Ot chopsa gumburlar tog‘ning darasi

(Davomi. Boshi o‘tgan sonda).                                         

                                         XXX

Otning, ishonavering, mingta oti-nomi, nomining sinonimi bor. Sut emizuvchilar sinfidagi toq tuyoqli, bo‘yi ikki gaz, balandligi o‘rtacha bir yarim metr, vazni bir yarim tonnagacha tosh bosadigan, kuchi o‘ttizta yigitnnig kuchidan kam bo‘lmagan, shuncha kuchi bo‘la turib ham o‘ttiz yildan ortiq yashamaydigan bu jonivorning turi va zoti bisyor: ish (ishlaydigan) otlar.

Sport otlari. Aravakash va salt minish otlar. Qimiz olish va go‘shtlikka boqishga mo‘ljallangan otlar. Odimkash, yo‘rtoqi ( yo‘rg‘a) otlar. Kabarda, qirg‘iz, laqay, don, kustanay, kanada, axaltaka, arabi, korib, yovmut, barbari deb ataladigan otlar. Rus, sovet, vladimir, litva, latviya, vengr, turkmani, arden, babanson, tarkenen, budyonniy deb ham ataladigan otlar. Ko‘pkari otlari. Poyga otlari. Ayg‘ir otlar. Axta otlar. Asov otlar…

Ayrim joylarda otni go‘shtlikka boqishmaydi. Uning go‘shtidan qazi-quzi qilishmaydi. Otning toq tuyoq ekanini nazarga olib go‘shtini makruh deydiganlar bor.

Lev Tolstoy Kutuzovning, qarab tursin hali, men farangilarga otning go‘shtini yedirmasam deb ularni haqorat qilganday bo‘lib gapirishini bejizga keltirmagan.

O‘zimizda ham otlarning yoshi, rangi, belgilaridan kelib chiqib ajabsanda nomlar bilan atashadi: cho‘bir ot, chavkat, targ‘il, tarlon, to‘riq otlar. Jiyron, qorabayir, saman, gunafsha, ko‘k, chibor otlar…Cho‘bir, chavkar, tarlon ko‘pincha aravaga qo‘shiladi. To‘riq, qorabayir, jayron, saman otlar chaqqon, harakatchan bo‘ladi. Ko‘pkariga chopiladigan otlar ko‘pincha shu otlarning ichidan tanlab olinadi.

– Ko‘pkariga chopiladigan otning ko‘kragi keng, sag‘risi silliq, bo‘yni uzun, beli kalta bo‘ladi. Boz yana boshi kichik, dumi yo‘g‘on bo‘ladi. Boz yana qobirg‘alari epli, quloqlarining uchi ingichka bo‘ladi,-degan edi bir gurungda Sho‘rchilik Abdimalik Muxtorov degan birodarim.-Bo‘yni kalta, beli uzun otni ko‘pkariga solmaydilar. Bunday otlar ko‘pkariga yaramaydi. Shuning uchun ham bilag‘onlar bo‘yni uzun, beli kalta ot sotilmaydi deydilar. Bo‘yni kalta, beli uzun ot chopilmaydi deydilar.

Yanayam shunday otlar borki, ularning bo‘yni ham, beli ham kalta bo‘ladi. Yoli bejirim, chiroyli bo‘ladi. Dumi o‘rtacha uzunlikda, oyoqlariyam uzun-uzun bo‘ladi. Qadamlaridan yer gumbirlaganday bo‘lib ketaveradi. Jiyronmi, to‘riqmi, ko‘k yo samanmi, ko‘pincha bu xil otlarning tuyoqlarining yuqorisida oppoq qashqabelgi bo‘ladi. Shu belgi uning ko‘rkiga yanayam ko‘rk berib turadi. Bu otlarning ko‘zlari yonib, yulduzlarni ko‘zlaganday bo‘lib turadi. Qanot bog‘lab uchadiganday bo‘lib turadi, – deb gapini davom ettirgan edi Abdimalik. – Ko‘pkarinnig asl otlari shunday otlar bo‘ladi. Bunday otlarning shashtiga boshqa otlar bardosh qilolmaydi. Bunday otlarni ko‘rganida boshqa otlar ularga yo‘l bo‘shatib berayotganlarini bilmay qoladi. Bunday otlar ko‘pkarining to‘dasiga qoplon misol o‘rmalab kirib boradi. Ko‘pkarining to‘dasini muzyorar kemaday yorib kirib boradi. Boshiga, sag‘riniga tushayotgan qamchi yomg‘irlariga parvo qilmay ming otlig‘ to‘dani yorib o‘tib, chobag‘onni uloqqa o‘nglaydi. Katta ko‘pkarilarning ulog‘i to‘rt-besh oylik uloq yoki maydaroq echki bo‘lmaydi. Katta ko‘pkarilarning “ulog‘i” ellik-oltmish kilo keladigan sarka bo‘ladi. Yetmish-sakson kilo keladigan qo‘chqor bo‘ladi. Yuz o‘ttiz, yuz ellik kilo keladigan sakkiz-to‘qqiz oylik, hatto bir yashar tana-qoramol bo‘ladi. Chobag‘on shu og‘ir yukni ilib ketishiga ot o‘zining yag‘rini, oyoqlari, yag‘rinlari, yollari va hatto dumlari bilan ko‘maklashadi. Shuncha yuk bilan yana ot to‘dani ikki tomonga ajratib yorib chiqadi. Yorib chiqqanidan so‘ng ko‘z ochib yumguncha o‘zini ta`qib etib boshlagan otlarga chap berib, ularni orqada qoldirib ketadi. Boshqa otlardan qirq-ellik qadamlar o‘zib ketadi. Uloqni halollab ayiradi. Bir ko‘pkarining o‘zida qo‘sha-qo‘sha ho‘kiz, qo‘sha-qo‘sha tuya ayiradi. Hali minilmagan yengil mashina ayiradi. Bunday otlarning dovrug‘i baland bo‘ladi. Xaridori son mingta bo‘ladi. Biroq otni tanigan, o‘zini bilgan odam bunday otni o‘nta mashinaning …yuzta mashinaning, bitta uyning…yuzta uyning puligayam sotmaydi.

Otning sifatini, egasiga sadoqatini, zotiga munosibligini ko‘pkari charxlaydi. Otni ko‘pkari tanitadi. Ko‘pkari qotaytiradi. O‘zining nimalarga qodirligini ot ko‘pkari ko‘rmasdan, ko‘pkariga kirmasdan anglamaydi. Ko‘pkari ko‘rmaguncha ot qo‘rqoqroq bo‘ladi. Hurkak bo‘ladi. Shor bo‘ladi. Yoki yalqov bo‘ladi. Esi to‘lishmagan bo‘ladi. Yegani o‘ziga yuqmaydigan bo‘ladi. Suyaklari mo‘rt bo‘ladi. Terisi qamchining achchiq ta`miga chidamsiz bo‘ladi. Ko‘pkari ko‘rgan ot botir ot bo‘ladi. Esi to‘lishadi. O‘zini yo‘qotib qo‘ymaydi. Aksincha, ko‘pkari qancha katta bo‘lsa shavqi shuncha baland bo‘ladi. Bir marta ko‘pkari ko‘rgan ot, bir marta katta to‘dada uloq ayirgan ot yuz chaqirim naridan ko‘pkarining hidini oladi. Hatto hali boshlanmagan, boshlanishiga ikki-uch kun qolgan ko‘pkarining hidini olib turadi. Shunga qarab o‘zini o‘zi ko‘pkariga tayyorlaydi. O‘zini o‘zi ko‘pkariga shaylaydi.

Ko‘pkari jo‘n tomosha emas. Oddiy sport emas. Ko‘pkari chobag‘onning chobag‘on bilan, otning ot bilan, chobag‘onning ot bilan, otning chobag‘on bilan qirchama-qirch bahsi-bellashuvi.

Ko‘pkariga chopiladigan otning ikki qulog‘i orasidan chobag‘onning yuziga behishtning shamoli esib turarmish.

Ko‘pkari chopadigan yigitning g‘ayrat-shuuri otga sehrli bir qudrat ato etarmish.

                 XXX

Ko‘pgina jonivorlar gala-gala bo‘lib yashaydi. Yoki ularni gala-gala qilib boqishadi. Qo‘yning galasi suruv yoki otar deyiladi. Sigirlarnig va kiyiklarning galasi poda deyiladi. Bo‘rilarning galasini to‘da deb atash rasmga kirgan.

Otlarning galasini esa uyur deydilar.

Boshqa galalardan ko‘ra otlarning galasi-uyurining tabiati boshqacharoq. Tartibli. Intizomli. Suruv yoki podadan farqli o‘laroq uyurni odam kecha-kunduz izidan ergashib boqmaydi. Uyur o‘zini o‘zi boqadi. Uyurdagi eng kuchli ot uyurboshi bo‘ladi. Uyurboshining iznidan chiqqan yo chiqmoqchi bo‘lgan ot albatta, jazolanmay qolmaydi. Uyurboshi shavqatsizroq, berahmroq bo‘ladi.Uyur bir tan-u bir jon bo‘ladi. Uyur begona otni o‘ziga qo‘shib olmaydi. Mabodo qo‘shilib ketsa, darrov haydab yuboradi. Uyur boshqa bir uyur bilan qo‘shilib ketmaydi. Uyurdan biron ot yoki toychoq adashib qolsa, uyurning o‘zi izlashga tushadi. Topmasdan qo‘ymaydi. Yo‘qolib qolgan otni uyur o‘n-o‘n besh kunlab izlaydi. Itdan, yirtqich hayvonlardan ot hurkishi mumkin. Lekin qo‘rqmaydi. Jam bo‘lib bir-birini himoya qiladi. Ko‘rinishi, tarsi-yu zayli uyurboshiga o‘xshab ketgan begona otni uyur ta`qib qiladi. Qasdlashganday bo‘lib izidan quvadi. Jargami, o‘rgami tomon surib mahv etishgacha olib boradi.

Elning og‘zida ustidan yiqilgan odamga eshak tuyog‘ini, ot yolini to‘shaydi degan gap bor. Eshakdan yiqilgan odam shikast topadi. Otdan yiqilgan odamning allag‘aytib bo‘lmasa biron joyi shikastlanmaydi. Ustidan yiqilib tushgan odamni ot allag‘anday bo‘lmasa tashlab ketib qolmaydi. Ot egasini qopqir itlardan, yirtqichlardan himoya qiladi. Egasiga mehribon bo‘ladi. Ot odamni taniydi. Odamning ko‘nglidagi gaplarni uqiy biladi. Egasiga bironta odam noxushroq, nojo‘yaroq muomala qilganini sezsa, quloqlari chimiriladi. Yer tepinadi. Pishqiradi. Asabiy kishnaydi. Begona odamning hovliga nima niyat, nima o‘y bilan kirib kelganiniyam payqaydi. Niyati buzuq odamga ko‘zi tushishi bilan bezovta bo‘lib qozig‘ini aylanaveradi. Yaxshi niyatli kishiga biz tushinmaydigan ajib harakatlar qilib salom berganday bo‘ladi.

Ot qo‘rg‘onni qo‘riqlaydi.

Otning xurragi xosiyatsiz. Otning xurragini eshitgan odam baloga yo‘liqishi mumkin degan gaplar ham bor.

Ot egarga o‘tirgan odamning kimliginiyam darhol payqaydi. Ot o‘zining kayfiyatini egardagi odamning kayfiyatiga qarab o‘nglaydi. Egarga o‘tirgan odam bilan bir vujudga aylanadi. Charchagan yo hafaqon odam mingan otning, ayniqsa keksaygan yo kasalmand odam mingan otning shavqi-yu zavqi birdan so‘nadi. Oyoq olishlari og‘irlashadi. O‘ziyam bir zumda keksayganga yo kasalmandga, yo toliqqanga o‘xshab qoladi. Egariga xushchaqchaq, serg‘ayrat odam minishi bilan deyarli har qanday ot boshini balandga ko‘taradi. Dirkillab yo‘rg‘alayveradi. Suvliqlarini chaynab o‘ynoqlayveradi. Jilovi bo‘shashi bilan ko‘kragiga urilgan havoni qilichday vizillatib kesib chopadi.

Chopayotgan otnnig eng xavfli dushmani kalamush va yumronqoziqning inlari. Inga qoqilib oyog‘i sinishi mumkin.

Abdimalik birodarim o‘sha gurungida menga yana aytganki, “ot g‘irrom, baxil, sotqin, landavur, ishyoqmas odamni xushlamaydi. G‘irrom va baxil mingan ot tez charchaydi, tez qariydi” degan. “Jahli tez, jizzaki, mayda gap, yolg‘onchi odamlar boqqan otlarning albatta, tepag‘on va odamni tishlagich bo‘lishini” ham aytgan.

Ot g‘usul qilmagan va aroq ichgan odamdan o‘zini olib qochadi. Unga o‘ng‘ayini bermaydi.

Ko‘p joylarda qassoblar ot so‘ymaydi. Irim bilishadi. Bo‘g‘ziga tig‘ tortganda otning dahshatli kishnashi qassobning tushiga kirarmish. Seskanib uyg‘onib ketarmish. Uyqusidan adasharmish. Qassob shundan qo‘rqarmish.

Bir marta Ro‘zi degan qassob oshnamning lablariga uchuq , yuz-ko‘zlariga yara-chaqa toshganini ko‘rganman. Ot so‘ygan edim. Bekor qilgan ekanman degan rahmatli.

Ayrim joylarda irim bilib tim qora otniyam minishmasakan.

O‘zbek xalq ertaklarida va dostonlarida ko‘k (Go‘ro‘g‘lining oti), chibor (Alpomishning boychibori), saman (Rayhon arabning otimidi), tarlon, to‘riq otlar ko‘proq tilga olinishi ham ehtimol shu irimning ta`siridandir.

To‘rt halifaning biri bo‘lmish Hazrat Ali r.a. kokillari peshonasidagi qashqasiga taram-taram tushib turgan, oyoqlarining uchidayam oppoq-oppoq belgisi bo‘lgan qora ot mingan deyishadi.

“Alpomish” dostonidagi Ko‘kaldosh alpningmi yo Ko‘kaman alpningmi mingan oti yanglishmasam qora ot bo‘lgan.

Tushlariga qora ot kirganlar chiltonlarning haqiga bitta qo‘y yoki yetti tanga sadaqa chiqarishadi deb ham eshitganman.

             XXX

Bir tanishimning yettinchi sinfda o‘qiydigan shaddod-sho‘tanoq, qo‘liga kitob olishi bilan uxlab qoladigan, yo boshiga og‘riq kiradigan nevarasi otasiga ot olib bersangiz, yaxshi o‘qiyman, deb shart qo‘yipti. Mashina ob bermaymi depti ota o‘g‘liga. Yo‘q. Aytayapman-ku, ot ob bering depti o‘g‘il.

Ota o‘g‘liga ot ob beripti. Telefonga termilishga, telefonini boshiga qo‘yib yotishga o‘rgangan bola bu odatini tark qilib, otiga ovunipti. Yaxshi o‘qib boshlapti.

Oqil bola bo‘lipti. Fozil odam bo‘lipti. Murodiga yetipti.

Har kim murodiga yetsin. Murodi hosil bo‘lsin. Har kimni ezgu murod-maqsadlariga yetkazsin.

Olimjon Usanov