E-AUKSIONDA RO‘YXATDAN O‘TISH VA      AUKSIONDA QATNASHISH

Onlayn savdolarda ishtirok etish uchun dastlab “e-auksion.uz” saytiga kirish talab etiladi. Portalning bosh sahifasidagi “Ro‘yxatdan o‘tish” tugmasi bosiladi.

Mazkur bo‘limda login sifatida telefon raqami yoki elektron pochta manzili, shuningdek shaxsiy kabinetning paroli kiritiladi. Maxfiylik siyosati bilan tanishgach “Tasdiqlash” tugmasi bosiladi.

Shaxsiy kabinetni faollashtirish uchun telefon raqam yoki e-mail manziliga tasdiqlash kodi yuboriladi. Tasdiqlash kodi kiritilgach, tizimga kirish sahifasiga ochiladi. Login va parol kiritilganidan keyin shaxsiy kabinetning bosh sahifasida ma`lumotlarni to‘ldirish oynasiga o‘tiladi. Jismoniy va yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish talab etiladi. Jismoniy shaxs va Yakka tartibdagi tadbirkor kabineti jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami, yuridik shaxs kabineti esa yuridik shaxsning soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami bog‘langan holda ochiladi. Ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchi shaxsiy ma’lumotlarini kiritishi hamda “Ofertani imzolash” tugmasini bosish orqali profilni tasdiqlashi zarur. Savdoda qatnashish uchun shaxsiy hisobni elektron to‘lov tizimlari orqali yoki bank kassalarida to‘ldirish imkoniyati mavjud. (“Hisobni to‘ldirish” tugmasi ko‘rsatiladi).

Mulk uchun ariza berishda “Lotlar” sahifasidagi mulk toifasiga ko‘ra istalgan lot tanlanadi. Mulk narxi, auksion sanasi, lot va unga tegishli bo‘lgan hujjatlar, mulk joylashgan manzil bilan tanishilgach, “Ariza berish” tugmasi bosiladi. Eslatma: faqat e-auksion.uz platformasidagi savdolarda ishtirok etish uchun Elektron raqamli imzo kaliti bepul tarzda masofadan taqdim etiladi.Shaffof savdolarni istalgan internet foydalanuvchisi e-auksion.uz portaliga tashrif buyurgan holda ro‘yxatdan o‘tmasdan kuzatib borishi mumkin.

“e-auksion.uz” portalida ikki turdagi kim oshdi savdolari o‘tkaziladi. Bular onlayn auksion va elektron tanlov.

Lotga ariza berish jarayonida ishtirokchi auksion qadamiga bog‘liq bo‘lmagan narx berishi mumkin. (Boshlang‘ich narx 100 ming so‘m bo‘lsa, ishtirokchi 1 mln so‘m narx kiritgan jarayon ko‘rsatiladi).

Bunda taklif etilayotgan narxga nisbatan belgilangan miqdorda zakalat pulini kiritish talab etiladi.

Lot uchun ikki yoki undan ortiq ariza kelib tushgan holda shaxsiy kabinetdagi “Savdoda qatnashish arizalari” sahifasida ariza berilgan lot ko‘rinadi. Savdoda qatnashish uchun “Ishtirok etish” tugmasi bosiladi.

Tizim tomonidan taklif etilgan narx ishtirokchiga ma`qul kelsa, “Taklifni tasdiqlash” tugmasi bosiladi. Taklif tasdiqlanganidan so‘ng, boshqa ishtirokchilarga taklifni tasdiqlash uchun vaqt beriladi. Berilgan vaqtning teskari hisobi auksion oynasida ko‘rinib turadi.

Elektron tanlovda talabgor ariza berish jarayonida kiritilgan ma`lumotlari asosida tizim tomonidan baholanadi.

Auksion yakunlanishi vaqt bilan chegaralanmaydi, savdo eng yuqori narx taklifi tasdiqlanguniga qadar davom etadi. Tanlovda esa eng ko‘p ball to‘plagan talabgor g‘olib deb e’lon qilinadi. Savdo yakunlanganidan so‘ng, g‘olib nomi e`lon qilinadi.

G‘olib mulk uchun to‘lovni belgilangan muddatda to‘liq amalga oshirgach, uning nomiga QR-kod bilan himoyalangan elektron bayonnoma rasmiylashtiriladi. Bayonnomani buyurtmachi va g‘olibning shaxsiy kabineti (yoki tegishli axborot tizimi)ga yuboriladi va mazkur bayonnomani yuklab olish imkoniyati yaratiladi.

G‘olib mulkni olishni rad etsa 1 qadam past narx tasdiqlagan salohiyatli g‘olibga sotib olish taklifi yuboriladi.

Savdo ishtirokchilari manfaatlarini himoya qilish maqsadida:

– G‘olibning mulk uchun to‘lagan pul mablag‘i sotuvchiga mulk xaridorga topshirilgandan so‘ng o‘tkazilishi tartibi joriy etildi;

– Savdolar jarayonida narx manipulyasiyasining oldini olish uchun mulkni olishdan bosh tortgan nohalol ishtirokchilarga chora ko‘riladi;

Savdoda mag‘lub bo‘lgan ishtirokchining zakalat puli to‘liq qaytariladi. Mablag‘ni qaytarish uchun Pul qaytarish tugmasi bosiladi va jismoniy shaxslar o‘ziga tegishli plastik kartaga, yuridik shaxs esa yuridik shaxs hisobraqamiga mablag‘ni qaytarishi mumkin.

Qulay “E-auksion” platformasida savdolarda ishtirok eting!

                                   L. G‘oibov,

 AJ Surxondaryo viloyat vakili