibrat bo‘layotgan yurtdoshlarimiz ham anchagina. Jo‘rabek Qosimov tumanimizdagi “Bo‘ston” mahallasida 10 gektar maydonda issiqxona tashkil etdi. 2021 yil fevral oyida ushbu issiqxonada ilk mehnatini boshladi. Kechani – kecha demay, tunni tongga ulab mehnat qildi. Albatta qilgan mehnatlari o‘z samarasini berdi.

     Yolg‘iz otning

    changi chiqmas

Ezgu ishni boshlashda kimningdir ko‘magiga suyanamiz. Jo‘rabek Qosimov issiqxonada mahsulotlarning parvarishi uchun barcha qulayliklarni yaratdi, tayyor mahsulotlarni ichki bozorlarga topshirish vazifalarini bajaradi. Hamma ishga bir kishi ulgurishi juda qiyin. Jo‘rabekning akasi Otabek Qosimov ukasining ishlarida yelkama yelka turib ko‘mak berib kelmoqda. Ish boshqaruvchi bo‘lib faoliyat ko‘rsatmoqda. Issiqxonaga kelgan ishchilarning moddiy ta’minoti, ish qurollari bilan ta’minlanishi, ko‘chatlarning parvarishiga ketadigan mahsulotlarning o‘z vaqtida berilishini doim nazorat qilib boradi. Hozirgi kunda issiqxonaga pomidor, bodring, qalampir, bulg‘or qalampiri, tarvuz ko‘chatlari ekilgan. Bu mahsulotlar pishib tayyor bo‘lgach ichki bozorga topshirililadi.

        Agronom-

 hosilning barakasi

O‘z vaqtida ko‘chatlarga berilgan ozuqa hosilning yaxshi bo‘lishida xizmat qiladi. Muhammadumar Qosimov ushbu issiqxonada agronomlikda olgan bilimlarini amaliyotda qo‘llamoqda. Bir vaqtning o‘zida bitta joyda ikki xil hosil olish usulini qo‘llab natijaga erishdi. Pomidor ko‘chatlari bilan bir vaqtda qalampirni ham yetishtirdi. Bodring, tarvuz urug‘larini  stakanga ekib ko‘chat holatida o‘stirishmoqda. Ko‘chatlarning ham nobud bo‘lmasdan hosilga kirishida Muhammadumarning xizmati katta.

  Ayolning mehnati-

  oilaning ziynatidir

Oilaning bekamu ko‘st bo‘lishida erkaklarning balkim ayollarning ham o‘rni beqiyosdir. “Qorsoqli” mahallasida yashovchi Xasanova Sojida  10 nafar mahalladoshlaridan iborat xotin-qizlar bilan ushbu issiqxonada 4 yildan buyon ishlab, halol mehnati ortidan oilasini tebratmoqda. Ushbu ayollarning asosiy ishi gullarni changlatish hamda bandini  yulishdan iboratdir. “Bo‘ston” mahallasida istiqomat qiluvchi Jumayeva Zilola mahalladoshlari 18 nafar xotin-qizlar bilan birgalikda ushbu issiqxonaga ko‘chatlarning o‘sishida ko‘maklashuvchi ipni bog‘lash bilan shug‘ullanib kelishmoqda. Ushbu ayollarning bir kunlik ish haqqi 80000 ming so‘mni, bir oylik daromadi o‘rtacha 2400000 so‘mni tashkil etadi. Tushlikda ishchilar issiq ovqat bilan ta`minlanadi.

             Xulosa

Issiqxona biznesini tashkil etish orqali siz nafaqat daromadga ega bo‘lasiz, balki bu biznesni kengaytirish borasida tajriba ham orttirasiz. Eng muhimi, yurtimiz bozorlarida bu yo‘nalishga talab katta. Boshlanishiga ma`lum yo‘nalishdagi mahsulotlarni, keyinchalik esa noyob turdagi iste`mol mahsulotlarini ham yetishtirishingiz mumkin bo‘ladi.

Rayhon MENGZIYAYEVA