O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI FUQAROLARIGA XORIJGA CHIQISH BIOMETRIK PASPORTINI BERISHGA DOIR DAVLAT XIZMATI KO‘RSATISH TARTIBINI YANADA SODDALASHTIRISH      CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA O‘ZBEKISTON        RESPUBLIKASI PREZIDENTINING QARORI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022- yil 16-iyundagi PQ-282-son qarori bilan xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun Davlat xizmatlari markazlari fuqarolarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish quyidagi hollarda amalga oshiriladi: O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga chiqishda; ilgari xorijga chiqish biometrik pasporti bilan hujjatlashtirilmagan, konsullik ro‘yxatiga olingan fuqarolar xorijda bo‘lganida; farzand xorijda tug‘ilganida; xorijga chiqish biometrik pasportining amal qilish muddati tugaganida; familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, jinsi o‘zgarganida; yozuvlarda noaniqliklar va xatolar mavjudligi aniqlanganida; ma`lumotlar yoki vizalar uchun mo‘ljallangan betlar ishlatilib bo‘linganida; xorijga chiqish biometrik pasporti blankasi yaroqsiz holga kelganida; xorijga chiqish biometrik pasporti yo‘qotib qo‘yilganida; sud ajrimi bilan xorijga chiqish biometrik pasportining amal qilishi to‘xtatib turilganda; xorijga chiqish biometrik pasporti ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilganida; ilgari berilgan xorijga chiqish biometrik pasportini muddatidan oldin almashtirish bo‘yicha murojaat etilganda”.

Xizmatdan foydalanuvchilar xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun doimiy yoki vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tgan manzilidan qat`iy nazar, eksterritoriallik tamoyili asosida istalgan ma`lumotlarni yig‘ish punktiga o‘zi kelib yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidan ro‘yxatdan o‘tadi.

 Keksa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj yoki nogironligi bo‘lgan shaxslarga xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berishga oid xizmatlar tegishli murojaatga asosan, bevosita doimiy yashash yoki turgan joyiga chiqish orqali amalga oshiriladi.

 Xizmatdan foydalanuvchilar xorijga chiqish biometrik pasportini olish yuzasidan ma`lumotlarni yig‘ish punktiga o‘zi kelib murojaat etgan taqdirda, ma`lumotlarni yig‘ish punkti xodimlari tomonidan fuqaro nomidan elektron tarzda, YIDXP orqali murojaat etgan taqdirda esa mustaqil ravishda so‘rovnomani elektron tarzda to‘ldiradi.

Xorijga chiqish biometrik pasporti berilganligi uchun belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.

Davlat xizmati ko‘rsatilishi uchun YIDXP orqali murojaat etilganda davlat boji summasining 90 foizi undiriladi.

Davlat xizmati “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilganda, davlat boji summasining 50 foizi miqdorida chegirma qo‘llaniladi.

Fuqarolar quyidagi hollarda xorijga chiqish biometrik pasporti berilganligi uchun davlat bojini to‘lashdan ozod qilinadi: yaqin qarindoshlari vafot etgan yoki ular dafn etilgan joylarni ziyorat qilganda; fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari bo‘yicha huquqiy yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomalarga (bitimlarga) binoan ular xorij sudlariga fuqarolik va jinoyat ishlari yuzasidan taraflar, guvohlar va ekspertlar sifatida chaqirilgan taqdirda; voyaga yetmagan shaxsga, shuningdek unga hamrohlik qiluvchi shaxsga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatilganda yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganda; voyaga yetmagan shaxs ilm-fan, ta`lim, sport yoki madaniyat sohalaridan biridagi xalqaro tadbirda yoki musobaqada ishtirok etganda; “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan shaxsga, shuningdek, unga hamrohlik qiluvchi shaxsga xorijiy davlatda ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatilganda yoki jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganda; biometrik pasport O‘zbekiston Respublikasi yoki chet davlatlar hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (turar joylarning yoki yashash uchun mo‘ljallanmagan joylarning yonishi, qulashi, transport vositalarining yonishi) yuz berganligi natijasida jabrlangan jismoniy shaxslar tomonidan yo‘qotilgan yoxud yaroqsiz holga kelganda.

Bunda, ushbu holatlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlar (yaqin qarindoshi ekanligini tasdiqlovchi hujjat, yaqin qarindoshi xorijiy davlatda dafn etilganligini tasdiqlovchi vakolatli organ tomonidan berilgan hujjat, xorijiy davlatlar sudining tegishli hujjati, Sog‘liqni saqlash vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan berilgan yo‘llanma, fuqaroning xalqaro tadbir yoki musobaqaga yuborilayotganligi to‘g‘risida mas`ul vakolatli davlat organining ma`lumotnomasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalari tomonidan berilgan, gerbli muhr bilan tasdiqlangan yong‘in sodir bo‘lganligi haqidagi dalolatnoma va boshqa tasdiqlovchi hujjatlar) so‘rovnomaga ilova qilinadi.

Korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan xorijga xizmat safariga yuboriladigan fuqarolarning xorijga chiqish huquqini beruvchi hujjatlar uchun davlat boji belgilangan tartibda ushbu korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan to‘lanadi.

                                              Nargiza Kuchkarova,

Sho‘rchi tuman Adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi