Qumqo‘rg‘on tuman hokimi A. Normamatovning yangi yil bayrami munosabati bilan tuman ahliga yo‘llagan tabrigi

Assalomu alaykum qadrli tumandoshlar!

Aziz bolajonlar!

Mana shu hayajonli, fayzli damlarda jonajon O‘zbekistonimizga 2024 yil kirib kelmoqda.

Siz, azizlarni, ko‘p millatli xalqimizni Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Barchangizga ulug‘ boylik bo‘lgan oilaviy baxt va salomatlik tilayman.

Aziz tumandoshlar!

2023 yilda barcha sohalarda xalqimizning fidokorona mehnati evaziga katta o‘zgarishlarni amalga oshirdik.

Zamonaviy korxonalar, uy-joylar, yo‘llar, ko‘priklar qurildi. Ta’lim, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari barpo etildi.

Xorijiy davlatlar, avvalo, yaqin qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik yanada kuchaymoqda.

O‘zbekistonning xalqaro nufuzini oshirish uchun salmoqli ishlar qilindi.

Buning natijasini bugun har bir inson va oila, har bir jamoa o‘z misolida ko‘rmoqda. Eng muhimi, odamlarimizning ertangi kunga ishonchi ortmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘tayotgan yil mamlakatimiz tarixida yorqin iz qoldirgan yil bo‘ldi.

Shu bois eski yilimizni shukronalik va rozilik bilan kuzatmoqdamiz.

        Hurmatli

   tumandoshlar!

Biz yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni, millatlar va fuqarolar o‘rtasida totuvlikni ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratamiz. Xalq bilan muloqotni yuqori bosqichga olib chiqamiz.

Diyorimizni yanada obod va ko‘rkam qilish asosiy vazifamiz bo‘lib qoladi.

Ehtiyojmand oilalar va yordamga muhtoj insonlarni himoya qilishga, aholi daromadlarini oshirishga e’tiborni yanada kuchaytiramiz.

Muhtaram faxriylar, opa-singillarimiz va yoshlarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish doimo diqqatimiz markazida bo‘ladi.

Kirib kelayotgan Yangi yilda xalqimizning barcha orzu-niyatlari ushalsin!

Farzandlarimiz, nabiralarimizning baxt-u kamolini ko‘raylik!

Go‘zal va betakror yurtimiz tinch-osoyishta, olijanob, bag‘rikeng xalqimiz hamisha omon bo‘lsin!

2024 yilning qadami qutlug‘ kelsin!

Yangi yil barchamizga muborak bo‘lsin!