SITRUS O‘SIMLIKLARNING XAVFLI KUSHANDASI BO‘LGAN SITRUS INLI KUYASI

Sitrus o‘simliklarning xavfli kushandasi bo‘lgan Sitrus inli kuyasi – fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqalardagi issiqxonalarda limon, mandarin, apelsin hamda shu kabi sitrus o‘simliklari hosiliga katta zarar yetkazishi mumkin.

Sitrus inli kuyasi oligofag hasharot bo‘lib, ayniqsa, limon o‘simligining xavfli kushandasi hisoblanadi. Shu bilan bir qatorda, zararkunandaning mandarin va greypfrut o‘simligida ham rivojlanishi aniqlangan. Sitrus inli kuyasining rivojlanishida ob-havoning ahamiyati juda katta o‘rin tutadi.  Izlanishlar va ayrim tadqiqotlarga ko‘ra sitrus g‘ovaklovchi kuya bilan zararlangan 1 gektar maydonda yetishtirilgan o‘simliklarning 55-70 foiz  hosilning kuchli zararlanishi aniqlangan. Asosan sitrus g‘ovaklovchi kuyaning lichinkasi o‘simliklarga zarar keltiradi. U asosan sitrus o‘simliklarining yosh bargining yuza qismidan teshib ichki epidermis qismini yemiradi. Bu hasharot plantatsiyalarda, pitomniklarda sitrus ekinlarining yosh ko‘chatlarini zararlaydi.

Bioekologiyasi: Sitrus inli kuyasi qaysi fazada qishlashi aniq o‘rganilmagan. Ko‘pincha boshqa kuyalarga o‘xshab g‘umbak shaklida qishlashi gumon qilinadi. Bir mavsumda 6 ta avlod beradi. Ba’zi mintaqalarda bahorgi avlodlari yo‘q va bu payt faqat kapalaklari faol bo‘ladi. Ba’zan lichinkalar tez rivojlanadi va 11-12 kundan so‘ng g‘umbakka aylanadi. Yaponiyada tuxum va g‘umbak rivojlanishi uchun har biriga 9 kundan, qurti uchun esa 20 kuncha ketadi. O‘rtacha har bir yozgi avlod rivojlanishi uchun 6 hafta ketadi. Kapalaklari yorug‘liksevar, ularning otalanish davri juda qisqa. Otalangandan keyin 6 kun o‘tgach, urg‘ochi kapalak sitrus  daraxtlarining  novdalaridagi  kurtaklariga  yoki yosh barglarning ustki tarafidagi markaziy tomirchasiga tuxum qo‘yadi. Tuxumni ko‘pincha kurtaklariga ertalab (asosan soat 7 bilan 10 orasida) qo‘yadi. Tuxumlari mayda va tiniq, ularni oddiy ko‘z bilan ko‘rish juda qiyin. Tuxumdan chiqqan lichinkalar bargni kemirib, uning ichiga kiradi, so‘ngra u yerda yashirin holda, parenxima to‘qimalarini kemirib yashaydi va tullaydi. Qurtlar barg ichida tiniq yo‘llar paydo qiladi, barglar qovjirab, qurib qoladi. Qurtlar barg ichida kemirib ketishi vaqtida ularning oldiga to‘siq (barg tomirchalari) chiqsa, ular yo‘nalishini boshqa tomonga o‘zgartiradi.

Kurash  tadbirlari: Mazkur zararkunandaga qarshi kurashda hasharot tarqalgan ko‘chatlar, shoxlar, o‘simlik qismlarini kesib yoqib yuborish lozim. Bundan tashqari, e`tiborsizlik bilan zararlangan o‘simlik qoldiqlarini zararlanmagan maydonlarga o‘tib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Bunday mexanik tadbirlar zararkunanda tarqalishining oldini olishda muhim rol tutadi. Qolaversa, biologik qarshi kurashda enkardiya, oltinko‘z, trixogramma kabi foydali hasharotlardan, ya`ni entomofaglardan foydalanish ham har jihatdan foydali.

Agrotexnik  kurash  choralari:   Issiqxonalarda  ekin yetishtirishdagi asosiy tadbir agrotexnika hisoblanadi. Mazkur tadbir o‘simliklarning rivojlanishiga yaxshi sharoit yaratadi, bu esa o‘z navbatida zararli organizmlarga chidamligini va o‘simlikni himoya qilish samaradorligini oshiradi. O‘simliklarning  zararkunandalarga  chidamlilik xususiyatlarini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlarida chidamlilik bir qator omillarga bog‘liqligi ko‘rsatilgan. Bularga zararkunandaning oziqlanish obyektlari, navning xususiyatlari, morfologik, anatomik, ko‘rsatkichlari,  agrotexnik,  iqlim,  harorat  sharoitlari kirib,  ular  zararkunandalarni  jalb  etish  darajasini belgilaydi. Sitrus  g‘ovaklovchi  kuyaning ko‘payish manbai asosan issiqxona(parnik) xo‘jaliklari hisoblanadi, shu bois bu zararkunandalarga qarshi kurashni eng avval issiqxona xo‘jaliklarida kurashish choralarini yaxshi yo‘lga qo‘yish zarur. Issiqxona va ochiq maydonlarda sitrus ko‘chatlarni ekishda ko‘chatlar orasida havo oqimini ta`minlab, ularning siyrakligiga e`tibor berilsa hasharotlarning tarqalishining oldi olinadi.

Biologik kurash choralari: sitrus g‘ovaklovchi kuyaning tuxumini yo‘qotish maqsadida ularniig ko‘payadigan asosiy manbalarida trixogramma tarqatiladi, bunda har bir gektar hisobiga 50-60 ming donadan trixogramma 5-7 kun oralatib, 3 marta tarqatiladi. Sitrus g‘ovaklovchi kuyaga qarshi kurash olib borishda ko‘p jihatdan tuxumxo‘rni necha marta tarqatish va qo‘llash normasiga bog‘liqdir. Trixogramma bir va ikki marta qo‘llanganda samaradorligi atigi 5-10 kungacha davom etadi, keyin esa keskin pasayadi. Gektariga 60+80+60 ming hisobida uch marta tarqatilganda juda uzoq vaqt davomida ancha yaxshi samaraga erishiladi. Sitrus g‘ovaklovchi kuyaga qarshi trixogramma ishlatishdan eng yaxshi natija olish uchun tuxumxo‘rning dastlabki chiqarilishi zararkunanda tuxum qo‘yishi boshlanishiga to‘g‘ri kelishi kerak. Shu bilan birga zararkunandaning bir avlod berish davri davomida trixogramma ikki-uch marta rivojlanishi mumkin. Trixogrammaning dastlabki qo‘llangan va undan keyingi chiqariladigan avlodlari zararkunandaning ommaviy tuxum qo‘yish davrida va kechroq fursatda tuxumlarni zararlashga qaratiladi. Trixogrammani qo‘llashdan keladigan samara ko‘p jihatdan tarqatiladigan foydani hasharotning sifatiga hamda tuxumxo‘rning ishlanadigan maydon bo‘yicha  bir tekis  taqsimlanishiga  bog‘liqdir. Sitrus maydonlarida sitrus g‘ovaklovchi kuya tuxumlarini yo‘qotishda trixogrammani gektariga 1,75 g hisobida uch karra chiqarish, ya`ni zararkunanda tuxum qo‘ya boshlaganda gektariga 0,5 grammdan, ikkinchi marta birinchisidan uch-besh kun oralatib gektariga 0,75 grammdan va uchinchi martasida ikkinchi chiqarishdan keyin uch-besh kun o‘tgach gektariga 0,5 grammdan tarqatishni tavsiya etiladi.

Karantin tadbirlar: Sitrus inli kuyasi tarqalgan mamlakatlardan o‘simlik mahsulotini olib kelish o‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi lozim. Keltirilgan har qanday o‘simlik mahsuloti karantin ekspertiza tekshiruvidan o‘tgandan keyin, tekshiruv natijasiga asoslanib foydalanilishi mumkin. Respublikada sitrus g‘ovaklovchi kuya tarqalgan hududlardan mevalarni, zararlangan ko‘chat va o‘simlik qismlarini toza hududlarga yuborish ta’qiqlanadi.

Qumqo‘rg‘on tumani  O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘limi inspektorlari