MIZOJ

(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda).

OVQATLANISH VA ICHIMLIK ISTE`MOLI ME`YORI

Me’yorida yeb-ichishning ahamiyati katta bo‘lib, kasallikni davolashda va uning oldini olishda juda muhim. Ovqat  hazm  qilish  tizimida  kechadigan  jarayonlar  juda  murakkab.  Bir  vaqtning  o‘zida  o‘rtacha ikki  mingtagacha  reaksiya  sodir  bo‘ladi  (parchalanish, oksidlanish-qaytarilish). Bu jarayon, ayniqsa, oshqozonda  yaqqol  namoyon  bo‘ladi.  Chaynalgan  ovqat og‘iz bo‘shlig‘ida hazm bo‘lishni boshlaydi, oshqozonga tushgandan keyin esa ovqat fermentlar va oshqozon suyuqligi ta’sirida kuchli parchalanish boshlanadi. Bu jarayonda faqat oshqozon emas, butun tana ishtirok etadi. Tanamizdagi hujayralar o‘zida yetishmayotgan ozuqalar to‘g‘risida bosh miyaga xabar beradi. Bosh miya esa butun tanadagi yetishmayotgan ozuqalar haqidagi xabarni  sintez  qilib,  oshqozonga  buyurtma  beradi. Oshqozon shu buyurtma asosida o‘ziga tushgan taomlarni parchalab boshlaydi. Hazm jarayonida yurak qon-tomir, jigar, qora taloq, oshqozon osti bezi va ichki sekretsiya bezlari faol ishtirok etadi. Oshqozon va ichaklarda kuchli reaksiya kechar ekan, har xil chiqindilar paydo bo‘ladi. Oshqozon-ichaklar yumshoq to‘qimadan tuzilgan, shuning uchun o‘zining suyuqligi va fermentlari o‘zini hazm qilib yuborishi mumkin. Buning uchun oshqozon-ichak tizimida ichki shilliq qavatida kuchli himoya (bufer) mavjud. Bu himoya shilliqdan tuzilgan bo‘lib, vaqti-vaqti bilan yangilanib turadi. Oshqozon-ichak shilliq qavatini yuvish uchun bir kunda o‘rtacha 20–25 litr suyuqlik ajralib, qayta so‘riladi. Oshqozonda kislotali muhit mavjud. Aynan u ovqat bilan birga tashqaridan kirayotgan har xil zararli moddalar – mikroblar, qurtlar, zaharli moddalar va hokazolardan himoya qiladi. Oshqozonga tushgan ovqat hazm bo‘lguncha o‘rtacha  4–12  soat turadi,  keyin  o‘n  ikki  barmoqli ichakka haydaladi. Oshqozonda, asosan, oqsil va uglevodlar parchalanadi. O‘n ikki barmoqli ichakda o‘tdan oqadigan suyuqlik hisobiga ishqorli muhit hukmron bo‘lib, bir kunda o‘rtacha 2 litrgacha o‘t suyuqligi ajraladi. U ko‘proq yog‘larni parchalaydi. Ichaklarni g‘aliz moddalardan tozalab, hojat hissini yuzaga keltiradi va ichak perestaltikasida (ichakning to‘lqinsimon harakati)  faol  ishtirok  etadi.  Odamda  ichakning o‘rtacha uzunligi 5–7 metr bo‘lib, oshqozon-ichak tizimida o‘ziga xos mikroflora mavjud. Taxminan, ularning miqdori 2–3 kg yoki milliardlab adadda bo‘ladi. Bu  mikroblar  inson  tanasiga  foyda-zararligi jihatdan uchga bo‘linadi:

Inson uchun foydali mikroblar. Ular inson bilan hamkorlikda ishlaydigan mikroblar bo‘lib, oshqozon-ichak tizimidagi hazm jarayonida faol ishtirok etadi, ba’zi moddalarni ishlab chiqaradi (ba’zi vitaminlar va aminokislotalar) va himoya tizimida qatnashadi (zararli mikroblarni yo‘q qiladi). Inson uchun foydasi ham, ziyoni ham yo‘q mikroblar.

Zararli  mikroblar.  Ularning  adadi  juda  kam miqdorda bo‘lib, insonning himoya va immun tizimi buzilganda bosh ko‘taradi va har xil kasalliklar keltirib chiqaradi. Oshqozon-ichak  tizimidagi  bu  jarayonlarning  me’yorida  kechishi  uchun  to‘g‘ri  ovqatlanish muhim  ahamiyatga  ega.  Inson  o‘zining  mizoji  va oshqozonining mizojiga qarab to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil qilishi kerak. Inson ovqatining asosiy qismi sabzavot va mevalar bo‘lib qolishi durust emas. Chunki bu narsalar balg‘amni ko‘paytirib, hazm jarayoniga og‘irlik qiladi. Shuning uchun ovqat go‘shtli taomlar, bug‘doy mahsulotlari va shirinliklardan iborat bo‘lishi lozim. Mevalardan ovqat uchun ko‘proq mos keladigani anjir, yaxshi pishgan uzum, xurmo, o‘rik va qovun. Ovqatni ishtaha bilan yemoq lozim. Ishtaha bo‘la turib och yurish oshqozonni yomon xiltlar bilan to‘ldiradi. Qishda issiq, yozda iliq ovqat yeyish lozim. Tanaga eng zararli narsalardan biri me’dada ovqat yetilmasdan va hazm bo‘lmasdan turib yana ovqatlanishdir. Me’da buzilishidan, xususan, yomon ovqatlardan bo‘ladigan zararliroq narsa yo‘qdir. Chunki u g‘aliz-og‘ir ovqatlardan paydo bo‘lgan vaqtda quyidagi kasalliklar yuzaga chiqishi mumkin:

bo‘g‘in og‘rig‘i, buyrak kasalligi, taloq va jigarning qattiqlashishi va tiqilmalarini, shuningdek, balg‘am va savdodan kelib chiqadigan kasalliklarni tug‘diradi. Agar u yengil ovqatlardan paydo bo‘lsa, o‘tkir isitma va shishlarni yuzaga chiqaradi. Qishda sabzavot kabi g‘izoligi oz narsalarni yemaslik, balki kuchli ovqat bo‘ladigan donlardan – bug‘doy, arpa, guruch, bodom va zich (go‘shtli) mahsulotlar yeyish lozim, yozda bu taomlarning aksini iste’mol qilish kerak. Ovqatlarning eng yomoni, me’daga og‘irlik qilganidir. Agar inson to‘yib ovqatlangan bo‘lsa, ertasiga och bo‘lmog‘i va sekin-sekin ko‘p yurmog‘i (o‘rtacha 10 km) tavsiya qilinadi.

OVQATNING MIQDORI

Ovqatlanish miqdori insonning odat va quvvatiga bog‘liq. Taom miqdori quvvatli kishilar yeganda qorin sohasida og‘irlik bo‘lmasligi kerak;

qorin ko‘pchimaydigan va quldiramaydigan bo‘lishi kerak;

qovurg‘a boshlari cho‘zilmasligi kerak. Ko‘ngil aynimasligi kerak;

bir muddatdan keyin kekirganda ovqatning mazasi kelmasligi kerak;

uyqusizlik keltirib chiqarmasligi kerak. Ovqatning mo‘’tadil darajada yeyilganiga nafas olish o‘zgarmasligi va tomir urishining kattalashmasligi dalil bo‘ladi. Ovqatlanishda ovqat miqdoriga rioya qilmoq kerak. Agar bir kunda 2–3 marta ovqat yeydigan kishi bir marta ovqat yesa, o‘zi zaif, quvvatlari yanada kuchsiz bo‘lib qoladi. Shuning uchun bunday kishilar kuniga uch marta ovqatlanib, ovqat miqdorini sekinlik bilan ozaytirmog‘i  lozim.  Yuqorida  aytib  o‘tganimizdek, mizoj buzilishining o‘n olti xil turidan sakkiz xili moddali, ya’ni xilt o‘zgarishi bilan sodir bo‘ladi. Xilt ho‘l oquvchan moddadir, yegan ovqatlarimiz, ichgan suyuqliklarimiz xiltlarga aylanadi. Bu xiltlar tanamizda  kechadigan  hamma  jarayonlarda  ishtirok etib, himoya tizimini hosil qiladi va hamma a’zoyu hujayralarni oziqlantiradi. Bu xiltlar birlamchi va ikkilamchi bo‘ladi.

Birlamchi xilt.

Homilaga onasidan mukammal dastur asosida o‘tadi. Masalan, sochning rangi, tananing tuzilishi, a’zolar, qo‘l va oyoqlar, mizojning qanday bo‘lishi va ruhiy holatlar hamda fe’l-atvor.

Ikkilamchi xilt.

Bu xiltning o‘zi ikki xil bo‘ladi. Birinchisi, zaruriy xiltlar. Ular a’zolar va hujayralarga joylashib-kirishib ketgan bo‘ladi. Ikkinchisi, ortiqcha xiltlar. Bu xiltlar ham o‘z navbatida to‘rtga bo‘linadi:

qon  xilti.  Mizoji  issiq-ho‘l  bo‘lib,  rangi qizil-shirin  bo‘ladi.  Bu  xilt  butun  hujayralarni oziqlantirib, himoya tizimida asosiy rol o‘ynaydi;

balg‘am xilti. Mizoji ho‘l-sovuq bo‘lib, qon xilti bilan doim birga bo‘ladi va qon xilti yetishmaganda tananing tabiiy issiqligi bilan tez qon xiltiga aylanadi. Balg‘am mizojli a’zo miyani oziqlantiradi, shuningdek, o‘tar yo‘llari, bo‘g‘inlar, qon tomirlarini yog‘lab, ho‘llab turadi;

– safro xilti. Mizoji issiq-quruq, rangi o‘tkir qizg‘ish bo‘lib, ikki xil safroga aylanadi: a)  qonga  qo‘shiluvchi  safro.  Bu  safro  o‘pkani oziqlantiradi, qonni suyultirib, uni tor va qisqa yo‘llardan o‘tkazadi. Hujayralarning ko‘zini ochib, tanani ortiqcha chiqindilardan tozalaydi; b)  o‘t  qopiga  boruvchi  safro.  Bu  safro  o‘t  qopini oziqlantiradi,  ichakni  g‘aliz  va  yopishqoq  moddalardan tozalaydi, hojat hissini yuzaga chiqarib, ichakning to‘lqinsimon harakati – perestaltikada ishtirok etadi hamda ortiqcha va zararli chiqindilardan tozalaydi;

– savdo xilti. Mizoji sovuq-quruq bo‘lib, rangi qora qonning cho‘kmasidir. Bu ham ikkiga bo‘linadi: a) qonga qo‘shiluvchi. Bu xilt suyaklarni oziqlantiradi, qonni  pishiq  qilib,  tarqab  ketishidan  saqlaydi. Qonning ivuvchanligida faol ishtirok etadi; b)  taloqqa  boruvchi  savdo.  Bu  xilt  taloqni oziqlantirib,  oshqozon  og‘zini  pishiq  qilib, ishtahani  qo‘zg‘aydi,  tanani  ortiqcha  va  zararli chiqindilardan tozalaydi. Bu ikkilamchi to‘rtta xilt tanada mukammal dastur asosida faoliyat yuritib, doimo bittasi g‘olib bo‘ladi va qolgan 3 ta xilt unga bo‘ysinadi. Bu xiltlar inson fe’l-atvorining shakllanishi va o‘zgarishiga ham kuchli ta’sir o‘tkazadi. Yevropa meditsinasi shu xiltlarning ta’siridan kelib chiqib, inson fe’l-atvorini 4 guruhga bo‘lgan. Sangvinik – qon xiltining ustunligi. Xolerik – safro xiltining ustunligi. Flegmatik – balg‘am xiltining ustunligi. Melanxolik – savdo xiltining ustunligi. Bu xiltlar tanada ma’lum garmoniya va aniq o‘lchovlar bilan harakat qiladi. Ana shu aniq o‘lchovlar o‘zgarishi natijasida xiltlar mutanosibligi buziladi va har xil kasalliklar kelib chiqadi. Bu xiltlarning shu mutanosibligini saqlash yoki buzilgan xiltni tezda o‘z holatiga qaytarish inson salomatligining garovidir.

                                                           Abdurashid Safarov,

                                 Toshkent davlat tibbiyot akademiyasi

                                                                       (Davomi bor.)